Chigitni birjaga qoʻymasdan sotgan korxonaga chora koʻrildi
Yuqori likvidli va monopol mahsulotlarni toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha sotish harakatlari manipulyatsiya hisoblanadi.

Texnik chigitni birjaga qoʻymasdan, toʻgʻridan toʻgʻri sotgan korxona chora koʻrildi. Bu haqda Raqobat qoʻmitasi xabar berdi.
Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan “Birja savdolarida yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlarni sotish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomining 29-bandiga muvofiq Monopoliyaga qarshi kurashish organi doimiy ravishda birja narxlari monitoringini oʻtkazib borilishi belgilangan.
Raqobat qoʻmitasining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi “Oʻzbekiston Respublikasi Tovar xom ashyo birjasi” Toshkent filialining taqdim qilgan maʼlumotlarini oʻrgangan. Unda “Real Agro Cotton” UK tomonidan 2023 yilda yigʻib olingan paxta hosili hisobidan jami 17 ming tonnadan ziyod texnik chigit mahsulotini toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida sotib, manipulyatsiya harakatlarini sodir etganlik holatlari aniqlandi.
Maʼlumot oʻrnida. “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunning 29-moddasi 3-qismi 12-xatboshisida “Faqat birja savdolariga qoʻyish yoʻli bilan sotilishi lozim boʻlgan yuqori likvidli va (yoki) monopol mahsulotlar hajmlarini birja savdolariga qoʻymasdan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha sotish” harakatlari monopoliyaga qarshi talablarni buzilishi belgilab koʻrsatilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 18 martdagi 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomining 311-bandi 18-xatboshisida, “Yuqori likvidli va (yoki) monopol mahsulotlarni toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha sotish” harakatlari manipulyatsiya deb hisoblanadi.
Yuqoridagilarga muvofiq, hududiy boshqarma tomonidan “Real Agro Cotton” UKga nisbatan ish qoʻzgʻatilib, natijasi yuzasidan belgilangan tartibda tegishli taʼsir chorasi qoʻllanildi.