Isroil Gʻarbiy sohilda operatsiya boshlaganini eʼlon qildi
Falastin tomoni ikki kishi halok boʻlganini maʼlum qilgan.
Isroil Mudofaa kuchlari Gʻarbiy Sohildagi Jenin va Tulkarm shaharlarida "aksil-terror" operatsiyasini eʼlon qildi.
Bundan biroz oldin Falastin Sogʻliqni saqlash vazirligi Jeninda Isroil hujumi natijasida ikki falastinlik halok boʻlganini xabar qilgan.
Al-Jazira xabariga koʻra, Isroilning 27 avgust kuni Gʻarbiy Sohilga bergan zarbasi natijasida 25 va 39 yoshli erkaklar halok boʻldi. Yana ikki kishi yaralangan.
Bu hafta Isroil ham Gʻarbiy Sohilda havo hujumi ham uyushtirdi. Falastin tomoni besh kishi halok boʻlgani haqida xabar berdi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Isroilning Gʻazodagi agressiyasi oqibatida halok boʻlganlar soni 40 ming kishidan oshib ketgani xabar berilgandi.