Prezident Mustaqillik bayrami tantanasida nutq soʻzladi
Shavkat Mirziyoyevga koʻra, "bugungi nihoyatda murakkab va tahlikali davr oldimizga yangi-yangi sinov va muammolarni koʻndalang qilib qoʻymoqda". Iqtisodda monopol huquqlar bekor qilinib, barchaga teng imkoniyatlar berilishi taʼkidlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz uch yilligiga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzladi.
Prezident soʻnggi 7 yilda Oʻzbekiston tashabbuslari asosida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan 10 dan ziyod, jumladan, joriy yilda 4 ta maxsus rezolyutsiya qabul qilinganini qayd etdi.
Jahon banki bu yil mamlakat yalpi ichki mahsuloti 5,3 foizga oʻsishini prognoz qildi. Koʻplab davlatlar bilan solishtirganda bu ancha yuqori koʻrsatkichdir. Xalqaro valyuta jamgʻarmasi eʼtirof etganidek, 2023 yilda yalpi ichki mahsuloti ilk bor 100 milliard dollardan oshdi.
"Odamlarimizda hayotdagi muammolar yechimiga daxldorlik hissi, faol fuqarolik pozitsiyasi kuchaymoqda. Aholimiz “Tashabbusli byudjet” loyihasida faol qatnashib, mahallalar hamda ijtimoiy obʼektlarni moliyalashtirishni mustaqil hal etmoqda. Oʻtgan davrda yurtdoshlarimiz maʼqullagan 13 mingdan ortiq loyihalar uchun 11 trillion soʻm mablagʻ ajratilgani ham buni tasdiqlaydi.
Ekologiyani asrash, tabiiy resurslarni tejab ishlatish, jumladan, suvdan oqilona foydalanish boʻyicha zamonaviy tizimlarga oʻtish ishlarini kuchaytirdik.
Mamlakatimizda “Yashil makon” dasturi davom etmoqda. Ayniqsa, Orol dengizi tubini koʻkalamlashtirish ishlari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Eng muhimi, ushbu loyiha mintaqa boʻylab chang va tuz tarqalishining oldini olishga yordam bermoqda" deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident nutqida taʼkidlanishicha, "bugungi nihoyatda murakkab va tahlikali davr oldimizga yangi-yangi sinov va muammolarni koʻndalang qilib qoʻymoqda".

"Lekin hayot qanchalik mashaqqatli boʻlmasin, mamlakatimizda demokratik islohotlarni izchil davom ettirib, xalqimizni rozi qilishga, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.
Qurolli Kuchlarimizni zamonaviy qurol-yarogʻ va texnika bilan taʼminlash, ularning jangovar va maʼnaviy salohiyatini oshirishga bundan buyon ham ulkan eʼtibor qaratamiz.
Lekin tinchlikni saqlash faqat harbiylarimizning ishi boʻlib qolmasligi kerak. Bu barchamizning, har bir Oʻzbekiston fuqarosining muqaddas burchi boʻlishi shart" deydi davlat rahbari.
Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish yoʻlidagi saʼy-harakatlar qatʼiy davom ettiriladi. Alohida kompaniyalarga berilgan monopol huquq va imtiyozlarni bosqichma-bosqich bekor qilib, barchaga teng huquqlar berilishini taʼminlanadi.
Joriy yilda energetika, neft-gaz, suv xoʻjaligi, yoʻl qurilishi, temir yoʻl va aeroport xizmati sohalarida 17 turdagi davlat monopoliyasini tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Bu ishlar davom etib, mamlakat xalqaro savdo makonining ajralmas qismiga aylantiriladi.
"Biz endi 37 millionlik katta xalqmiz. Oʻzbekiston hozirgi kunda aholi soni boʻyicha jahondagi eng yirik 40 ta davlatdan biri hisoblanadi. Bu raqamni islohotlarimiz, mehnatimiz, bilim va qobiliyatimiz bilan katta salohiyatga aylantirishimiz kerak" deya qayd etdi Prezident.