platina.uz

Endi maktablarda ham bogʻcha qurilishi mumkin

Prezidentga taqdim etilgan loyihada davlat-xususiy sheriklik asosida ish tashkil etilishi belgilangan.

Siyosat
5-sentabr 2024 yil
Endi maktablarda ham bogʻcha qurilishi mumkin

Qamrovni kengaytirish maqsadida maktablarning boʻsh yerlarida davlat-xususiy sheriklik asosida bogʻcha qurishga ruxsat berilishi mumkin. Shavkat Mirziyoyev maktabgacha taʼlimni rivojlantirish, iqtidorli yoshlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Qayd etilishicha, davlat dasturi asosida ishlab chiqilgan oʻquv-metodik materiallar hamma bogʻchalarda ham toʻliq emas. Nodavlat muassasalar internet manbalaridan foydalanmoqda. Shuning uchun endi barcha dasturlar Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining veb-saytida joylashtirilishi va undan bepul foydalanilishi belgilanmoqda. Maktabgacha taʼlimni boshqarish axborot tizimida “Bolaning rivojlanish xaritasi”ni yuritish vazifasi qoʻyilmoqda.

Bogʻchalardagi pedagoglarning katta qismi oʻrta maxsus maʼlumotli va sohada malaka oshirishning hozirgi muddati besh yilda bir marta boʻlgani uchun jarayonni jadallashtirish maqsadida malaka kurslari oraligʻida “Metodik mahorat soati” va “Metodik mahorat kuni” tadbirlarini oʻtkazish moʻljallanmoqda. Shuningdek, bu yoʻnalishdagi oliy taʼlimda dual taʼlim shaklini ochish, sirtqi va kechki oʻquvlarda maqsadli kvotalarni oshirish taklif etilmoqda.

Shuningdek, davlat bogʻchalarida davomat, oziq-ovqat xarajatlari qogʻoz shaklida toʻldirilmoqda. Endi biometrik identifikatsiya qilish texnologiyasini qoʻllagan holda hisobotlarni raqamlashtirish talabi qoʻyilmoqda.

Taqdimotda iqtidorli yoshlar bilan ishlashni takomillashtirish chora-tadbirlari ham muhokama qilindi. Xalqaro fan olimpiadalari ishtirokchilarini 5-8-sinflardan boshlab saralab olish yoʻlga qoʻyiladi. Har bir fan boʻyicha oʻquv dasturlari, adabiyotlar, metodik tavsiyalarva qoʻllanmalar takomillashtirilib, oʻquvchi va murabbiylarga yetkaziladi. Terma jamoalarga chet ellik mutaxassislar jalb qilinadi, xorijiy jamoalar bilan qoʻshma yigʻinlar oʻtkaziladi.

Bugungi kunda 22 ta xalqaro va mintaqaviy fan olimpiadalarida gʻolib boʻlgan oʻquvchilar pul mukofoti bilan taqdirlanmoqda. Endi mukofotlanadigan olimpiadalar soni 28 taga oshiriladi. Respublika va xalqaro olimpiadalarda gʻolib boʻlgan oʻquvchilar, ularning oʻqituvchilari va terma jamoa rahbarlariga toʻlanadigan pul mukofotlari hamda sovgʻalar daromad soligʻidan ozod etiladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+