Raqobat qoʻmitasi "Ermak" savdo belgisi boʻyicha soʻrovni rad etdi
Ushbu savdo belgisi taʼsischisi Organic mahsuloti ustidan shikoyat qilgan.

Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi "Ermak" savdo belgisi taʼsischisi boʻlgan MChJ soʻrovini rad etdi.
Maʼlum boʻlishicha, daʼvogar "Zafarxon" MChJ "New Organic Natural" MChJ tomonidan Organic koʻrinishida foydalanayotgan tovar belgilarining tashqi koʻrinishlari, tovar belgilarining tovardagi joylashgan joylari shuningdek jamlama koʻrinishlari va belgilari isteʼmolchilarni adashtirib yuborish darajasida oʻxshashligi natijasida jamiyatning ushbu tovar belgisiga boʻlgan huquqlari buzilayotganligi sababli chora koʻrishni soʻrab ariza yozgan.
Adliya vazirligining 2024 yil avgustdagi xulosasiga koʻra,tovar belgilarida oʻxshashlik yoʻq va huquqlar buzilmagan. Shu bilan birga Intellektual mulk agentligi tomonidan "Ermak" jamlama belgili mahsulotlar qadogʻlaridagi tasvirlarni, yaʼni yongʻoq, pista hamda qayta ishlangan kungaboqar (semechki) urugʻlarini tovar belgisiga himoya qilinmaydigan qism sifatida roʻyxatga kiritilganligi aniqlandi.
Shuningdek, "Ermak" va Organic soʻzlari fonetik va maʼno jihatdan ham oʻxshash emasligi xulosa qilindi.
Shu va boshqa omillarni hisobga olgan holda Raqobat qoʻmitasi "New Organic Natural" MChJni insofsiz raqobatni amalga oshirgan deya topmadi. Yakuniy ajrimga koʻra, ushbu MChJga qarshi ish qoʻzgʻatish rad etildi.




