Zeygarnik effekti va yakunlanmagan geshtalt: psixologik tahlil
Ushbu kashfiyot marketing va elektron tijorat uchun muhim taʼsir koʻrsatadi. Bu oʻrinda foydalanuvchining tugallanmagan harakatlaridan savdoni oshirish uchun foydalanish mumkin.
Inson faqat ish va tashvish bilan yursa, dardini yoradigan va ruhiy iztiroblariga yechim topib bera oladigan insoni boʻlmasa, psixoterapevtga ehtiyoj sezadi.
Psixologiya, xususan, psixoterapeyada “Zeygarnik effekti” va “Yakunlanmagan geshtalt” kabi tushunchalar muhim oʻrin tutuvchi tushunchalar hisoblanadi.
Aytish joiz, Zeygarnik effekti – bu psixologik effekt boʻlib, unda odam tugallanganidan koʻra, uzilib qolgan harakatlarini yaxshiroq eslab qoladi. Bu biror narsani yodlash, oʻrganishda juda qoʻl keladi. Masalan, katta vazifa yoki muammoni kichik qismlarga boʻlib chiqib ishlansa, samarali boʻladi.
“Yakunlanmagan geshtalt” esa inson tugallanmagani sababli unuta olmaydigan vaziyatni anglatadi. Bu tushuncha qondirilmagan ehtiyoj yoki bajarilmagan istak uchun ham amal qiladi. Masalan, yoshligingizda siz ikki oyoqli velosipedni orzu qilgansiz, ammo hech kim olib bermagan, deylik. Katta boʻlganingizda, garchi kerak boʻlmasa-da, shunday tovar olsangiz yoki kimgadir sovgʻa qilsangiz, ana shu ruhiy kamchilikni butlash mumkin.
Yoki sizni kimdir haqorat qilsayu, javob qaytara olmagan boʻlsangiz, miyangizdan chiqmay yuradi. Bunday holatda esa yechimni faqat psixoterapevt bilan suhbatlardan qidirish mumkin.
Biroq bu ikki tushuncha hozirda oʻta muhim sohalarga – taʼlim sifati va onlayn savdolar hajmini oshirishga tatbiq etilmoqda.
Kognitiv psixologiya ustunlari
Zeygarnik effekti va yakunlanmagan geshtalt tushunchasi kognitiv psixologiya va psixoterapiya sohalaridagi asosiy mavzulardir. Bu hodisalar inson miyasi axborotni qanday qayta ishlashi va saqlashi, tugallanmagan vazifalar va vaziyatlar bizning fikrlash va xatti-harakatlarimizga qanday taʼsir qilishi bilan bogʻliq tushunchalardir.
Zeygarnik effekti: tarixi va mohiyati
Zeygarnik effekti 1927 yilda Geshtalt psixologiyasi asoschisi Kurt Levinning shogirdi, sovet psixologi Blyuma Zeygarnik (1900-1988) tomonidan kashf etilgan. Zeygarnik oʻz tadqiqotida odamlar tugallanmagan yoki toʻxtatilgan vazifalarni, yakunlangan va bajarilganlariga qaraganda yaxshiroq eslab qolishlarini aniqladi. Bu hodisaga Zeygarnik effekti deb nom berildi.
Surat (FOTOBAZA): Blyuma Zeygarnik. 1980 yil.
Levin laboratoriyasida oʻtkazilgan tajribalardan birida ishtirokchilardan boshqotirma yoki matematik tenglamalarni yechish kabi bir qator oddiy vazifalarni bajarish soʻralgan. Baʼzi topshiriqlar jarayon oʻrtasida toʻxtatilgan va ishtirokchilarga ularni bajarishga ruxsat berilmagan. Shundan soʻng Zeygarnik ishtirokchilardan qanday vazifalarni bajarganliklarini eslab qolishlarini soʻragan. Natijalar shuni koʻrsatdiki, ishtirokchilar tugallanmagan vazifalarni yaxshiroq eslab qolishar ekan!
Zeygarnik bu effektni Kurt Levin (1980-1947) tomonidan kiritilgan “zoʻriqish” tushunchasi orqali tushuntirdi. Bu nazariyaga koʻra, inson biror vazifani bajarishga kirishganida, uning ongida maʼlum bir ruhiy zoʻriqish paydo boʻladi. Agar vazifa bajarilmasa, bu keskinlik saqlanib qoladi va xotirani vazifa haqida maʼlumotni saqlashga undaydi. Aksincha, vazifani bajarish taranglik bartaraf etilishiga va bu haqdagi maʼlumotni unutishga olib keladi.
Surat (FOTOBAZA): Kurt Levin.
Yakunlanmagan geshtalt: tushuncha va maʼno
Yakunlanmagan geshtalt tushunchasi geshtalt psixologiyasining keng sohasi bilan bogʻliq boʻlib, u odamlarning vizual va kognitiv maʼlumotlarni qanday qabul qilishini va tartibga solishini oʻrganadi. "Geshtalt" soʻzi nemis tilidan olingan boʻlib, "shakl" yoki "tasvir" degan maʼnoni anglatadi. Psixologiya kontekstida Geshtalt toʻliqlikka intilishning yaxlit tuzilmalarini tavsiflaydi.
Yakunlanmagan geshtalt – bu odamning maʼlum bir vaziyatni, vazifani yoki tajribani tugallanmagan yoki hal qilinmagan holda qabul qiladigan holatdir. Bu hal qilinmagan muammo, hal etilmagan ziddiyat yoki erishilmagan maqsad boʻlishi mumkin. Geshtalt-psixologlarning fikriga koʻra, bunday yakunlanmagan geshtaltlar kognitiv taranglikni keltirib chiqarishi va odamning diqqatini boshqa vazifalarga qaratishiga toʻsqinlik qilishi mumkin.
Misollar va psixoterapiyada foydalanish
Zeygarnik effekti va yakunlanmagan geshtalt tushunchasi psixologiya va psixoterapiyaning turli jabhalarida qoʻllaniladi. Quyida bu bilan bogʻliq bir necha misollar keltiriladi:
1. Kognitiv xulq-atvor terapiyasi (KXT): KXTda terapevtlar hal etilmagan muammolar tufayli tashvishli vaziyat yoki tushkunlikka tushgan mijozlar bilan ishlash uchun tugallanmagan geshtalt tushunchasidan foydalanadilar. Misol uchun, mijoz ish joyida tugallanmagan loyiha haqida qaygʻurib, kuchli stress va tashvish his qilishi mumkin. Terapevt mijozga ushbu tugallanmagan geshtaltdan xabardor boʻlishga va uni yakunlash yoʻllarini topishga yoki uning toʻliq emasligiga rozi boʻlishga, koʻnikishga yordam beradi.
2. Geshtalt terapiyasi: Fridrix Perlz tomonidan asos solingan geshtalt terapiyasi yakunlanmagan geshtaltlarni anglash va integratsiyalashuviga katta eʼtibor beradi. Terapevtlar mijozlarga oʻzlarining tugallanmagan geshtaltlari, masalan, ifoda etilmagan his-tuygʻular yoki hal qilinmagan nizolar haqida xabardor boʻlishlariga yordam beradi va ularni hal qilish uchun ishlaydi. Bu yesa hissiy boʻshashish va shaxsiy oʻsishga yordam beradi.
3. Oʻquv va ish vazifalari: Zeygarnik effekti taʼlim va ish muhitida ham sodir boʻladi. Psixolog Deniyel Kaneman tomonidan 2018 yilda olib borilgan tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, imtihonlarga tayyorlanish paytida tanaffus qilib turgan talabalar, tugallanmagan vazifalarni ularni toʻxtovsiz bajarganlarga qaraganda yaxshiroq eslab qolishadi. Bu shuni koʻrsatadiki, qasddan tanaffuslar va tugatmaslik xotira va konsentratsiyani (fikrni jamlashni) yaxshilashning samarali usullari boʻlishi mumkin.
Ilmiy tadqiqotlar va statistika
Zamonaviy tadqiqotlar turli kontekstlarda Zeygarnik effekti va yakunlanmagan geshtaltning ahamiyatini tasdiqlaydi. 2020 yilda “Kognitiv psixologiya” jurnalida chop etilgan tadqiqot Zeygarnik effekti raqamli muhitda ham oʻzini namoyon qilishini aniqladi. Yaʼni, foydalanuvchilar tugallanmagan onlayn xaridlarni tugallanganidan koʻra yaxshiroq eslab qolishadi. Ushbu kashfiyot marketing va elektron tijorat uchun muhim taʼsir koʻrsatadi. Bu oʻrinda foydalanuvchining tugallanmagan harakatlaridan savdoni oshirish uchun foydalanish mumkin.
Boshqa tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, Zeygarnik effekti tashvish va stressning ortishi bilan bogʻliq. 2022 yilda amerikalik psixolog Liza Deyvis tadqiqot oʻtkazdi. Ushbu tadqiqot natijalariga koʻra, tashvish darajasi yuqori boʻlgan odamlar tugallanmagan vazifalarni eslab qolishlari va tashvish darajasi pastroq boʻlganlarga qaraganda koʻproq stressni boshdan kechirishlari aniqlandi.
Gapning indallosi shuki....
Zeygarnik effekti va ochiq geshtalt bizning kognitiv jarayonlarimiz va hissiy holatlarimiz idrok va xotira bilan qanday bogʻliqligini tushuntiradigan muhim tushunchalardir. Yakunlanmagan vazifalar va vaziyatlar sezilarli stressni keltirib chiqarishi va xatti-harakatlarimiz va hissiy holatimizga taʼsir qilishi mumkin. Ushbu hodisalarni tushunish va ulardan psixoterapiya va kundalik hayotda foydalanish – odamlarga tashvishlarni yaxshiroq boshqarishga, xotirani yaxshilashga va maqsadlariga osonroq erishishlariga yordam beradi.
Abulfayz Sayidasqarov
Telegramda kuzatib boring!