Hukumat vakillari Boysundagi hodisa joyiga bordi
Prezident topshirigʻiga koʻra Ochilboy Ramatov, Joʻrabek Mirzamahmudov, Abdulla Qoʻldoshev vva boshqalar oltingugurt gazi chiqishi kuzatilgan joyda boʻlishdi.

1 sentabr kuni soat 15:17 da Surxondaryo viloyati, Boysun tumanidagi burgʻulash qudugʻida burgʻulash ishlari olib borilishi vaqtida texnologik jarayonning buzilishi natijasida oltingugurt (vodorod sulfid) gazi chiqishi kuzatilgan.
Aholi xavfsizligini taʼminlash maqsadida kon yaqinida yashovchi fuqarolar xavfsiz hududga evakuatsiya qilingan.
Voqea tufayli fuqarolarning tan jarohati olishi yoki halok boʻlish holatlari kuzatilmagan. Ayni paytda vaziyat toʻliq nazorat ostida ekani aytilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining topshirigʻiga asosan, Bosh vazirining oʻrinbosari A.Ramatov, Favqulodda vaziyatlar vaziri general mayor Abdulla Qoʻldoshev, Energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov, Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʻbek Qosimov hamda "Oʻzbekneftgaz" AJ boshqaruv raisi Bahodirjon Sidiqov hodisa joyiga yetib borishdi.
Bu yerda barcha tegishli vazirlik va tashkilotlarni jalb etgan holda, Tezkor shtab tashkil qilingan. Texnogen ofat asoratlarini bartaraf etish boʻyicha zarur choralar koʻrilmoqda.
Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, vodorod sulfid — bevosita asab tizimiga taʼsir qiluvchi zaharli gaz.
U hid bilish nervini falaj qilish xususiyatiga ega, buning oqibatida odam bu gazning hidini sezmay qoladi. Bu koʻpincha toksik manba bilan aloqani oʻz vaqtida aniqlash va toʻxtatish qobiliyatining yoʻqligi tufayli kuchli zaharlanishga olib keladi.