Parlamenti yoʻq davlatlar

Bu davlatlarda parlamentning yoʻqligi turli sabablar, jumladan, tarixiy anʼanalar, madaniy xususiyatlar va markazlashgan boshqaruv orqali barqarorlikni saqlash istagi bilan bogʻliq.

Saylov-2024
28-avgust, 19:56

Dunyo mamlakatlari siyosiy tuzilmalari va boshqaruv shakllari jihatidan farq qiladi. Bugungi kunda aksariyat davlatlar parlament yoki aralash tizimlar orqali boshqariladi. Mazkur davlatlarda parlament qonun chiqaruvchi organ sifatida faoliyat yuritadi. 

Biroq, parlamenti mavjud boʻlmagan va oʻzgacha shaklda boshqariladigan mamlakatlar ham bor. 

1. Saudiya Arabistoni.

Boshqaruv shakli: mutlaq monarxiya

Parlament yoʻqligining sababi: butun hokimiyat yakka monarx, yaʼni podshoh qoʻlida jamlangan.

Saudiya Arabistoni dunyoda mutlaq monarxiya hukm surayotgan kam sonli davlatlardan biridir. Bu yerda hokimiyat davlat va hukumat boshligʻi boʻlgan podshoh qoʻlida toʻplangan. Podshoh cheksiz vakolatlarga ega. U saylangan, qonun chiqaruvchi organ ishtirokisiz qonun, farmon va qarorlar qabul qilish huquqiga ega.

Saudiya Arabistoni shariat qonunlari bilan boshqariladi va har qanday qonun faqat podshoh tomonidan tasdiqlanadi va qabul qilinadi. 

Mamlakatda maslahat kengashi – "Majolis ush-Shura" mavjud boʻlsa-da, uning roli faqat tavsiya berish bilan cheklangan va haqiqiy qonun chiqaruvchi qudratga ega emas. Kengash podshoh tomonidan tayinlangan 150 aʼzodan iborat, lekin u qonun chiqarish yoki hukumatni nazorat qilish huquqiga ega emas.

Saudiya Arabistonida siyosiy partiyalar faoliyati ham taqiqlangan.

2. Vatikan

Boshqaruv shakli: teokratiya

Parlament yoʻqligi sababi: hokimiyat Rim papasi qoʻlida markazlashgan.

Vatikan Rimda joylashgan suveren shahar-davlat boʻlib, katolik cherkovining markazi hisoblanadi. Vatikan katolik cherkovining boshligʻi Papa ham diniy hokimiyat, ham davlat boshligʻi hisoblanadi. Vatikan boshqaruv tizimi teokratiya – yaʼni diniy hokimiyatga asoslangan. Papaning Vatikandagi hokimiyati mutlaq boʻlib, parlament yoki saylanadigan organga ehtiyoji yoʻq.

Barcha qonun chiqaruvchi va ijro hokimiyati funksiyalari Muqaddas taxtning maʼmuriy apparati boʻlgan Papa va Kuriya qoʻlida jamlangan. Asosiy qonunlar Papa tomonidan tasdiqlanadi va chiqariladi. Davlat boshqaruvi esa maxsus tayinlangan kardinallar va prelatlar orqali amalga oshiriladi.

3. Ummon

Boshqaruv shakli: mutlaq monarxiya

Parlament yoʻqligining sababi: tarixiy anʼana va siyosiy madaniyat.

Ummon – Arabiston yarim orolidagi mutlaq monarxiyaga ega yana bir davlat hisoblanadi. Ummon sultoni – ham davlat, ham hukumat boshligʻi boʻlib, qonun chiqarish va ijro etish vakolatlariga ega. Mamlakatda qonunlarni qabul qiladigan yoki hukumat faoliyatini nazorat qiladigan parlament yoʻq.

Ummonda davlat kengashi va maslahat kengashi mavjud boʻlsa-da, ularning vazifalari maslahatchilik roli bilan cheklangan. Sulton bu kengashlarning aʼzolarini tayinlash va ularning vakolatlarini belgilab berish huquqiga ega. Sulton butun hokimiyat va davlat ishlari ustidan nazorat oʻrnatgan.

4. Bruney

Boshqaruv shakli: mutlaq monarxiya

Parlament yoʻqligining sababi: bir kishilik boshqaruv orqali barqarorlik.

Bruney – Janubi-Sharqiy Osiyodagi kichik, ammo boy davlat boʻlib, u ham mutlaq monarx tomonidan boshqariladi. Bruney sultoni mamlakat ustidan toʻliq hokimiyatga, shu jumladan, qonun chiqaruvchi funksiyalarga ega. Bu yerda ham saylanadigan parlament mavjud emas.

1962 yilda Bruney monarxiyaga qarshi qoʻzgʻolon bilan bogʻliq siyosiy inqirozni boshdan kechirdi, shundan soʻng mamlakat favqulodda boshqaruv tizimiga oʻtdi. Oʻshandan beri sulton mutlaq hokimiyatini saqlab kelmoqda. Demokratik institutlar, shu jumladan, parlamentni joriy etishga urinishlar goʻyoki siyosiy-ijtimoiy barqarorlikni saqlash va davlatni nazorat qilish evaziga rad etilgan.

Bruney muhim tabiiy resurslarga, ayniqsa, neft va gazga boy boʻlib, aholi uchun yuqori daromad va ijtimoiy kafolatlar beradi. Sulton davrida barqarorlik va farovonlik – fuqarolarning mavjud boshqaruv tizimini qoʻllab-quvvatlashiga sababchi boʻlyapti, deyishadi. 

5. Esvatini (sobiq Svazilend)

Boshqaruv shakli: mutlaq monarxiya

Parlament yoʻqligining sababi: anʼanaviy monarxiya va siyosiy tizim ustidan nazorat.

Esvatini – Afrika janubidagi kichik davlat, dunyodagi soʻnggi mutlaq monarxiyalardan biridir. Esvatini qiroli mamlakatdagi barcha hokimiyatni, shu jumladan, qonun chiqaruvchi hokimiyatni ham oʻz qoʻliga jamlagan. Bu yerda qonunlarni qabul qilishga yordam beradigan parlament mavjud emas.

Esvatini ikki palatali parlament tizimiga (Senat va Assambleya palatasiga) ega boʻlsa-da, bu institutlarning siyosatga haqiqiy taʼsiri juda kam. Qirol parlament aʼzolarining koʻp qismini oʻzi tayinlaydi va har qanday qonunga veto qoʻyish huquqiga ega. 

Esvatini qiroli xalqaro bosim va demokratik islohotlarga boʻlgan ichki chaqiriqlarga qaramay, anʼanaviy qadriyatlar va barqarorlikni himoya qilish bahonasida oʻzgarishlarga yoʻl bermay kelmoqda.

Mazkur davlatlarda parlamentning yoʻqligi turli sabablar, jumladan, tarixiy anʼanalar, madaniy xususiyatlar va markazlashgan boshqaruv orqali barqarorlikni saqlash istagi bilan bogʻliq. Bu mamlakatlarning har biri oʻziga xos siyosiy tizimga ega boʻlib, ularning hukmdorlari fikricha bu barqaror taraqqiyotni taʼminlaydi. Biroq bunday boshqaruv shakllari xalqaro hamjamiyat tomonidan koʻpincha demokratik institutlarning yoʻqligi, fuqarolarning huquq va erkinliklarining cheklanishi bois tanqid qilib kelinadi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+