Gʻazo janubidagi tinch aholi chodiriga zarba berildi: 40 kishi halok boʻlgan
Isroil tomoni hujum HAMAS jangchilariga qaratilganini iddao qildi, lekin guruh bu bayonotni rad etib, uni "jirkanch yolgʻon" deb atadi.

Isroilning Gʻazo sektori janubiga koʻchirilgan falastinliklar chodir lageriga uyushtirgan zarbasi oqibatida 40 kishi halok boʻldi, 60 kishi yaralandi, deb xabar bermoqda Falastin OAVlari.
Ularga koʻra, gumanitar hudud deb eʼlon qilingan Al-Mavasi hududi, Xon Yunusdagi chodir lageriga kamida toʻrtta raketa otilgan.
Gʻazo fuqarolik favqulodda vaziyatlar boshqarmasi raketalar kamida 20 chodirga otilgani va chuqurligi 9 metrgacha boʻlgan kraterlar paydo boʻlganini aytdi.
Gʻazo fuqarolik mudofaasi voizi Mahmud Bassalning aytishicha, hududda yashovchi falastinliklar zarba haqida oldindan ogohlantirilmagan. Uning qayd etishicha, hujumlar natijasida butun oilalar qum togʻlari ostida koʻmilgan.
Qayd etilishicha, qurbonlar, jumladan ayollar va bolalarning aniq soni hozircha nomaʼlum.
Ayni paytda, Isroil mudofaa kuchlari, Xon Yunus gumanitar zonasida joylashgan qoʻmondonlik va nazorat markazidan faoliyat olib borayotgani taxmin qilingan HAMASning koʻp sonli jangarilariga zarba berganini maʼlum qildi.
"Tinch aholiga zarar yetkazish xavfini kamaytirish uchun zarbadan oldin koʻplab choralar koʻrildi, jumladan, aniq boshqariladigan oʻq-dorilar, havodan kuzatuv va qoʻshimcha aktivlardan foydalanish", - deyiladi harbiylar telegrammasida.
Ayni paytda, HAMAS harakati oʻz jangchilari Xon Yunus yaqinidagi Al-Mavasi gumanitar zonasida boʻlmaganini daʼvo qilmoqda.
"Bu jirkanch jinoyatlarni oqlashga qaratilgan ochiq yolgʻon. Qarshilik oʻz aʼzolaridan birortasi fuqarolar yigʻinlari orasida boʻlganini yoki bu joylardan harbiy maqsadlarda foydalanayotganini bir necha bor rad etgan", - deyiladi HAMAS bayonotida.