platina.uz
Jahon

Gʻazo aholisiga xavfli kasallik boʻlgan poliomiyelit xavf solmoqda

Isroil Gʻazoning sogʻliqni saqlash tizimini vayron qilgan, 36 kasalxonadan 31 tasi shikastlangan yoki buzib tashlangan, deyiladi JSST maʼlumotida. 

Gʻazo aholisiga xavfli kasallik boʻlgan poliomiyelit xavf solmoqda

Isroil zarbalari ostida qolayotgan Gʻazo sektori aholisida yangi muammo paydo boʻldi. Hududda xavfli kasallik poliomiyelit qayd etilgan.

Gʻazoda koʻp vaqtdan beri istiqomat qilayotgan Eid al-Attar, hududning shimoliy qismida oʻqituvchilik qilar edi. Endilikda u oilasini saqlab qolish uchun yetarli miqdorda oziq-ovqat va suv topishga harakat qilmoqda.

Oktabr oyida boshlangan urushdan beri 42 yoshli Eid 5 farzandini mojarodan himoya qilish uchun qoʻlidan kelganicha harakat qildi.
"Biz farzandlarimizni himoya qila olmaymiz. Doimiy bombardimonlar tufayli har lahzada oʻlim bilan olishamiz. Va men ularni kasalliklardan ham himoya qila olmayman. Biz chodirda yashaymiz, dori-darmon yoʻq, hamma joyda chiqindi, koʻchalar oqava suvga toʻlib ketgan", dedi u.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, Isroil Gʻazoning sogʻliqni saqlash tizimini vayron qilgan, 36 kasalxonadan 31 tasi shikastlangan yoki vayron qilingan.

Gʻazo sektorida yashovchi 2,3 million aholining qariyb 90 foizi oʻz uylaridan koʻchirilgan, ularning aksariyati juda gavjum, antisanitariya sharoitidagi vaqtinchalik lagerlarda yashaydi. Gepatit, pnevmoniya va dizenteriya, diareya kabi kasalliklar, shuningdek, qoʻtir, bit va zaiflashtiruvchi toshmalar allaqachon keng tarqalgan, deydi JSST.

HAMAS nazorati ostidagi hududda qurbon boʻlgan 40 mingdan ortiq aholining qancha qismi kasallik tufayli oʻlganligi haqidagi aniq maʼlumot mavjud emas. Ammo oʻtgan haftada Gʻazoda chorak asrdan buyon kuzatilmagan poliomiyelitning 2 turi qayd etilgani sogʻliqni saqlash xodimlarini qoʻrquvga soldi. Yuqumli kasallik, asosan, chaqaloqlar va 5 yoshgacha boʻlgan bolalarda uchraydi. Kasallik falajlanish holatiga olib kelishi va oʻlim holati bilan yakunlanishi mumkin.

HAMAS va Isroil vaksinatsiya qilish uchun janglarni maʼlum soatlar oraligʻida toʻxtatib turishga kelishib oldilar.

Birinchi holat oʻtgan hafta bir oyogʻi falaj boʻlgan 10 oylik bolada qayd etilgan. JSST maʼlumotlariga koʻra, yana yuzlab odamlar allaqachon ushbu kasallikni yuqtirgan boʻlishi mumkin. Ushbu holat Gʻazodagi yuz minglab bolalarning hayotini xavf ostida qoldirishi mumkin.

Poliomiyelit – oʻtkir shol kasalligi boʻlib uni mayda, hatto oddiy mikroskopda ham koʻrib boʻlmaydigan viruslar chaqiradi. Kasallik asab tizimi, ayniqsa orqa miyani shikastlaydi va jiddiy asoratlarni, hatto umrbod falajlik yoki bolalik yoshidayoq oʻlim holatini olib kelishi mumkin.

Poliomiyelitni yuqtirib olish juda oson. Kasallangan kishi bilan muloqotda boʻlish yoki havodagi tomchilar yoʻli bilan oʻtadigan virusni tashib yuruvchiga tegishning oʻzi kifoya. Organizm ichiga tushgan virus markaziy asab tizimini shikastlaydi, buning natijasida falaj yoki shol rivojlanishi mumkin.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid