platina.uz
Jamiyat

Zamonaviy dengiz qaroqchilari

Zamonaviy qaroqchilar, asosan harbiy va maʼmuriy taʼsir kuchsiz hududlarda faoliyat yuritadi. Ularga, asosan, Aden koʻrfazi va Afrikaning gʻarbiy sohillari, yaʼni Somali, Nigeriya va Gvineya qirgʻoqlari, Janubi-Sharqiy Osiyodagi Malayziya, Indoneziya va Filippinga yaqin dengiz havzalarida duch kelish mumkin. 

Zamonaviy dengiz qaroqchilari

Dengiz qaroqchiligi, garchi oʻtmishda qolgandek tuyulsada, XXI asrda ham madaniy insoniyat uchun jiddiy tahdid boʻlib qolmoqda. Hozirgi dengiz qaroqchilari - kemalarni oʻgʻirlash, odamlarni oʻgʻirlash va tovon puli undirish uchun zamonaviy texnologiyalar, qurollar va transport vositalaridan foydalanadigan uyushgan jinoiy guruhlardir.

Qaroqchilarning makoni qayerda?

Zamonaviy qaroqchilar, asosan harbiy va maʼmuriy taʼsir kuchsiz hududlarda faoliyat yuritadi.

Ularga, asosan, Aden koʻrfazi va Afrikaning gʻarbiy sohillari, yaʼni Somali, Nigeriya va Gvineya qirgʻoqlariga yaqin hududlarda, shuningdek, Janubi-Sharqiy Osiyodagi Malayziya, Indoneziya va Filippinga yaqin dengiz havzalarida duch kelish mumkin. Va albatta, “Karib dengizi qaroqchilari” filmini tomosha qilganlar uchun tanish boʻlgan Karib dengizi va Janubiy Amerika sohillarida ham zamonaviy dengiz qaroqchilari “ajdodlar anʼanasini” davom ettirib kelishmoqda.

Koʻpchilik tasavvuridagi dengiz qaroqchisi.

Tabiiyki, bu suv havzalaridagi qaroqchilar shu hududga yaqin davlatlarda yashaydi. Ayniqsa Somali uzoq vaqtdan beri eng faol “qaroqchilar poytaxti” boʻlib kelgan. Bu davlatda kuchli markazlashgan hukumatning yoʻqligi va qashshoqlikning yuqori darajada ekanligi qaroqchilarga oʻzlarining jinoiy tarmoqlarini rivojlantirishga imkon berdi. Zero bu yerdagi aholi oldida yashab qolishning asosan uchta yoʻli bor: Yevropaga yoki boshqa farovon davlatlarda hijrat qilish; xayriya tashkilotlarining sadaqalarini kutib yashash yoki qaroqchilarga qoʻshilib “bola-chaqa” boqish. Koʻpchilik uchinchi yoʻlni tanlaydi.

Hozirgi qaroqchilarning koʻrinishi.

Nigeriya va Gvineya koʻrfazida esa “jiddiy yigitlar” faoliyat koʻrsatadi. Bu yerdagi qaroqchi guruhlar tanker hujumlari va toʻlov uchun odam oʻgʻirlashga ixtisoslashgan. Xususan Nigeriya qaroqchilari oʻta shafqatsiz boʻlib, ular hujum qilgan dengiz transportidagi odamlar koʻpincha qirib tashlanadi yoki tovon puli uchun garovga olinadi.

Daromad va xarajatlari

Dengiz qaroqchilarining asosiy daromadi kemalardagi neft va boshqa yuklar va pullarni tortib olishdan kelsada, boshqa manbalar ham mavjud. Qaroqchilar oʻmargan mahsulotlarni sotishdan tashqari kema ekipaji va yoʻlovchilarini garovga olib, tovon puli evaziga ozod qilishdan ham pul ishlashadi. Bundan tashqari qaroqchilar giyohvand moddalar, qurollar va boshqa taqiqlangan tovarlar kontrabandasi, shuningdek, odam savdosi bilan shugʻullanishadi.

2011 yil. Somalilik qaroqchilar VEGA 5 baliq ovlash kemasi kapitani Xuan Alfonso Rey Echeverrini garovga olishgan paytlar.
Foto: Reuters

Ayrim guruhlarning daromad manbai qaroqchilik boʻlgan terrorchilik tashkilotlaridan mablagʻ olishi mumkinligi haqida gumonlar ham mavjud.

Qaroqchilar oʻgʻirlik pullarini qurol va qayiq olishga, amaldorlarga pora berish, shuningdek, shaxsiy boyish maqsadlarida sarflashadi. Masalan, Somalida qaroqchilar oʻmargan pullarining bir qismi mahalliy hamjamiyatlarni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltiriladi. Natijada mahalliy aholi qaroqchilarni qoʻllab-quvvatlab, yordam berib turishadi.

Zamonaviy dengiz qaroqchilari mahalliy jinoiy tarmoqlardan yordam olishadi, baʼzan hatto korrupsioner amaldorlarni ham jalb qiladi.

“Yalangoyoq” oʻgʻrilarning nimasidan qoʻrqishadi?

Ranggi uchgan koʻylak-ishton va rezina shippak kiyib olgan talonchilarning qanday qilib ulkan kemalarni qoʻlga olishlari va “ship-shiydon” qilib ketishlari koʻpchilikni hayron qoldiradi. Biroq hozirgi zamonda qaroqchilar odamxoʻr ajdodlari kabi yogʻoch nayza va kamon koʻtarib “ovga” chiqishmaydi. Ular AK-47 kabi samarali avtomatik qurollar, granatalar bilan qurollangan. Talonchilik paytlarida, ayniqsa, tezkor hujum va taʼqibdan qochish uchun katta tezlikda harakatlanuvchi motorli qayiqlardan, harakatlarinini muvofiqlashtirish, nishonlarni kuzatish va yaxshi koordinatsiya maqsadlarida sunʼiy yoʻldosh aloqasi va GPS navigatorlaridan foydalanishadi.

Zamonaviy dengiz qaroqchilari oʻz sohlarida katta tajriba va koʻnikmalarga ega. Ular kemalarni talon-taroj qilish uchun turlicha taktika va usullardan foydalanadi.

Qaroqchilar koʻpincha ochiqchasiga hujum qilmaydi. Ular kemaga yaqinlashib olish uchun kim ekanliklarini yashirishadi - oʻzlarini baliqchi yoki qutqaruvchi sifatida koʻrsatishadi. Shuningdek, ular tunda hujum qilishadi.

Qaroqchilar qoʻlga olingan kemalardan tuzoq sifatida foydalanib, boshqa kemalarni chalgʻitib hujum qilishadi.

Shuningdek, dengiz qaroqchilari koʻpincha savodsiz va oʻz qishlogʻidan boshqa joyni koʻrmagan sodda va yosh yigitlar boʻladi. Pul uchun har qanday tavakkalchilikka tayyor, buning ustiga giyohvand moddalar taʼsiri ostida boʻlishadi. Shu bois kemalarga hujum qilishdan tap tortmaydi. Bu jinoyatga oddiy ish sifatida qaraydi, oqibatlarini anglamaydi va tushunmaydi ham.

Somalidagi qaroqchilar yashaydigan uychalar.

Shu boisdan baʼzida bu ongsiz qaroqchilar harbiy kemalarga ham hujum qilishdan tap tortmaydi. Biroq bunday “jasorat” omadsiz “jentelmen”lar uchun oʻlim bilan tugaydi koʻpincha.

Masalan, 1993 yilda Fors koʻrfazi hududida Rossiyaning bahaybat desant kemasi - «Nikolay Vilkov»ga qaroqchilar bir necha katerlarda hujum qilishdi. Qaroqchilar kemaga pulemetdan oʻq uzishgan. Kemadagilar esa 57-mm li avtomatik kema toʻplari bilan javob berishdi.

2009 yilda esa qaroqchilar 2 ta AQSh jangovar kemalari - «Keyp Sent Djordj» kreyseri va «Gonsales» mina tashuvchi kemasiga daxl qilmoqchi boʻlishgan. Bunday axmoqona reja ham qaroqchilarning badanlari oʻqlardan ilma-teshik boʻlib ketishiga olib keldi.

2010 yilda esa Aden boʻgʻozida qaroqchilar «Moskva universiteti» tankeriga hujum qilishdi. Kema jamoasi mashina boʻlimiga yashirinib oldi va shu yaqin atrofda suzib ketayotgan, qayiqlarga qarshi «Marshal Shaposhnikov» kemasidan yordam soʻrashdi. Biroq bu safar rus kemasi qaroqchilarni qirib tashlab, Somali sudi oldida javobgar boʻlmaslik uchun, shunchaki qaroqchilar kateri bakini teshib, yoqilgʻisini toʻkib tashladi. Qaroqchilarni esa shunchaki qoʻyib yuborishdi.

2016 yilda qayd etilgan qaroqchilik hujumlari.

Biroq qaroqchilar baʼzan haqiqiy “Jek-pot”ga ham ega chiqishadi. Masalan, 2008 yilda Somali qaroqchilari MV Sirius Star kemasini qoʻlga olishdi. Bu voqea Keniya qirgʻoqlaridan 450 dengiz milya uzoqlikda sodir boʻlgan. Qaroqchilar garovga olinganlar evaziga 3 million dollar tovon puli toʻlashni talab qilishgan va maqsadlariga erishgan.

Kemaning qaroqchilarga qarshi kurash usullari

Koʻpincha kemalar ekipaji qaroqchilar hujumiga qarshi tura olish quvvatiga ega boʻlmaydi. Boisi, xalqaro qonunlarshga koʻra, tijorat yuk kemalari qurol olib yurishi mumkin emas. Shuningdek, kemalarning portlarga bortida qurol boʻlgani holda kirishiga ruxsat berilmaydi.

Kema ekipajining qaroqchilardan himoyalanish usullarining hammasi koʻrsatilgan surat.

Shunga qaramasdan, kemalar taqiqlanmagan usullardan foydalanishga harakat qilishadi. Masalan, qaroqchilar tirmashib chiqa olmasligi uchun kema borti atrfoini tikanli simlar bilan oʻrab qoʻyishadi; suv toʻplaridan foydalanib, qaroqchilarning qayiqlariga kuchli bosim ostidagi suv sepib yaqinlashgani qoʻyishmaydi: tovush zarbasi beruvchi toʻplar bilan qarshilik qilishadi. Ayrimlar kemalar esa tegishli ruxsatlar asosida xususiy qoʻriqlash guruhlari xizmatidan ham foydalanishlari mumkin.

Xalqaro kurash: muvaffaqiyat va muammolar

Hozirda xalqaro hamjamiyat qaroqchilikka qarshi kurashda katta saʼy-harakatlarni amalga oshirib, aksariyat hollarda muvaffaqiyatga erishmoqda. BMT, NATO va Yevropa Ittifoqi shafeligidagi koʻp davlatlar vakillaridan iborat dengiz operatsiyalari oʻtkazib turiladi. Xavfli hududlarni patrul qilish va kemalarni himoya qilishga qaratilgan “Atalanta”amaliyoti shular jumlasidandir.

AQSh Sohil xavfsizligi askarlarining qaroqchilarni qoʻlga olish jarayoni.

Shuningdek, kema ekipajlarini qurollantirish, kemalarda xususiy harbiy kompaniyalar va qurolli qoʻriqchilardan foydalanish, davlatlar oʻrtasida, Xalqaro dengiz byurosi (IMB) va BMT kabi tashkilotlar orqali maʼlumot almashib turish ham yaxshi smara beradi. Masalan, NATOning Adan koʻrfazida “Ummon qalqoni” amaliyoti mintaqadagi qaroqchilar hujumi sonini sezilarli darajada kamaytirishga yordam berdi.

Xalqaro qonunlar va shartnomalar

Zamonaviy dengiz qaroqchilariga qarshi kurashda mavjud huquqiy baza ham katta ahamiyatga ega. Hozirgi paytda bu muammoni tartibga soluvchi bir necha huquqiy hujjatlar mavjud.

Xususan, BMTning “Dengiz huquqi toʻgʻrisidagi konvensiya”si (UNCLOS) qaroqchilikni xalqaro jinoyat sifatida belgilaydi va uni taʼqib qilish qoidalarini belgilaydi.

Shuningdek, qaroqchilikka qarshi kurash boʻyicha mamlakatlar oʻrtasidagi hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim - “Suvaysh memorandumi” hamda BMT Xavfsizlik Kengashining tegishli rezolyutsiyalari qaroqchilarga qarshi kuch ishlatish va kemalarni himoya qilish uchun zarur mandatlar beradi.

Qaroqchilarni muvaffaqiyatli jazoga tortish haqida gapirganda, 2010 yilda AQShning Maersk Alabama konteyner tashuvchi kemasiga hujum qilgan somalilik qaroqchi Abduvali Musening AQShda sudlanilganini misol qilib koʻrsatish mumkin.

Muammo va toʻsiqlar

Erishilayotgan muvaffaqiyatlarga qaramasdan, hozirgi dengiz qaroqchilariga qarshi kurashda bir qator muammolar ham uchramoqda.

Jumladan, yurisdiksiya bilan bogʻli huquqiy toʻsiqlar: qaroqchilikka oid xalqaro qonunlar juda murakkab. Turli davlatlarning bu muammoga oid qonunlari turlicha boʻlgani, ayrim hollarda esa oddiy hamkorlikni taʼminlash qiyinligi bois jinoyatchilarni har doim ham samarali jazoga tortishning imkoni yoʻq.

Qolaversa, qashshoq va qoloq davlatlardagi korrupsiya va hukumat nazoratining yoʻqligi ham qaroqchilarga qoʻl kelmoqda. Bu qaroqchi guruhlarga yangi aʼzolarni yollash, oʻz davlati ichida toʻsiqsiz faoliyat yuritish uchun qulay sharoit yaratadi.

Bundan tashqari Xalqaro yuk tashish kompaniyalari garovga olingan odamlar va yuk uchun koʻpincha toʻlov toʻlashga rozi boʻlishadi. Bu esa qaroqchilarni yanada koʻproq hujumlar uyushtirishga undaydi.

Xulosa qilib aytganda, zamonaviy dengiz qaroqchiligi global xavfsizlik va iqtisodiyot uchun jiddiy tahdid boʻlib qolmoqda. Xalqaro saʼy-harakatlarga qaramasdan, qaroqchilar vatanidagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat, ijro mexanizmlarining yoʻqligi va toʻlovdan doimiy foyda olish kabi turli xil murakkab omillar tufayli qaroqchilar faoliyati toʻxtamayapti. Qaroqchilikni butunlay yengish uchun xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, qaroqchilik rivojlangan mamlakatlar iqtisodiyotini rivojlantirish, jinoyatchilarni jazolashning huquqiy asoslarini takomillashtirish zarur.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid