Qoʻqonda oʻttizdan oshiq taʼlim muassasalari taʼmirlanib, foydalanishga topshirildi
Taʼmirdan chiqarilgan muassasalarning 15 tasi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlaridir.

Prezidentning joriy yil 11-12 iyul kunlari Fargʻona viloyatiga tashrifi davomida Qoʻqon shahridagi murojaatlar tahlili asosida aholi muammolarini chuqur oʻrganish va hal qilish borasida qator vazifalar belgilangan edi.
Mazkur topshiriq ijrosi boʻyicha Prezident maslahatchisi Gʻofurjon Mirzayev boshchiligidagi Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonasi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va tegishli vazirliklar, qoʻmitalar, idoralar masʼullaridan tuzilgan Respublika ishchi guruhi faoliyati natijasida birgina Qoʻqonda 33 ta taʼlim muassasalari binolari taʼmirlandi va foydalanishiga topshirildi.
Jumladan, davlat rahbari topshirigʻi asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhi faoliyati bilan Qoʻqonning “Shayxon” mahallasidagi 460 oʻrinli 19-umumtaʼlim maktabi binosi ham bosh-oyoq yangilanib, muallimlar va oʻquvchilar ixtiyoriga topshirildi.
“Mingtut” mahallasidagi ming oʻrinli 9-umumtaʼlim maktabi ham ancha taʼmirtalab boʻlib qolgandi. Bir-bir yarim oy nari-berisida bu bilim dargohi ham yangi oʻquv yiliga puxta hozirlab berildi.

Bu bilan mazkur hududdan Prezident virtual qabulxonasiga kelib tushgan murojaatlarda tilga olingan eng katta tizimli masala hal qilindi.
Endilikda oʻquvchilarga maktab davrida yaxshi oʻqib, vaqtdan unumli foydalanish muhimligi, chet tillarni oʻrganish, kompyuter texnologiyalari va aniq fanlarni chuqur oʻrganish lozimligi alohida qayd etildi.

Prezidentning tashrifidan soʻng Qoʻqonda yangi oʻquv yili boshlanishiga qadar ichki imkoniyatlar hisobidan taʼmirdan chiqarilgan muassasalarning 15 tasi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlaridir.
Xususan, kuni kecha “Sobir Abdulla”, “Kalvak guzar”, “Shirin” mahallalarida yangilangan bolalar bogʻchalari foydalanishga topshirildi.
Respublika ishchi guruhi masʼullari faoliyati bilan Qoʻqon shahridagi taʼlim muassasalarining nainki tashqi qiyofasi yangilandi, balki ular zamonaviy asosda ham toʻliq jihozlandi. Davlat boshqaruvi akademiyasi mutaxassislarining oʻquv mashgʻulotlarida pedagoglarning bilim-tajribasi mustahkamlandi.

Bularning barchasi esa taʼlimning oʻziga xos “Qoʻqon tajribasi”ni yaratishga asos boʻlmoqda.