platina.uz
Sport

Shavkat Mirziyoyev olimpiada ishtirokchilari va ularning yaqinlari bilan uchrashdi

Uchrashuvda 2028 yilgi Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik masalasi koʻtarildi. Prezident ommaviy sportni rivojlantirish masalasini koʻtardi. 

Shavkat Mirziyoyev olimpiada ishtirokchilari va ularning yaqinlari bilan uchrashdi

Koʻksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Parij Olimpiadasida ishtirok etgan sportchilar, ularning ota-onalari va murabbiylari bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Olimpiya medallari, mamlakatning sport olamida erishayotgan yutuqlari davlatning umumiy rivojlanish va insoniy taraqqiyot darajasini bildirishi taʼkidlandi.

"Chindan ham, sizlar gʻoyat keskin bellashuvlarda yuksak jasorat va matonat koʻrsatib, 8 ta oltin, 2 ta kumush, 3 ta bronza medalni qoʻlga kiritganingiz mamlakatimizning taraqqiyot borasidagi yuksak salohiyatini ifoda etadigan yorqin natijadir.

Bu tarixiy gʻalaba Yangi Oʻzbekiston yoshlari qanday buyuk ishlarga qodir ekanini yana bir marta amalda namoyish etdi",
- dedi davlatimiz rahbari.

Oʻzbekiston ishtirokchi davlatlar orasida umumjamoa hisobida 13-oʻrinni, Osiyo qitʼasida 4-oʻrinni, turkiy va islom mamlakatlari hamda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi boʻyicha 1-oʻrinni egalladi.

"Esingizda boʻlsa, biz Tokio olimpiadasidan soʻng keyingi safar albatta jahonda kuchli oʻn beshtalikka kiramiz, deb niyat qilgan edik.

Lekin faqat niyatning oʻzi bilan cheklanmasdan, avvalo, bu masalaga boʻlgan qarashimizni oʻzgartirib, uch yil davomida qattiq va tinimsiz mehnat qildik, sportchilarimiz uchun barcha sharoitlarni yaratib, ana shunday yuksak marralarni zabt etdik", - dedi Prezident nutqining davomida.

Boks boʻyicha milliy terma jamoamiz oltin medallar soni boʻyicha mamlakatimiz tarixida Olimpiya oʻyinlari rekordini yangiladi va umumjamoa hisobida 1-oʻrinni egalladi.

Erkaklar oʻrtasida yettita oltin medalning beshtasini yoki 71 foizini bizning bokschilar qoʻlga kiritdilar.

Prezident Bahodir Jalolov, Hasanboy Doʻsmatov, Asadxoʻja Moʻydinxoʻjayev, Lazizbek Mullajonov, Abdumalik Xaloqovni ana shunday shonli yutuqlari bilan yana bir bor qizgʻin tabrikladi.

Prezident Olimpiada oʻyinlarida Oʻzbekiston sharafini astoydil himoya qilgan, lekin ozgina omadi kelmagan sportchilarni ham samimiy tabrikladi.

Xususan, badiiy gimnastika boʻyicha sportchi qizlar Olimpiya oʻyinlari tarixida birinchi marta guruh bellashuvlarining final bosqichiga yetib bordilar.

Ular dunyoning eng kuchli 8 ta jamoasi orasidan joy egallagani ham oʻziga xos muhim natija boʻlgani qayd etildi.

Prezident barchamiz guvohi boʻlgan yana bir muhim jihatni aytib oʻtdi.

Boks boʻyicha oʻzbek murabbiysi Akmal Hasanov qirgʻizistonlik bokschi Munarbek Seyitbek oʻgʻliga yordam berib, uni musobaqaning finaligacha borishida koʻmaklashgani mintaqadagi doʻstona munosabatning yorqin namunasi boʻldi.

Prezident Parijdagi natijalarni chuqur tahlil qilib, ulardan zarur xulosa va saboqlar chiqargan holda 2028 yili Los-Anjelesda boʻladigan navbatdagi olimpiadaga tayyorgarlikni hozirdan boshlash kerakligini qayd etdi.

Masalan, Parij olimpiadasida 32 ta sport turi boʻyicha 329 ta medal uchun kurash olib borildi.

Suzish, suvga sakrash, sinxron suzish, suv polosi, yengil atletika, eshkakli, baydarka va kanoeda suzish, velosport, oʻq otish va kamondan otish, gimnastika boʻyicha bizda sport federatsiyalari ham, musobaqalarga tayyorgarlik koʻrish uchun tegishli baza ham bor. Eng muhimi, bu borada iqtidorli sportchilar ham yetarli ekani taʼkidlandi.

Chim ustida xokkey, basketbol, gandbol, regbi, suv polosi kabi jamoaviy sport turlari, yunon-rum kurashi, ot sporti, zamonaviy beshkurash, triatlon, qilichbozlik boʻyicha ham hali ishga solinmagan imkoniyatlar juda koʻpligi qayd etildi.

15 ta Olimpiya va paralimpiyaga tayyorlash markazi, 6 ta Respublika oliy sport mahorati maktabi, 56 ta ixtisoslashtirilgan sport maktabiga ana shu yoʻnalishlarda yuqori mahoratli sportchilarni tarbiyalagan mahalliy va xorijiy trenerlarni biriktirish lozimligi taʼkidlandi.

Hukumatga sport federatsiyalari rahbarlari bilan birgalikda har tomonlama asoslangan takliflarini kiritish topshirildi.

Ommaviy sportni rivojlantirish milliy olimpiya harakatining ajralmas bir qismi boʻlishi kerakligi qayd etildi.

Shu bois mamlakatda ommaviy sportni yanada rivojlantirish haqida takliflar ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

Yaqinda Prezident farmoni bilan 33-yozgi Olimpiada oʻyinlarining gʻolib va sovrindorlari, ularning murabbiylari hamda sport delegatsiya aʼzolaridan bir guruhi mukofotlangan edi.

Bugungi marosimda davlat rahbari ushbu yuksak mukofotlarni oʻz sohiblariga tantanali topshirdi.

Soʻzga chiqqan sportchilar, murabbiy va ota-onalar eʼtibor va ishonch, yaratilgan sharoitlar va ragʻbat uchun minnatdorlik bildirdi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid