Pavel Durov qoʻlga olinganidan buyon ilk bor bayonot berdi
Telegram asoschisining aytishicha, "maxfiylik va xavfsizlik oʻrtasida muvozanat saqlash oson emas".
Telegram asoschisi Pavel Durov avgust oyi oxirida Fransiya hukumati uni uyushgan jinoyatchilikka aloqador bir qancha ayblovlar bilan ayblaganidan keyin ilk bor bayonot berdi.
Uning soʻzlariga koʻra, politsiya Parijga kelganidan keyin toʻrt kun davomida uni soʻroq qilgan. Xususan, unga Fransiya rasmiylari messenjerdan boshqalar tomonidan noqonuniy foydalanganlik uchun shaxsan javobgar boʻlishi mumkinligi aytilgan.
Durov bu ayblovlarni hayratlanarli deb atadi. "Agar mamlakat internet xizmatidan norozi boʻlsa, xizmatning oʻziga qarshi sud jarayonini boshlash odatiy holdir. Bosh direktorni oʻzi boshqaradigan platformada uchinchi shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarda ayblashda qonunlardan foydalanish notoʻgʻri yondashuvdir", — deb yozgan Durov.
"Maxfiylik va xavfsizlik oʻrtasida muvozanatni saqlash oson ish emas. Maxfiylik qonunlarini huquqni muhofaza qilish talablari bilan va mahalliy qonunlarni Yevropa Ittifoqi qonunlari bilan muvofiqlashtirishingiz kerak. Siz texnologik cheklovlarni hisobga olishingiz kerak. Platforma sifatida siz jarayonlaringiz butun dunyo boʻylab izchil boʻlishini va qonun ustuvorligi zaif mamlakatlarda ular suiisteʼmol qilinmasligini taʼminlashni xohlaysiz. Biz toʻgʻri muvozanatni topish uchun regulyatorlar bilan ishlashga sodiqmiz. Ha, biz oʻz tamoyillarimizda turibmiz: tajribamiz avtoritar rejimlarda foydalanuvchilarimizni himoya qilish missiyamiz asosida shakllanadi. Lekin biz doimo muloqotga ochiq boʻlganmiz. Baʼzan biz mamlakatning regulyatori bilan maxfiylik va xavfsizlik oʻrtasidagi toʻgʻri muvozanat haqida kelisha olmaymiz. Bunday hollarda biz bu mamlakatni tark etishga tayyormiz. Biz buni koʻp marta qilganmiz. Rossiya bizdan kuzatuvni faollashtirish uchun «shifrlash kalitlarini» topshirishimizni talab qilganida, biz rad javobini berdik va Telegram Rossiyada taqiqlangan edi.
Eron tinch namoyishchilarning kanallarini toʻsib qoʻyishimizni talab qilganida, biz rad javobini berdik – va Telegram Eronda taqiqlangandi", dedi Durov.
"Prinsiplarimizga toʻgʻri kelmaydigan bozorlarni tark etishga tayyormiz, chunki biz uchun pul muhim emas. Bizning maqsad odamlarning asosiy huquqlarini himoya qilish", deya xulosa qqiladi Telegram asoschisi.
Telegramda kuzatib boring!