Love is… - muvaffaqiyatli, qaygʻuli va bardavom sevgi qissasi

 90-yillarida unib oʻsgan avlod Turkiyadan keltirib sotilgan Love is... saqichlarini yaxshi eslaydi.  Hammasi Yangi Zelandiyani tark etib, dunyo kezishga ahd qilgan 19 yashar qiz – Kim Grouvning 1967 yilda AQShga safar qilib, Kaliforniyaga kelib oʻrnashganidan boshlangan.

Jahon
8-sentabr, 19:00
Love is… - muvaffaqiyatli, qaygʻuli va bardavom sevgi qissasi

Mustaqillikning ilk davrlari – 90-yillarida unib oʻsgan avlod Turkiyadan keltirib sotilgan Love is... saqichlarini yaxshi eslaydi. Butun sobiq sovet respublikalarida juda mashhur boʻlib ketgan bu saqichlarni asosan muhabbat dardiga mubtalo boʻlgan yigit-qizlar sotib olishar edi. 

Nafsilambirini aytganda, ikki xil meva taʼmini beruvchi ikkita yopishgan qatlamdan iborat (yaʼni mevalar juftligi sevgisining ramzi – tahr.) bu saqich biroz qattiqligi va oʻrtacha sifati bois saqich sifatida emas, artefakt va suvenir sifatida ommalashdi. Boisi, har bir saqich oʻrami ichidan surat va “hikmatli” gap yozilgan qogʻoz ilovacha ham chiqar edi. Suratlarda doʻmboqqina bola qizcha turli lokatsiya va dekoratsiyada tasvirlangan, “Sevgi bu...” deya, muhabbatni tavsif beradigan biror tavsif yozilgan boʻlardi. Masalan, “sevgi bu – ikki qalbning bir tarafga boqishi”, “sevgi bu – baxtli kelajak kutayotganiga ishonish”, “sevgi bu – sevgilisini bor holida, kamchilik va yutuqlari bilan birga sevish” va hokazo.

Love is... saqichlari va ilovachalari.

Yoshu-qari bu ilova qogʻozchalarini kolleksiya qilishi, bir-biriga sovgʻa qilishi, boshqa ilovachalar bilan ayirboshlashi anʼanaga aylandi. Shuningdek, saqich sotib olgan oshiq-maʼshuqlar qanday ilovacha chiqishini hayajon bilan, syurpriz kabi kutgan holda oʻramni ochishar edi. Keyin esa uddi “xitoy folbin shirinliklari” ichidan chiqadigan bashoratlarni oʻqigan kabi xursand boʻlib birga oʻqishar edi.

Muhabbat qissasi: afsonaviy ibtido

Aslida Love is... suratchalari va yozuvlari tarixining bu saqichga va Turkiyaga umuman aloqasi yoʻq. Hammasi Yangi Zelandiyani tark etib, dunyo kezishga ahd qilgan 19 yashar qiz – Kim Grouvning 1967 yilda AQShga safar qilib, Kaliforniyaga kelib oʻrnashganidan boshlanadi. Yosh, havaskor rassom qiz Los-Anjelesdagi reklama agentliklaridan biriga resepshen xodimasi boʻlib ishga kiradi. Bu yerda u Italiyadan kelib ishlayotgan dasturchi Roberto Kasali bilan tanishadi va tez orada ular oʻrtasida chaqnagan muhabbat uchquni gulxanga aylanadi. Hali mobil telefon va internet ixtiro qilinmagan bu davrda ular muloqotning anaʼanaviy turi – maktublardan foydalanishgan. Yosh rassom har kuni ongda oʻz sevgilisi (keyinchalik eri) Robertoning stoliga “Sevgi bu..” deb boshlanadigan tavsiflari va oshiq va maʼshuq bolachalar surati chizilgan varaqchalarni qoldirib ketar edi. Avval bu suratlardagi ikki personaj oq-qora rangda va kiyimsiz tasvirlangan. 

Kim Grouv bu suratchalar gʻoyasini 1970 yilda katta ekranlarga chiqqan “Muhabbat qissasi” (Love Story) filmi oxiridagi bir epitafeyadan ilhomlanganini aytgan. 

(Rejissyor Artur Xiller tomonidan, Erik Sigalning shu nomli qissasi asosida suratga olingan mazkur film eng yaxshi musiqa nominatsiyasida «Oskar» hamda koʻplab boshqa mukofotlarni olgan boʻlib, oʻz tragizmiga koʻra AFI – “Amerika film instituti”ning versiyasi boʻyicha 100 ta eng ehtirosli amerika filmlari roʻyxatidan oʻrin olgan – tahr.) 

Kim Grouv va Roberto Kasali.

Film syujetiga koʻra, sevgilisi xastalikdan oʻlgan yigit nihoyat otasi bilan uchrashadi va otasi unga qilmishidan  afsusda ekanini aytadi. Shunda qahramon yigit “Sevgi – hech qachon afsusda ekaningni aytmaslikdir”. Rassom Kim esa bu meynstrim gapga qarshi chiqdi va uni “Sevgi bu – afsusda ekaningni aytish imkoniyatidir” deya oʻzgartirib, oʻz suratchalari ostlavhalarida aks ettira boshladi. Grouvning aytishicha, u avval tomchi shaklini chizgan va oʻzini ifoda etish uchun qizcha shaklini bergan. Keyin esa Robertoning timsoli sifatida oshiq yigit suratini ham tomchiga oʻxshatib chizgan. Shu boisdan, garchi Kim va Roberto ozgʻin qomatli boʻlishsada, ularning komikslardagi suratlari doʻmboq qizcha va bolacha shamoyilida tasvirlana boshladi. Grouv bu suratchalardan qoʻlbola kitobcha-bukletlar yasab, tanishlariga 1 dollardan sota boshladi. Bu yangi gʻoya va qiziqarli hamda romantik suratlar avval hamkasblar, keyin esa boshqalarning ham mehrini qozona boshladi.

Los Angeles Times gazetasining oxirgi sahifasida chop etilgan dastlabki Love is...

Muhabbat qissasi: kutilmagan muvafaqqiyat

Lekin, Grouv hech qachon oʻzini haqiqiy rassom hisoblamagan. U 1981 yilda bergan intervyusida u “agar menda tanlov boʻlganida romantik qoʻshiqlar muallifi boʻlar edim”, degan. Lekin nima boʻlganda ham, Kimning gʻoyasi tanishlar orasida shuhrat qozondi. Buni koʻrgan boʻlajak eri Roberto Love is… suratlarini Kimdan yashirincha Los Angeles Times  gazetasi tahririyatiga joʻnatdi. 

Tahririyat xodimlari bu romantik suratchalarni yoqtirib qolishdi va gazetada chop etishdi. Ular gazeta oʻquvchilariga ham yoqib qoldi va yana chop etishni soʻrashdi. Shu tariqa gazetada Love is… yangi rukni paydo boʻldi. Kim Grouvning ushbu mavzuda chizgan suratlari muntazam chop etila boshladi. Ilk suratlar 1970 yil  5 yanvarda dunyo yuzini koʻrdi. 

Love is... komikslarining Kim Grouvdan keyingi muallifi, rassom Bill Espri dastxat yozmoqda.

Roberto Kimning komikslari chop etilishiga prodyuserlik qila boshladi. Buning uchun Minikim korporatsiyasi tashkil etildi. 

Love is… qissasi qahramonlari yaqin munosabatlarning turli bosqichlaridan – tanishuvdan boshlab, er-xotinlik hayotigacha va toki juftlardan birining oʻlimigacha boʻlgan darajalardan oʻtishdi.

Shu tariqa rassom Grouv oilaviy hayotni oʻz suratlarida muhrladi: komiks qahramonlari oʻgʻil farzandlar koʻrishdi., uy hayvonlari asrab olishdi, barcha qaygʻu va quvonchli voqealarni birga baham koʻrishdi. Hatto ulardan biri vafot etib, qabr toshi oldida turgan qahramon aks etgan komikslar ham chizilgan. 

Qaygʻuli Love is...

Love is… komikslari juda tez ommalashib ketdi. Endi ularni nafaqat jurnallar, balki futbolka, taqvim, kalendar, plakat, finjon va boshqalarda ham koʻrish mumkin edi. Bu komikslar nafaqat AQSh, balki yana 50 ta davlatda ommalashdi, turli gazetalarning sahifalaridan muntazam joy oldi.

Nihoyat, Kim va Roberto 1971 yil 24 iyulda Yangi Zelandiyada nikohdan oʻtishdi. Keyin esa Angliyaga koʻchib oʻtishdi. Kim erining familiyasiga oʻtdi va 1974 yilda unga Stefano va Dario ismli oʻgʻillar tugʻib berdi. 

1970-yillarda, bu komikslar shuhrat choʻqqisiga chiqqan davrlarda oʻz muallifi Kasali oilasiga yiliga 4–5 mln funt sterling daromad keltirib turdi.

Muhabbat qissasi: qaygʻuli intiho

Hammasi yaxshi ketayotgandek edi. Biroq... 1974 yilda Robertoda saraton xastaligi aniqlandi. Eriga gʻamxoʻrlikdan ortmagan Kim Kasali bu suratchalar va yozuvlarni chizish anaʼanasini londonlik karikaturachi Bill Espri zimmasiga yukladi. 

1976 yil mart oyida Roberto 31 yoshida vafot etdi. Rostini aytganda, oʻz sevgilisidan ayrilgan Kim uchun bu komikslarni chizishni davom ettirishga ishtiyoq ham, ilhom ham qolmagan edi. Chunki bu suratlar faqat va faqat Robertoga bagʻishlanib chizilar edi.

Kim eridan keyin boshqa turmush qurmadi. Uning oʻzi ham 56 yoshida Angliyada saraton xastaligidan vafot etdi. 1997 yil 15 iyunda Kimni qabrga qoʻyishganida nafaqat uning yaqinlari va qarindoshlari, balki dunyodagi Love is… muxlislari hamda oshiq-maʼshuqlar motam tutishdi. 

Kimning oʻlimidan soʻng Minikim kompaniyasiga uning toʻngʻich oʻgʻli Stefan rahbarlik qila boshladi.

Karikaturachi Espri umumiy ruhni saqlab qolgan holda syujetlarga yangiliklar kiritdi. Kim komikslarni oq-qora rangda chizgan boʻlsa, 1978 yildan boshlab Espri ularni rangli qilib chiza boshladi. Rassom hozirgacha bu anʼanani davom ettirib kelmoqda. Biroq suratga izoh-yozuvlarni maxsus yollangan kopirayterlar tuzib berishadi. Garchi Kim hozir hayot boʻlmasada, oʻzaro shartnomaga muvofiq, Espri komikslarga Kim deb imzo qoʻyadi.

Espri har kuni bittadan Love is… komiksi chizadi. Uni nafaqat bu turkum suratchalar muallifi, balki butun dunyodan kelib turuvchi maktublar ham ilhomlantirib turadi. 

Turkiya saqichining nima aloqasi bor?

Love is… ommabopligini kuzatgan turkiyalik qandolat va saqich mahsulotlari ishlab chiqaruvchi Dandy Sakız ve Şekerleme San. A.Ş.kompaniyasi undan yaxshigina daromad olish mumkinligini payqadi. 1990 yilda Love is… komikslari uchun ikki qatlamdan – ikki xil meva taʼmli va ikki xil rangli saqich bitta qoplamada chiqarilib, ularga Love is… komikslari ilova qilina boshladi. 

Bu saqichlar tez ommalashdi va xorijga ham eksport qilina boshladi. Ayniqsa 90-yillarda dunyoga va xorijiy mahsulotlarga ochilgan sobiq SSSR davlatlari orasida ushbu turkiya saqichi juda mashhur boʻldi. 

Qizigʻi shundaki, Turkiya firmasi Love is… savdo brendidan ruxsatsiz foydalangan. Oradan deyarli 20 yil oʻtib, yaʼni 2008 yilga kelibgina rassom Bill Espri bundan xabar topdi. Unga jurnalist doʻsti qoʻngʻiroq qilib, mashhur saqichning komiks ilovasi muallifi sifatida intervyu berishni soʻraganida, avtorlik huquqi egalari bu huquqbuzarlikdan xabar topishdi. 

Keyinchalik turk firmasini yirik bir xalqaro kompaniya - Kraft Foods (hozirgi Mondelez International) sotib oldi va barcha patent hujjatlarini risoladagidek rasmiylashtirdi. Shundan keyin Kimning merosxoʻrlari ham har bir saqichdan oʻz moddiy ulushlarini ola boshladi. Zero Love is… brendi qonun jihatidan juda kuchli mustahkamlangan. Hatto Sankt-Peterburgdagi «Menshevik» konditer  fabrikasi Love is… ga oʻxshatib, “Life is…” saqichini ishlab chiqara boshlaganida, 2002 yilda Rossiya Antimonopoliya qoʻmitasi bu holatni Turkiyaning Dandy Sakız ve Şekerleme San. A.Ş. kompaniyasi bilan insofsiz raqobat, deya baholadi va ishlab chiqarishni taqiqlab qoʻygan.

Shunchaki Love is...

Love is… bugun

Bugungi kunda birgina Rossiyaning oʻzida har yili 500 mln dona Love is... saqichlari sotiladi. Bugungi kunda Love is… nafaqat saqich va komiks, balki global biznes va savdoning ajralmas qismiga aylangan. Jahonning yetakchi kompaniyalari, jumladan, DHL, London metrosi, Belgiya mahalliy hokimiyatlari, kinokompaniyalar va koʻplab boshqa tuzilmalar Love is… bilan hamkorlikda turli marketing va koʻngil ochish tadbirlari uyushtirib turishadi.

Love is... London metrosi bekatlaridan birida.

Shuningdek, afsonaviy “Toza ongning abadiy yolqini” filmidagi Keyt Uinslet qahramonining futbolkasida Love is… suratlaridan biri aks etgan. 

Love is... kinofilmda.

Ayni paytda Love is… brendining patent masalalari bilan Kim va Robertoning farzandlari shugʻullanadi. 2013 yildan boshlab, Megalicense kompaniyasi ushbu brendning MDH davlatlari hududidagi mualliflik huquqlariga egalik qilib kelyapti. Ekspertlar Love is... 1990-yillarning eng muvaffaqiyatli brendlaridan biri deb hisoblashadi. Ularning baholashicha, brend 5-6 mln. dollar qiymatga ega.

Love is… komikslari hamon muhabbat qudratini, uning hayotiy quvvatini tarannum etib kelmoqda. Buyuk Britaniyaning The Independent nashri 1997 yil 21 iyunda Kim vafotiga bagʻishlab yozgan nekrolog – taʼziyanomasida keltirilganidek, Kimning oʻzi sevgiga va oʻz faoliyati falsafasiga juda yaxshi taʼrif bergan: “Agar qalbingda muhabbat boʻlsa, demak tiriksan, agar sen seva olsang, demak yashay olasan”. 

Hozirgacha Love is… komikslarida sevgiga bagʻishlangan oʻn minglab surat va tavsiflar aks etgan. Bu mashhur, biroq qaygʻuli muhabbat qissasi borasidagi soʻzlarimizga yakun yasar ekanmiz, xuddi rassom Kim Grouv ruhida sevgiga taʼrif berishdan oʻzimizni tiya olmadik. Nazarimizda, Sevgi bu... sevishganlarning muhabbati ularning vafotidan keyin ham davom etishidir...

Abulfayz Sayidasqarov

 

telegram
telegram

Telegramda kuzatib boring!

Platina
© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+