Koronavirus asorati - boʻgʻimlar yemirilishi koʻp uchramoqda

Virusning boʻgʻimlarni shikastlaydigan asosiy mexanizmi tananing giperyalligʻlanish reaksiyasi bilan bogʻliq. 

Jamiyat
8-sentabr, 10:52
Koronavirus asorati - boʻgʻimlar yemirilishi koʻp uchramoqda

SARS-CoV-2 virusi keltirib chiqaradigan COVID-19 (koronavirus) xastaligi XXI asrning eng dolzarb tibbiy ofatlaridan biriga aylandi. Garchi jamoaviy immunitet va boshqa omillar taʼsirida bu kasallik biroz unutilgan boʻlsada, hozirgi kunda koʻplab insonlarda boʻgʻim yemirilishi va pnevmoniya kabi ikkilamchi xastaliklar tez-tez uchray boshladi. Shifokorlar buni koronavirus asoratlari bilan bogʻlashmoqda. 

Bir paytlari koronavirus bilan ogʻrib tuzalgan bemorlarda endi etimologiyasi noaniq oʻpka shamollashi – pnevmoniya yaʼni zotiljam hamda oʻtkir respirator distress sindromi (ARDS) kabi simptomlar kuzatilyapti. Hatto oʻlim holatlari ham qayd etilmoqda. 

Shuningdek, koronaviursdan tuzalgan bemorlar (asosan oyoqdagi va tos suyagidagi) boʻgʻimlarning yemirilishi va surunkali ogʻriqlardan shikoyat qilishyapti. Hatto baʼzi xastalar tayanch-harakat tizimining faoliyati keskin buzilgani va surunkali ogʻriqlardan azob chekishgani bois, boʻgʻinlardagi ayrim suyaklarni protezlar bilan almashtirish uchun jarrohlik stoliga yotishga majbur boʻlishyapti. 

Ilmiy tadqiqotlar ham shuni tasdiqlayaptiki, COVID-19 xastaligi boʻgʻimlarning yalligʻlanishiga olib kelishi va mialgiya (ogʻriqlar) kabi illatlarning rivojlanishiga hissa qoʻshib, bemorlarning hayot sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.

Boʻgʻimlarning shikastlanish mexanizmlari

COVID-19 tizimli kasallik boʻlib, uning taʼsiri, avval oʻylaganimizdek, oʻpkadan ham kengroq koʻlamga ega boʻlib chiqdi. Virusning boʻgʻimlarni shikastlaydigan asosiy mexanizmi tananing giperyalligʻlanish reaksiyasi bilan bogʻliq. Koʻpgina bemorlar organizmida kuzatilgan sitokin boʻhron immun tizimining faollashuviga hamda interleykin-6 (IL-6), interleykin-1β (IL-1β) va alfa oʻsimta nekrozi omili (TNF-α) kabi yalligʻlanishga qarshi molekulalarning koʻplab ajralib chiqishiga sabab boʻladi. Bu sitokinlar nafaqat oʻpkada, balki boshqa toʻqimalarda, shu jumladan boʻgʻimlarda ham yalligʻlanishni keltirib chiqaradi.

Sodda qilib tushuntirganda, odam organizmi koronavirusga qarshi kurashish uchun “askarlar”ni koʻpaytiradi, biroq bu “askar”larning dasturida nosozlik paydo boʻlib, oʻz “xoʻjayini” - odam tanasiga ham hujum qilib, nozik toʻqimalarga zarba bera boshlaydi.

Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, COVID-19 bilan kasallangan bemorlarning 20 foizi kasallikning oʻtkir bosqichida boʻgʻim yoki mushak ogʻrigʻini boshdan kechiradi. Biroq, ayrim bemorlarda bunday alomatlar bir necha oy davomida saqlanib qoladi. Bu esa virusdan keyingi artritning rivojlanishiga olib kelishi mumkin.

COVID-19 va artrit

COVID-19 keltirib chiqargan artrit turli shakllarda boʻladi. Reaktiv artrit, virus-indutsiyalangan artrit va ilgari mavjud revmatik kasalliklarning kuchayishi shular jumlasidandir. 2021 yilda Italiyada oʻtkazilgan tadqiqotlardan birida aniqlanishicha, COVID-19 ogʻir kechgan bemorlarning taxminan 2 foizi tuzalganidan keyin bir necha hafta oʻtgach, reaktiv artrit belgilariga guvoh boʻlgan.

Alohida diqqat jalb etadigan tomoni shundaki, COVID-19 revmatoid artrit (RA) kabi ilgari mavjud boʻlgan revmatik kasalliklarni qoʻzgʻatib, ogʻirlashtiradi. 2022 yilda Buyuk Britaniyada oʻtkazilgan tadqiqot shuni koʻrsatdiki, avval revmatoid artrit bilan ogʻrigan bemorlar COVID-19 bilan kasallangach, ularning taxminan 10 foizi ilgari nazorat ostida boʻlgan kasalliklarining yomonlashganidan shikoyat qilishgan. Xastalik kuchayishi - yalligʻlanish jarayonining faollashuvi va immunitet tizimining buzilishi bilan bogʻliq.

Postkovid sindromi va boʻgʻinlardagi surunkali ogʻriqlar

Postkovid sindromi (post-COVID-19 syndrome) yoki long COVID - kasallikning oʻtkir bosqichidan keyin bir necha oy davom etadigan keng koʻlamli alomatlar bilan tavsiflanadi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) maʼlumotlariga koʻra, COVID-19 ni boshidan oʻtkazgan bemorlarning deyarli 30 foizi tinka qurishi, sababsiz charchoq, nafas qisishi va boʻgʻim ogʻriqlari kabi uzoq davom etadigan simptomlardan aziyat chekkan. Tadqiqotlardan maʼlum boʻlishicha, mazkur  bemorlarning ayrimlarida boʻgʻin ogʻriqlari surunkali tus oladi va uzoq muddatli davolanishni talab qiladi.

2021 yilda AQShda oʻtkazilgan ilmiy tadqiqotlarda aniqlanishicha, postkovid sindromi boʻlgan bemorlarning taxminan 15 foizi tibbiy aralashuvni talab qiladigan surunkali boʻgʻin ogʻriqlaridan shikoyat qilgan. Afsuski, koronavirus hamon insoniyatni butunlay tark etgani yoʻq. Koronavirus bilan xastalanish holatlari davom etayotgan bir sharoitda, COVID-19 asoratlariga duch kelgan bemorlar soni ortsa ortyaptiki, kamaymayapti.

Davolash va reabilitatsiya

COVID-19 bilan kasallangan bemorlarda boʻgʻimlar shikastlanishini davolash individual yondashuvni talab qiladi. Bugunga kelib, yalligʻlanishga qarshi nosteroid dorilar va kortikosteroidlar asosiy terapiya vositasi  boʻlib qolmoqda. Shu bilan birga, surunkali ogʻriqlardan aziyat chekayotgan bemorlar uchun jismoniy terapiya va reabilitatsiya dasturlarini oʻz ichiga olgan keng qamrovli davolash chora-tadbirlari talab etilishi mumkin.

Eng muhim jihat - reabilitatsiya boʻlib, u boʻgʻinlar harakatchanligini tiklash va ogʻriqlarni kamaytirishga qaratilgan. 2022 yilda Germaniyada koronavirusdan keyingi boʻgʻin muammolariga uchragan bemorlar uchun maxsus reabilitatsiya dasturi ishlab chiqilgan. U jismoniy terapiya, mashqlar terapiyasi va yalligʻlanishga qarshi dorilarni qoʻllashni oʻz ichiga oladi. Mazkur davolash dasturi natijalariga koʻra, davolanish boshlanganidan 3 oy oʻtgach, bemorlarning 80 foizida harakatchanlikning sezilarli darajada yaxshilanishi va ogʻriqlarning kamayishi kuzatilgan.

Prognoz va uzoq muddatli asoratlar

COVID-19 dan tuzalganlarning boʻgʻinlari shikastlanishi vaqtinchalik yoki uzoq muddatli boʻlishi mumkin. Baʼzi bemorlarda ogʻriq va yalligʻlanish bir necha oydan keyin yoʻqolib ketishi ham mumkin. Ayrimlarida esa bu surunkali tus olishi mumkin. Vaziyatning yanada yomonlashuvining oldini olish uchun bemorlar doimiy shifokor nazorati va kuzatuvi ostida boʻlishlari, muntazam davolanib yurishlari kerak boʻladi.

Mutaxassislarning ogohlantirishicha, agar oʻz vaqtida va toʻgʻri davolanmasa, koronavirusdan keyingi artrit, ayniqsa keksa odamlar yoki COVID-19 dan oldin revmatik kasalliklardan aziyat chekkanlarning nogiron boʻlib qolishiga sabab boʻladi. 2023 yilda eʼlon qilingan tadqiqotlardan birining koʻrsatishicha, korovirusdan keyin boʻgʻimlarida ogʻriqlar paydo boʻlgan bemorlarning 5-10 foizida intensivroq tibbiy aralashuvni talab qiladigan nogironlik kelib chiqadi. 

telegram
telegram

Telegramda kuzatib boring!

Platina
© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+