2035 yilgacha avtomobilsozlikni toʻliq elektromobil ishlab chiqarishga ixtisoslashtirish ilgari suriladi
Ekologik partiya 2030 yilga qadar issiqxona gazlari emissiyasini 65 foizga qisqartirish tashabbusini ilgari surdi.

Ekologik partiya 2035 yilgacha mahalliy avtosanoatni elektromobil ishlab chiqarishga ixtisoslashtirish tashabbusini ilari suradi. Toshkent shahrida Oʻzbekiston Ekologik partiyasining V Forumi boʻlib oʻtdi.
Unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan saylangan delegatlar, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolari, partiyaning Markaziy Kengashi aʼzolari, davlat va jamoat, nodavlat tashkilotlar vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Forumda Oʻzbekiston Ekologik partiyasining 2020-2024 yillar davridagi faoliyati, partiyaning Saylovoldi dasturi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar koʻrsatish haqidagi masalalar koʻrib chiqildi.

Partiya Markaziy Kengashi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi partiya tashkiloti va har bir viloyat kengashlarida "ishonch telefoni" ishga tushirilib, fuqarolarning murojaatlarini qabul qilishning yaxlit tizimi yaratildi. Buning natijasida 2020-2024 yillarda partiyaga kelib tushgan ekologik masalalarga oid 5 436 ta murojaatning 2 692 tasi ijobiy hal etildi, qolganlari ijro yuzasidan tegishli instansiyalarga yuborildi.
Partiya faollari ishtirokida Orol dengizining qurigan tubida "yashil qoplamalar" himoya oʻrmonzorlari barpo etish loyihasi va xaritasi ishlab chiqildi. Partiya tashabbusi bilan 2021 yilda "Orolga madad", 2022 yilda "Orolga nigoh", 2023 yilda "Yashil taraqqiyot uchun birlashaylik" loyihalari amalga oshirilib, Moʻynoq tumani Orolboʻyi hududi hamda Xorazm viloyatining Qizilqum choʻli hududida hashar yoʻli bilan 25 ming dona koʻchat, 10 tonnadan ortiq saksovul urugʻlari va 10 ming tupdan ziyod saksovul koʻchatlari ekildi, 2 yil davomida 7 ta "Doʻstlik ekobogʻ"lari barpo etildi.
Forumda Oʻzbekiston Ekologik partiyasining Saylovoldi dasturi muhokama qilindi.
Partiyaning boʻlajak saylov uchun ishlab chiqqan platformasidan mamlakatning barqaror rivojlanishiga, ekologik xavfsizligiga erishish, hozirgi va kelajak avlod uchun qulay atrof-muhitini yaratish hamda tabiiy resurslarni saqlashga yoʻnaltirilgan davlat siyosatini roʻyobga chiqarishga oid muhim tashabbus va takliflar oʻrin olgan.

Mafkurasi ekologizm boʻlgan partiya siyosiy maydonda oʻzining "soʻl" pozitsiyasini qatʼiylik bilan davom ettirgan holda yangi Saylovoldi dasturida mamlakatning barqaror rivojlanishi yoʻlida bugungi va kelajak avlod uchun qulay atrof-muhitni yaratish, xavfsiz va samarali boʻlgan yashil iqtisodiyotga oʻtish, inson va tabiat uzviyligi ustuvor boʻlgan rivojlangan jamiyat barpo etish gʻoyasini ilgari suradi.
Partiya dasturida davlat tomonidan aholiga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida mamlakatning yoʻl infratuzilmasi uchun ajratiladigan summaning muayyan qismini majburiy ravishda piyodalar yoʻlakchalarini tashkil etishga yoʻnaltirish, avtomobil yoʻli qatnov qismi hisobidan skuterlar va velosipedlarda harakatlanish uchun alohida yoʻlaklar tashkil etish, Toshkent shahri va viloyatlar markazlarida jamoat transportidan doimiy foydalanuvchi shaxslar uchun yoʻl haqini arzonlashtirib borish tizimini bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyish, ekologiya sohasidagi qonunchilik talablari ijrosini taʼminlashda davlat organlari va xoʻjalik yurituvchi subʼektlar javobgarligini kuchaytirish kabi tashabbuslar ilgari surilmoqda.
Mamlakat tayanchi boʻlgan xavfsiz va ishonchli iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish uchun 2030 yilga qadar issiqxona gazlari emissiyasini 65 foizga qisqartirish, 2035 yilgacha avtomobilsozlik sanoatini toʻliq elektromobil ishlab chiqarishga ixtisoslashtirish, 2030 yilgacha energiya balansida ekologik toza va qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini ikki karra oshirish kabi tashabbuslar ham Ekopartiya tarafdorlari tomonidan faol qoʻllab-quvvatlandi.
Saylovoldi dasturida, shuningdek, davlat muassasalari obʼektlari, koʻp kvartirali uylar va maydoni 1 000 m2dan ortiq boʻlgan obʼektlar uchun energiya tejovchi texnologiyalarni oʻrnatishni majburiy etib belgilash,
10 yoshdan katta daraxtlarni koʻchirib oʻtkazishga cheklov oʻrnatish, 2030 yildan poytaxt va yirik shaharlarda ichki yonuv dvigatelli yengil avtomobillar harakatini, 2035 yildan esa mamlakatda ularning sotilishini taqiqlash, qurilish maqsadlarida daraxtlarni noqonuniy kesgan tadbirkorlarning yerga boʻlgan huquqini bekor qilish kabi takliflar ham oʻrin olgan.
Qishloq xoʻjaligida oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini taʼminlash maqsadida partiya 2030 yilga qadar pestitsidlardan foydalanish hajmini 50 foizga kamaytirish hamda qishloq xoʻjaligi zararkunandalariga qarshi kurashishning biologik usullaridan foydalanish tizimini keng joriy etish zarur, deb hisoblashini maʼlum qilgan.
Saylovoldi dasturga kiritilgan har bir tashabbus hozirgi kunimiz uchun dolzarb va hayotiy zarurat ekani, buni bugungi ekologik vaziyat, atrof-muhitning oʻzi taqozo etayotgani alohida qayd etildi. Ekologik partiya "Tabiat uchun birlashaylik!" gʻoyasi mujassamlashgan Saylovoldi dasturini tasdiqladi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Ekologik partiyasidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar koʻrsatish haqidagi masala ham koʻrib chiqildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga majoritar bir mandatli okruglar boʻyicha 75 nafar, partiyaviy roʻyxat boʻyicha 100 nafar nomzodlar koʻrsatildi.
Nomzodlarning 44,6 foizi ayollardan iborat boʻlib, barcha 175 nafar nomzod oliy maʼlumotga ega, ularning 31,5 foizini ekologlar, 10 foizini huquqshunoslar, 9 foizini tibbiyot, 15 foizini iqtisodiyot va 34,5 foizini boshqa sohalar vakillari tashkil etadi. Shuningdek, nomzodlarning 26 nafarini yuqori malakali olimlar tashkil etadi.