platina.uz
Jamiyat

Fargʻonada aholining 4 mlrd soʻmdan oshiq qarzi bekor qilindi

Taʼminotchi tashkilot xonadonlarga yetarli darajada issiqlik yetkazib berilmagan vaqt uchun ham toʻlov talab qilgan. 

Fargʻonada aholining 4 mlrd soʻmdan oshiq qarzi bekor qilindi

Raqobat qoʻmitasi Fargʻona viloyatida aholiga yozilgan 4 mlrd soʻmdan oshiq qarzni bekor qildi.

Qoʻmitaning Fargʻona viloyati hududiy boshqarmasiga tushgan murojaatlar asosida Fargʻona viloyati “Issiqlik manbai” ishlab chiqarish davlat boshqarmasi bilan hamkorlikda maishiy isteʼmolchilarga yetkazib berilgan issiqlik energiyasi hamda koʻrsatilgan xizmatlar boʻyicha oʻrganish ishlari olib borilgan.

Oʻrganishlarda isitish mavsumi davomida koʻp qavatli uylarga issiqlik taʼminotini yetkazib beruvchi markaziy tarmoqlarning isitish qozonxonalarida avariya holatlari (taʼminot uzilishi) sodir boʻlgan vaqtlarda hamda tabiiy gaz bosimi pastligi va boshqa asosli sabablarga koʻra, aholi xonadonlariga yetarli darajada issiqlik taʼminoti yetkazib berilmaganligi, shuningdek, taʼminotchi korxona bilan tuzilgan shartnomalarning tegishli bandlariga asosan qayta hisob-kitoblar amalga oshirilganda 6146 nafar isteʼmolchining xonadonlariga 4 mlrd 173 mln soʻmdan ortiq noreal debitor qarzdorliklar hisoblanganligi aniqlandi.

“Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunga koʻra, sotuvchi (ijrochi) isteʼmolchini haq evaziga qoʻshimcha tovarlar sotib olishga yoki qoʻshimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek koʻrsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas.

Yuqoridagilarga koʻra, ishni koʻrib chiqish yakuni boʻyicha hududiy boshqarma tomonidan mazkur holat yuzasidan viloyat “Icsiqlik manbai” ishlab chiqarish davlat boshqarmasiga isteʼmolchilarga hisoblangan 4 mlrd 173 mln soʻmdan ortiq asossiz qarzdorlikni bekor qilish yuzasidan koʻrsatma berildi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida taʼminotchi korxona tomonidan koʻrsatilmagan xizmatlar uchun hisoblangan qarzdorliklar bekor qilindi.

Avvalroq qoʻmita dorilarning qimmat narxda sotilishi boʻyicha ham chora koʻrgandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid