Global iqtisodiy tendensiyalar, muammolar, ularning yechimlari va istiqbol
2023 yilda dunyo iqtisodiyotida inflyatsiya rekord darajaga yetdi va 2024 yilda global iqtisodiy oʻsish 2,9% darajasida prognoz qilinmoqda. Bu soʻnggi yillardagi eng past koʻrsatkich.
Yarmidan ziyodi oʻtayotgan 2024 yilda jahon iqtisodiyoti uning rivojlanish tendensiyalarini belgilab beruvchi va global kun tartibini shakllantiradigan bir qator muhim muammolar va tendensiyalarga duch keladi.
COVID-19 pandemiyasining iqtisodiy oqibatlari, davom etayotgan geosiyosiy mojarolar, iqlim oʻzgarishi va texnologik innovatsiyalar global bozorlarga kuchli taʼsir koʻrsatmoqda. Shunday tendensiyalar fonida asosiy iqtisodiy tendensiyalar, mavjud muammolar, ularning ehtimoliy yechimlarini koʻrib chiqish foydadan holi boʻlmaydi.
Asosiy iqtisodiy tendensiyalar: jahon iqtisodiy oʻsish surʼatlari sekinlashdi
2024 yilda Xalqaro Valyuta Fondi global iqtisodiy oʻsishni 2,9% darajasida prognoz qilmoqda. Bu esa soʻnggi yillardagi oʻrtacha koʻrsatkichdan ham past. Dinamika sustlashuvining asosiy omillari - inflyatsiyaga qarshi kurashish uchun turli davlatlarning markaziy banklari tomonidan joriy etilgan yuqori foizli stavkalar, shuningdek, AQSh va Xitoy kabi dunyoning yirik iqtisodiyotlarida xizmat va tovarlarga talabning pasayishi bilan bogʻliq.
Inflyatsiya va foiz stavkalari oshdi
2023 yilda dunyo iqtisodiyotida inflyatsiya rekord darajaga yetdi va bu omil AQSh Federal rezerv tizimi hamda Yevropa Markaziy banki kabi markaziy banklarni asosiy foiz stavkalarini oshirishga majbur qildi. Iqtisodiy oʻsishning sekinlashuv xavfi mavjudligiga qaramasdan, ushbu chora-tadbirlar inflyatsiya kutilmalarini ushlab turish uchun 2024 yilda ham oʻz kuchida qolishi prognoz qilingan.
Raqamli transformatsiya va avtomatlashtirish
Butun dunyo boʻylab turli kompaniyalar oʻz biznes jarayonlarini raqamlashtirish va avtomatlashtirishga sarmoya kiritishda davom etmoqda. McKinsey & Company konsalting kompaniyasining maʼlumotlariga koʻra, 2024 yilda raqamli texnologiyalarga sarmoya kiritish hajmi 15 foizga oʻsishi kutilyapti. Bunday vaziyat esa yangi ish oʻrinlarini yaratish va mehnat unumdorligini oshirishi bilan birga, mehnat bozorida tarkibiy oʻzgarishlarni ham keltirib chiqaradi. Yaʼni, ayrim kasblar va mutaxassisliklarga ehtiyoj pasayib, hatto yoʻqolsa-da, ayrim yangi sohalar paydo boʻladi va ular yangi profildagi mutaxassislarni talab qiladi.
Ekologik barqarorlik va yashil iqtisodiyotga oʻtish
Iqlim oʻzgarishi kuchayib borayotgan bir paytda hukumatlar va kompaniyalar barqaror rivojlanishga eʼtiborni kuchaytirmoqda. 2024 yilda yashil texnologiyalar va qayta tiklanadigan energiya sohalariga investitsiya kiritish 20 foizga ortishi kutilyapti. Bunday istiqbol esa iqlim boʻyicha Parij kelishuvi maqsadlariga erishish yoʻlidagi muhim qadam boʻladi.
Shu bilan birga, jahon iqtisodiyoti joriy yilda qator oʻtkir muammolarga ham duch keldi. Ular esa dolzarbligi va taʼsirchanlik darajasidan kelib chiqqan holda, dunyo iqtisodiyotidagi muvozanatni oʻzgartirishga qodirligini yashirishdan foyda yoʻq. Xususan, ayni davrda quyidagi asosiy iqtisodiy muammolar alohida eʼtibor qaratishni talab qiladi:
Geosiyosiy mojarolar va iqtisodiy beqarorlik
Ukrainadagi urush, AQSh va Xitoy oʻrtasidagi siyosiy-iqtisodiy xarakterdagi keskinlik va boshqa shu kabi davom etayotgan mojarolar global iqtisodiyotga sezilarli taʼsir koʻrsatadi. Ular taʼminot zanjirlarining uzilishiga, energiya va oziq-ovqat narxlarining oshishi va iqtisodiy beqarorlikning kuchayishiga olib kelishiga shubha yoʻq.
Tengsizlik va qashshoqlik
Jahon banki maʼlumotlariga koʻra, 2024 yilda 700 milliondan ortiq odam qashshoqlik chegarasida yashayapti. Daromadlardagi tengsizlikning kuchayishi va mamlakatlar oʻrtasida va mamlakat ichida resurslardan foydalanishdagi tengsizlik - iqtisodiy oʻsish va ijtimoiy rivojlanishga toʻsqinlik qiluvchi muhim muammo boʻlib qolmoqda.
Qarz yuki
Xalqaro moliya instituti (IIF) maʼlumotlariga koʻra, 2023 yilda jami global qarz 300 trillion dollarga yetdi. Bu raqam jahon yalpi ichki mahsulotining 349 foizini tashkil etadi. Qarzning yuqori darajasi, ayniqsa rivojlanayotgan mamlakatlarda investitsiyalar va barqaror iqtisodiy rivojlanish imkoniyatlarini cheklashi tabiiy.
Qanday yechim topish mumkin?
Albatta dunyonning nazariyotchi va amaliyotchi iqtisodchilari bu kabi muammolarga yechim topishga urinishdan toʻxtagani yoʻq. Biroq yechim topish oʻz yoʻliga, ammo uni amalga tatbiq etish uchun turli davlat, tizim va turli xarakterdagi siyosiy iroda manbalari oʻrtasida oʻzaro muvofiqlikka erishish mushkul. Shunday boʻlsada, bu global muammolarga yechimlarni quyidagi tasniflarga koʻra ajratib koʻrsatish mumkin:
Diplomatik saʼy-harakatlar va savdo kelishuvlari
Xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va yangi savdo kelishuvlari geosiyosiy mojarolarni yumshatish va iqtisodiy oʻsishni ragʻbatlantirishga yordam beradi. Xalqaro valyuta jamgʻarmasi (XVJ) eksperti Jonatan Ostri xalqaro savdoda barqarorlikni saqlash uchun Jahon savdo tashkiloti (JST) kabi koʻp tomonlama savdo institutlari faoliyati samaradorligini kuchaytirishni taklif qilmoqda.
Taʼlim va tibbiyotga investitsiya kiritish
Albatta, taʼlim sifati va darajasini oshirish hamda tibbiy xizmatlardan foydalanishni yaxshilash tengsizlik va qashshoqlikni kamaytirishga yordam beradi, deb ishoniladi. Jahon banki barqaror rivojlanishga erishish va global raqobatbardoshlikni oshirish uchun dunyo mamlakatlariga inson kapitaliga sarmoya hajmini koʻpaytirishni tavsiya qilyapti.
Xalqaro moliya tizimini isloh qilish
Xalqaro Valyuta Fondi (XVF) va Jahon banki xalqaro moliya tizimlarini isloh qilish, jumladan, rivojlanayotgan mamlakatlarning qarzlarini yengillashtirish va moliyaviy resurslardan foydalanishni yaxshilash choralarini koʻrishni talab qilayapti. Masalan, mashhur iqtisodchi Karmen Raynxart barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash uchun yanada moslashuvchan moliyaviy vositalar va qarzlarni restruktizatsiya qilish mexanizmlarini ishlab chiqish muhimligini qayd etadi.
Jahon iqtisodiyotini qanday istiqbol kutmoqda?
Mavjud qiyinchiliklarga qaramasdan, global iqtisodiyot 2024 yilda tiklanish va oʻsish potensialini saqlab qolishi kutilyapti. Barqaror rivojlanish, raqamli transformatsiya va innovatsiyalar iqtisodiy oʻsishning asosiy omillari boʻlib qolmoqda.
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OYeCD - Organisation for Economic Co-operation and Development) prognozlariga koʻra, jahon iqtisodiyoti 2024 yil oxirigacha tiklanish sari yuz tutadi va 2025 yilda 3,2 foizlik oʻsish koʻrsatadi.
Lekin barqaror oʻsishga erishish hukumatlar, xalqaro tashkilotlar va xususiy sektorning muvofiqlashtirilgan saʼy-harakatlarini talab qiladi. Barqaror rivojlanishga sarmoya kiritish, innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash - kelajak 5-10 yilda dunyo iqtisodiyoti kelajagini shakllantirishda hal qiluvchi rol oʻynaydi.
Xulosa
Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, 2024 yilda jahon iqtisodiyoti jiddiy muammolarga duch keladi. Lekin shu bilan bir qatorda, global iqtisodiyot oʻsish va rivojlanish imkoniyatlariga ham ega boʻladi. Joriy qiyinchiliklarni yengish va imkoniyatlardan muvaffaqiyatli foydalanish yanada barqaror va adolatli global iqtisodiyotni yaratish uchun dunyo davlatlarining birgalikdagi saʼy-harakatlari va strategik qarorlar qabul qilishni talab etadi. Qisqa qilib aytganda, umumiy farovonlik va muvaffaqiyat – umumiy kelishuv va bahamjihatlik boʻlishini shart qilib qoʻymoqda.
Telegramda kuzatib boring!