Bayram munosabati bilan pensiyalar oldindan toʻlanadi
Pensiyalar Mustaqillik bayramigacha 15 foiz oshirilgan holda plastik kartalarga oʻtkaziladi. Naqd oluvchilarga esa 4 sentabrdan tarqatiladi.
Mustaqillik bayrami munosabati bilan pensiya toʻlovlari oldindan toʻlab beriladi. Bu haqda Pensiya jamgʻarmasi xabar berdi.
Maʼlumki, Davlat mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan 1-3 sentabr dam olish kunlariga toʻgʻri kelmoqda.
"Oʻzbekistondagi keksa yoshdagi fuqarolarni, pensiya oluvchilarni, nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash hamda bayramni koʻtarinki ruhda kutib olishlarini taʼminlash maqsadida, pensiya toʻlovlarini bank plastik kartada oluvchi fuqarolarning joriy yil sentabr oyi uchun pensiya toʻlovlari 1 sentabr kuniga qadar ularning bank plastik kartalariga oʻtkazib beriladi", deyiladi jamgʻarma xabarida.
Prezidentning "Ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish toʻgʻrisida"gi Farmoni (PF-108-son) ga muvofiq joriy yil sentabr oyi pensiyalar miqdori 15 foizga oshirilgan holatda pensionerlarga toʻlanishi taʼminlanadi.
Naqd pul shaklida pensiya oluvchilarga toʻlovlar 4 sentabr kunidan boshlab Xalq banki sayyor kassalari tomonidan grafikka muvofiq amalga oshiriladi.
Telegramda kuzatib boring!