Issiqlik taʼminoti korxonasi mansabdorlariga qarshi maʼmuriy chora koʻrildi
Namanganda esa 1256 ta xonadonga hisoblangan jami 10 mln soʻmga yaqin pul mablagʻlari qayta hisob-kitob qilindi.

Raqobat qoʻmitasi issiqlik taʼminoti korxonasi faoliyati yuzasidan oʻrganish oʻtkazdi.
Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan issiqlik taʼminotiga ulangan isteʼmolchilarga belgilangan taʼriflarda issiqlik energiyasini yetkazib berish xizmati yuzasidan oʻrganish va tahlil ishlari oʻtkazildi.
Namangan viloyatida “Issiqlik manbai” ICh DUK tomonidan 2023-2024 yil isitish mavsumida 2023 yil 15 noyabr kunidan 2024 yil 15 mart kuniga qadar xizmat koʻrsatilishi rejalashtirilgan.
Xizmat davomida isteʼmolchilarga issiqlik energiyasini 2019 yil 22 avgustdan 1 m2 uchun 1 kunga 158,63 soʻm, yuridik shaxslar uchun 1 Gkal 128400 soʻm (QQS bilan) tariflarda xizmat koʻrsatilishi belgilangan.
Shuningdek, xizmat koʻrsatuvchi tashkilot tomonidan viloyatdagi isteʼmolchilarga xizmat koʻrsatish davomida elektr energiya, gaz va ichimlik suv taʼminotida boʻlgan uzilishlar hisobiga yetarli sifatda va meʼyordan past darajada berilgan issiqlik energiyasi uchun koʻrsatilmagan xizmat uchun 1256 ta xonadonga jami 10 mln soʻmga yaqin pul mablagʻlari hisoblanganligi maʼlum boʻlib, ushbu mablagʻlar isteʼmolchilarga qayta hisob-kitob qilinishi taʼminlandi.
Andijon viloyatida “Issiqlik manbai” DUK tomonidan aholiga va xoʻjalik yurituvchi subʼektlarga issiqlik energiyasini yetkazib berilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etish boʻyicha boshqarmaning tegishli soʻrov xati yuborilgan. Ammo “Issiqlik manbai” DUK tomonidan maʼlumotlar hududiy boshqarmaga taqdim etilmagan.
Yuqoridagilarga muvofiq, “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunning 32 va 44 -moddalari buzilish holatlariga yoʻl qoʻyilganligi sababli “Issiqlik manbai” DUK masʼul mansabdor shaxslariga nisbatan belgilangan tartibda maʼmuriy bayonnoma tuzilgan.
Buxoro viloyatida esa uqaro N.Imomovaning issiqlik taʼminoti xizmatidan norozi boʻlib qilgan murojaati oʻrganib chiqildi.
Olib borilgan oʻrganish davomida, fuqaro oʻzi istiqomat qilayotgan uyda “Issiqlik manbai” DUK tomonidan issiqlik energiya taʼminoti bilan taʼminlanmagan boʻlsa-da, 15 mln soʻmdan ortiq asossiz qarzdorlik hisoblanganligi holati aniqlangan.
Yuqoridagilarga koʻra, “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni 21-moddasi talablarini buzish alomati yuzasidan xizmat koʻrsatuvchi tashkilotga (“Issiqlik manbai” DUK) nisbatan ish qoʻzgʻatilib, noreal qarzdorlikni bartaraf etish boʻyicha belgilangan tartibda koʻrsatma berilgan.