Oʻzbekiston qirgʻizlarni ajoyib kambek bilan dogʻda qoldirdi
Safarda ikkinchi oʻyinini oʻtkazgan milliy terma jamoamiz irodali oʻyin namoyish qildi.
Bugun JCh-2026 Osiyo saralashi 3-bosqichi 2-turida Oʻzbekiston milliy terma jamoasi Qirgʻiziston ustidan safarda irodali gʻalaba qozondi.
Oʻyinda hisobni 15-daqiqada mezbonlar ochganiga qaramay, oradan 2 daqiqa oʻtar-oʻtmas, Shomurodov hisobni tenglashtirdi. 35-daqiqada qirgʻizlar yana oldinga chiqib olgandi, boʻlim yakunida Aliqulov hisobni 2:2 qildi.
Ikkinchi boʻlimda jamoalar biroz ehtiyotkor harakatlangan boʻlsa-da, Oʻzbekiston MTJ hujumlarini tindirmadi. Shunday hujumlardan biri ajoyib kombinatsiya bilan golga aylandi.
72-daqiqada Eldor Shomurodov oʻng qanondan yorib kirib, ortida turgan Oʻrunovni koʻra oldi va pas uzatdi. Oston esa jarima maydoni ichida oldidan chiqqan bir necha himoyachini aldab, oʻtkir burchakdan raqib darvozasini nishonga oldi.
A guruhining boshqa oʻyinida KXDR va Qatar maydonga tushdi. Oʻyinda jangovar durang qayd etildi – 2:2. Hozircha guruhda Oʻzbekiston 6 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda.
JCh-2026, Osiyo saralashi, 3-bosqich, A guruhi, 2-tur
Qirgʻiziston - Oʻzbekiston 2:3
Gollar: Kojo 15, Abdurahmonov 35 - Shomurodov 17, Aliqulov 45, Oʻrunov 72