Janubiy koreyalik agrar mutaxassislar Andijonga keldi
Ular Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti Andijon viloyati mintaqaviy boʻlinmasi bilan tanishdilar.

Janubiy Koreyaning Kopia xalqaro markazi direktori doktor Oh Sung Jong boshchiligidagi agrar soha mutaxassislari guruhi Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti Andijon viloyati mintaqaviy boʻlinmasiga tashrif buyurdilar.
Mamlakatimizda koreys hamkorlarimiz aholining asosiy oziq-ovqat mahsuloti boʻlgan sholi yetishtirishda sezilarli ilmiy-amaliy koʻmak koʻrsatish maqsadida bir qancha loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Xususan, Andijon va Namangan viloyatlarida ham ushbu yoʻnalishda sholi yetishtiruvchi fermer va dehqon xoʻjaliklari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, mazkur tadqiqot ishlari hududning turli tuproq iqlim-sharoitlarida amalga oshirilmoqda.

Shu nuqtai nazardan, tuproqning shoʻrlanish, agrokimyoviy, agrofizikaviy hamda boshqa xususiyatlaridan kelib chiqib, agrotexnik tadbirlar rejasini tuzish maqsadga muvofiq boʻladi.
Boʻlinma direktori v.b. X.Moʻydinov janubiy koreyalik mehmonlarga tamal toshi qoʻyilayotgan hamkorlik har ikki mamlakat qishloq xoʻjaligi sohasiga teng manfaatli boʻlishini aytib oʻtdi.