Rossiya josusi deb aytilgan kit oʻlik holda topildi
Kit birinchi marta Norvegiya hududida 2019 yil aprel oyida payqalgan.
Rossiya tomonidan josuslikka oʻrgatilganlikda gumon qilingan Xvaldimir laqabli kitning jonsiz tanasi topildi.
Jasad kitning harakatlarini yillar davomida kuzatib kelayotgan "Marine Mind" tashkiloti tomonidan Risavika shahri yaqinida aniqlangan.
Tashkilot asoschisi Sebastyan Strand AFP axborot agentligiga oʻlim sababi nomaʼlumligini va Xvaldimirning jasadida aniq jarohatlar yoʻqligini aytdi.
"Biz veterinariya instituti tomonidan oʻlim sababini aniqlash maqsadida uning qoldiqlarini olib, sovutilgan joyga qoʻyishga muvaffaq boʻldik" deydi u.
Kit birinchi marta Norvegiya hududida 2019 yil aprel oyida payqab qolingan. Mahalliy aholi jonzotda videokameralar uchun moʻljallangan tasmani payqashgan.
Tasmada "Peterburg uskunalari 2019" yozuvi bor edi. Zoologlar orasida kit Rossiya harbiy bazalaridan birida josuslikka oʻrgatilgan va u yerdan qochib ketgan yoki topshiriq boʻyicha qoʻyib yuborilgan va yoʻlda videokameralarni yoʻqotib qoʻygan degan fikrlar paydo boʻlgan.
Kit mahalliy aholi orasida Xvaldimir nomi bilan mashhur boʻlgan. Norvegcha kit, "hval" deb ataladi, "dimir" soʻzi esa Rossiya prezidenti Vladimir Putin ismidan olingan.
Rossiya hech qachon Xvaldimir rus harbiylari tomonidan tayyorgarlikdan oʻtgan boʻlishi mumkinligi haqidagi gap soʻzlarga nisbatan rasmiy bayonot bermagan. Mamlakat dengiz sut emizuvchilarni josus sifatida tayyorlashga qaratilgan har qanday dastur mavjudligini rad etgan.