Nega kitlar va delfinlar oʻzlarini qirgʻoqqa otishadi?

Ommaviy xudkushlikning eng aniq sabablaridan biri - kasallik va infeksiyadir. Kasallangan hayvonlarning suvda oriyentatsiya qobiliyati pasayadi. 

Jamiyat
3-sentabr, 15:30
Nega kitlar va delfinlar oʻzlarini qirgʻoqqa otishadi?

Joriy yilning 28 iyunida AShning Massachusets shtatidagi Keyp-Kod koʻrfazi sohillarida 10 delfin oʻzini qirgʻoqqa otgan. Bu AQSh tarixidagi eng yirik shunday halokat hisoblanadi. Qutqaruvchilarning aytishicha, delfinlarning 102 nafari, yaʼni 70 foizi omon qolgan. Taʼkidlash kerak, Keyp-Kod sohil chizigʻining deyarli 20 kilometrlik hududiga dunyoning boshqa joylariga nisbatan eng koʻp delfinlar oʻzini qirgʻoqqa otadi.

Xudkushlikmi yoki...

Kit va delfinlarning ommaviy ravishda ravishda qirgʻoqqa chiqib qolib, halok boʻlish hodisasi koʻp asrlar davomida kuzatilgan sirli va xavotirli hodisadir. Ilk qayd etilgan holatlar qadimgi davrlarga borib taqaladi. Ammo soʻnggi oʻn yilliklarda bunday hodisalarning tez-tez uchrab turishi olimlar va ekologlarni tobora xavotirga solmoqda. 

Tarixiy muammo

Dengiz sutemizuvchilarining oʻzini qirgʻoqqa otishi haqidagi ilk hujjatlashtirilgan guvohlik miloddan avvalgi 300-yillarga toʻgʻri keladi. Yunon tarixchisi va faylasufi Arastu oʻzining “Hayvonlar tarixi” kitobida kitlarning shunday gʻalati xatti-harakatlari haqida yozgan. Oʻsha paytlarda bu voqealarning sabablari nomaʼlum edi va sir boʻlib qolaverdi. Oʻrta asrlarda ham Yevropa qirgʻoqlarida kitlar va delfinlarning ommaviy xudkushlik holatlari qayd etilgan. Biroq faqat XIX – XX asrlarga kelib, bu hodisani tizimli oʻrganish boshlandi.

1918 yilda Yangi Zelandiya tarixidagi eng yirik ommaviy xudkushlik roʻy berdi:100 dan ortiq kitlar qirgʻoqda qolib ketishdi. 1985 yilda Florida (AQSh) qirgʻoqlarida 300 dan ortiq kitlarning sohilga chiqib, ummonga qayta olmagani qayd etilgan. 

2009 yilda 200 ga yaqin delfinlar Avstraliyadagi King orolida qirgʻoqqa oʻzini otgan. Bu va boshqa koʻplab holatlar dengiz sutemizuvchilarning ommaviy qirgʻin boʻlish hodisasi nafaqat qadimiy, balki hozirgi kungacha davom etayotgan muammo ekanligini koʻrsatadi.

2020 yilda Tasmaniya oroli qirgʻoqlariga 270 delfin chiqib qolgan edi.

Kit va delfinlarni nima majburlaydi?

Yillar davomida olimlar kitlar va delfinlar oʻzini nega qirgʻoqqa otishi haqida koʻplab farazlarni ilgari surdi. Hozirgi tadqiqotlarning natijalari bir nechta ehtimoliy sabablarga ishora qiladi:

Kasallik va infeksiya

Ommaviy xudkushlikning eng aniq sabablaridan biri - kasallik va infeksiyadir. Kasallangan hayvonlarning suvda oriyentatsiya qobiliyati pasayadi, bu esa tasodifan qirgʻoqqa, sayoz sohilga chiqib qolishiga olib keladi. Masalan, 2018 yilda Shotlandiya qirgʻoqlarida 70 dan ortiq kitlar qolib ketishdi. Ular yorib koʻrilganida, ularning oriyentatsiya qobiliyatiga salbiy taʼsir qilishi mumkin boʻlgan parazitlar mavjudligi aniqlangan. 

Antropogen va texnogen muammolar

Kitlar va delfinlar suvda harakat qilish uchun exolokatsiyadan foydalanadilar. Antropogen omillar, shuningdek, kemalarning suv ostidagi shovqinlari, harbiy mashqlar va suv otsida qazib olish ishlarining shovqinlari bu sutemizuvchilarning navigatsiya qobiliyatiga xalaqit berishi mumkin. 2000 yilda Bagama orollarida faol sonar yordamida harbiy dengiz mashqlari oʻtkazilgan vaqtda bir necha kitlar ommaviy ravishda oʻzlarini sohilga otishgan. Ayrim ilmiy taxminlarga koʻra, evolsiya avvalida kit va delfinlarning ajdodlari qurquqlikda paydo boʻlgan va shu muhitda yashagan. (Kit va delfinlarda jabra yuq, ular havodan nafas oladi, suvda bola tugʻib, sut bilan boqadi – tahr.) Keyinroq ularning avlodlari ayrim oʻzgarishlar natijasida suvda yashashga oʻta boshlagan. Biroq suvda ham biror vahima yoki muammo tugʻilsa, sutemizuvchilar instinktiv ravishda, tarixiy irsiyat va xotira taʼsirida qirgʻoqdan najot qidirishlari taxmin qilinadi. Biroq bu gʻoya muxoliflarining dalil keltirishicha, texnika rivojlanishi va exolokatsiya tizimlari ixtiro qilinishidan avval ham kit va delfinlar oʻzlarini qirgʻoqqa otgan. Demak, bu yagona sabab emas. 

Atrof-muhit omillari

Suv harorati, oqimlari va ifloslanish darajasining oʻzgarishi kabi ekologik oʻzgarishlar dengiz sutemizuvchilarning xatti-harakatlariga taʼsir qilishi mumkin. Misol uchun, ularning oziq-ovqatlarining migratsiya yoʻllaridagi oʻzgarishlari hayvonlarni notanish va xavfli suvlarda sargardon boʻlishga majbur qilishi mumkin.

Toksik suv oʻtlari va ifloslanish

Qizil toshqin kabi zaharli suv oʻtlari kitlar va delfinlar uchun zararli boʻlgan zaharlarni ishlab chiqaradi. Suvning ifloslanishi, jumladan, neftning toʻkilishi va ogʻir metallarning toʻplanishi ham dengiz sutemizuvchilarning salomatligi va xatti-harakatlariga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan boʻlishi mumkin.

Jamoaviy xulq-atvor

Kitlar va delfinlar oʻta ijtimoiylashgan hayvonlardir. Bitta kasal yoki yoʻnalishini yoʻqotgan kit yoki delfin butun guruhni ortidan ergashtirib qirgʻoqqa olib chiqqan holatlar boʻlgan. (Xuddi bitta qoʻy qoyadan sakrasa, boshqa qoʻylar unga ergashib oʻzini qoyadan otgani kabi – tahr.) 2015 yilda Hindiston qirgʻoqlari yaqinida “uchuvchi kit”larning ommaviy xudkushlik hodisasi kuzatildi. Tadqiqotchilar kasal guruh rahbari ortidan sogʻlom kitlar ergashib, qirgʻoqqa chiqib qolishgan, deb hisoblashadi. 

Ijtimoiylikning yana bir zarari shuki, kit va delfinlar toʻda boʻlib ov qilishadi yoki dushmanlardan qochishadi. Shunday manevrlar natijasida, ehtiyotsizlik yoki majburlikdan ular sayoz hududga chiqib ketishganini bilishmaydi. Suv ortga qaytganida esa ular ochiq qirgʻoqqa chiqib qolishadi.

Yana bir taxminga koʻra, bitta sutemizuvchi nimadir sababga koʻra qirgʻoqqa chiqib qolsa, u butun toʻdasini yordamga chaqiradi. Oqibatda, unga yordamga kelgan “doʻst”lari ham sohilda qolib ketadi.

Eng soʻnggi tadqiqotlar va natijalar

Hozirgi davrda sunʼiy yoʻldosh orqali kuzatish va suv osti akustikasi kabi zamonaviy texnologiyalar olimlarga mazkur muammo sabablarini aniqroq oʻrganish imkonini beradi. Soʻnggi yillarda olib borilgan tadqiqotlar okeandagi inson faoliyati va ommaviy xudkushliklar ortishi oʻrtasida  bogʻliqlik borligini koʻrsatmoqda. Xususan, neft va gazni qidirish uchun sonar va seysmik tadqiqotlarning faol qoʻllanilishi sutemizuvchilarning oʻzlarini qirgʻoqqa otish holatlarining koʻpgina qismiga sabab boʻlganligi aniqlangan.

Bundan tashqari, tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, iqlim oʻzgarishi va okean haroratining koʻtarilishi dengiz sutemizuvchilarning xatti-harakatlarini oʻzgartirishda ham rol oʻynashi mumkin. Suv haroratining koʻtarilishi oziq-ovqat taqsimotiga taʼsir qiladi, bu migratsiya shakllarining oʻzgarishiga va toʻsiqlar xavfining oshishiga olib kelishi mumkin.

Muammoning oldini olish mumkinmi?

Kit va delfinlarning qirgʻoqqa chiqib qolishinng oldini olish murakkab va kompleks yondashuvni talab qiladi. Lekin ayrim choralarni koʻrish foydadan holi boʻlmaydi:

Shovqinlarni cheklash

Okeanda sonarsiz zonalarni tashkil etish, kit va delfinlar yashaydigan joylarda shovqin darajasini pasaytirish - dengiz sutemizuvchilari orasida chalkashlik va stressni kamaytirishga yordam beradi.

Monitoring va munosabat

Monitoring va ogohlantirish tarmoqlarini oʻrnatish, shuningdek, bunday fojiali hodisalarga tezda javob berish - bu  hayvonlarni qutqarish va ularni dengizga qaytarishga yordam beradi.

Tadqiqot va taʼlim

Sutemizuvchilarning oʻzini ommaviy ravishda qirgʻoqqa otish sabablarini oʻrganishni davom ettirish va bu haqdagi maʼlumotlarni jamoatchilik va manfaatdor tomonlarga tarqatish - yanada samarali oldini olish strategiyalarini ishlab chiqishga yordam beradi.

Yashash hududini muhofaza qilish

Kitlar va delfinlarning tabiiy yashash hududlarini saqlab qolish va himoya qilish, jumladan, ifloslanishni kamaytirish va oziq-ovqat resurslarini himoya qilish choralari ham yuqorida zikr etilgan global muammoga yechim boʻlishi mumkin.

Xulosa qilib aytganda, kitlar va delfinlarning ommaviy xudkushliklari tabiiy va texnogen omillarning kombinatsiyasidan kelib chiqadigan murakkab va koʻp qirrali muammo boʻlib qolmoqda. Ilmiy tadqiqotlardagi yutuqlarga qaramay, ushbu hodisaning koʻp jihatlari hali ham yaxshi oʻrganilmagan. Kit va delfinlarning ommaviy tarzda sohilda oʻlim topish holatlarini samarali bataraf etish uchun keyingi tadqiqotlar, olimlar, hukumatlar va fuqarolik jamiyati tashkilotlari oʻrtasidagi hamkorlik va dengiz ekotizimlarini himoya qilish va insonning okeanga taʼsirini kamaytirish kabi amaliy chora-tadbirlar talab etiladi.

Abulfayz Sayidasqarov

telegram
telegram

Telegramda kuzatib boring!

Platina
© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+