Virtual olamda radikallashuvga qarshi kurashishda sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalaniladi
ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi konferensiyasida shu haqda muhokama boʻlib oʻtdi.
ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (MATT)ning X xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi 5 sentabr kuni Toshkentdagi “Oʻzbekiston” xalqaro forumlar saroyida oʻz ishini davom ettirdi. Unda ShHT va MDHga aʼzo davlatlar vakolatli organlari, xalqaro tashkilotlarning vakolatli tuzilmalari delegatsiyalari rahbarlari ishtirok etdi.
“Terrorizmga qarshi kurashishda umumiy saʼy-harakatlar” mavzusidagi toʻrtinchi sessiya doirasida xalqaro tashkilotlar (BMT xavfsizlik kengashining tahliliy qoʻllab-quvvatlash va sanksiyalar monitoringi guruhi), Rossiya, Belarus, Qozogʻiston xavfsizlik va maxsus xizmat organlari hamda Xitoy va Italiya ilmiy-maʼrifiy muassasalari vakillarining maʼruzalari tinglandi.
Ishtirokchilar terrorizmni moliyalashtirish, xususan pul oqimlari monitoringi samaradorligini oshirish hamda shubhali pul oʻtkazmalarini aniqlash, MDH aksilterror markazi va ShHT MATT platformalarida terrorchilik tashkilotlari va terrorizmni moliyalashtirishga daxldor boʻlgan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasini rivojlantirishga qaratilgan qoʻshma dastur va loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Terrorchilik tashkilotlarining oʻz jinoiy faoliyatini moliyalashtirishda qoʻllayotgan zamonaviy shakl va usullari muhokama qilindi.
Tadbir ishtirokchilari terrorizm va ekstremizm bilan bogʻliq pul oqimlarini yanada samarali aniqlash va ularga chek qoʻyish maqsadida ShHT va MDHga aʼzo davlatlar vakolatli organlari, xalqaro tashkilotlar oʻrtasida axborot almashinuvini davom ettirish zarur, degan yakdil fikr bildirdi.
Maʼruzalarda ishtirokchilar axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda tarqalayotgan ekstremizm mafkurasi, xususan, ijtimoiy tarmoqlar va turli veb-manbalarda ekstremistik kontentni aniqlash va tahlil qilish, virtual olamda radikallashuvga qarshi kurashish maqsadida sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanish masalalarini muhokama qildilar.
Ekstremizm va radikalizmning tarqalishiga qarshi chora-tadbirlar sifatida ekspertlar tomonidan axborot almashish va raqamli makonda ekstremizmga qarshi kurashish boʻyicha saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish boʻyicha xalqaro standartlar va bayonnomalarni ishlab chiqib, joriy qilish taklif etildi.
Sessiya yakunida ishtirokchilar ochiqlik va oʻzaro ishonch tamoyillari asosida xalqaro huquq meʼyorlariga tayangan holda terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash istagini bildirdi.