Prezident Asila Mirzayorova va Qudratilloxon Maʼrufxoʻjayev bilan muloqot qildi
Shavkat Mirziyoyev sportchilarni tabriklab, ularning murabbiylari va ota-onasiga minnatdorlik bildirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Fransiya poytaxti Parij shahrida oʻtayotgan Paralimpiya oʻyinlarida terma jamoamizning ilk oltin medallarini qoʻlga kiritgan yengil atletikachilar Asila Mirzayorova va Qudratilloxon Maʼrufxoʻjayev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Asila Mirzayorova uzunlikka sakrashda 5,22 metr natija qayd etib, salkam 30 yil oldingi paralimpiya rekordini yangiladi. Qudratilloxon Maʼrufxoʻjayev yadro uloqtirish bahsida gʻolib boʻldi.
Davlat rahbari ularni qizgʻin tabriklab, mehrli soʻzlarini izhor qildi. Murabbiylari va ota-onasiga minnatdorlik bildirdi. Boshqa sovrindor va ishtirokchi sportchilarga ham salom yoʻllab, muvaffaqiyatlar tiladi.
Paralimpiyachilar tabrik va doimiy eʼtibori uchun Prezidentga rahmat aytib, yangi gʻalabalarga erishishga vaʼda berdilar.




