"Oʻzbekneftgaz"ga qarshi ish qoʻzgʻatildi
Tashkilot tomonidan oʻtkazilgan 4.8 mlrd soʻmlik savdolarda qonun buzilishi aniqlangan.

Raqobat qoʻmitasi "Oʻzbekneftgaz"ga qarshi ish qoʻzgʻatdi.
Qoʻmitaning Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan, Toshkent shahrida oʻtkazilayotgan davlat xaridlari boʻyicha doimiy monitoring oʻtkazilmoqda.
Oʻrganishlar natijasiga koʻra, “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan maxsus axborot portali orqali oʻtkazilgan 2 ta jami 4.8 mlrd soʻmga yaqin eng yaxshi takliflarni tanlash savdolarida “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunning 29-moddasi talablari buzilganlik alomatlari aniqlandi.
Yuqoridagilarga koʻra, “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonun va Vazirlar Mahkamasining 225-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari buzilishi alomatlari bilan “Oʻzbekneftgaz” AJga nisbatan ish qoʻzgʻatildi.
Qoʻzgʻatilgan ish oʻrnatilgan tartibda koʻrib chiqilib, qaror qabul qilingandan soʻng qoʻshimcha axborot berilishi maʼlum qilindi.