platina.uz

Sunʼiy intellekt va sunʼiy ong oʻrtasidagi farq: sunʼiy intellekt ongga aylanishi mumkinmi?

Sunʼiy intellekt va sunʼiy ong oʻrtasidagi farq olimlar, faylasuflar va texnologlar oʻrtasida qizgʻin bahs-munozaralarga sabab boʻlmoqda. SI bir kun kelib ongli boʻlishi mumkinmi?

Maqola
27-avgust 2024 yil
Sunʼiy intellekt va sunʼiy ong oʻrtasidagi farq: sunʼiy intellekt ongga aylanishi mumkinmi?

Sunʼiy intellekt (CI) soʻnggi yillarda ham ilmiy doiralarda, ham keng jamoatchilik orasida eng koʻp muhokama qilinadigan mavzulardan biriga aylandi. SI tibbiyotdan - moliyagacha, tabiiy tilni qayta ishlashdan - avtonom transport vositalarigacha boʻlgan sohalarda oʻzining foydali ekanligini allaqachon isbotlagan. Ammo SIning imkoniyatlari oshgani sari, bir muhim savol tugʻiladi: SI qachondir ongga ega boʻladimi?

Sunʼiy intellekt va sunʼiy ong oʻrtasidagi farq olimlar, faylasuflar va texnologlar oʻrtasida qizgʻin bahs-munozaralarga sabab boʻlmoqda. Xoʻsh, sunʼiy intellekt va sunʼiy ong oʻrtasida qanday farq bor? SI bir kun kelib ongli boʻlishi mumkinmi?

Sunʼiy intellekt nima?

Eng avvalo, sohada qoʻllaniluvchi asosiy atamalar va ularning oʻzbek tiliga tarjimasi borasida tushunmovchiliklar borligini qayd etish lozim.

Jumladan, original atama, inglizcha “Artificial intelligence” (ruscha “Iskusstvennыy intellekt”) oʻzbek tiliga turlicha – sunʼiy ong, idrok, tafakkur, miya, aql, deya tarjima qilib qoʻllanilmoqda. Biroq oʻzbek tilining izohi lugʻatiga nazar solsak, bu soʻzlar maʼno jihatdan yaqin va oʻxshash boʻlsada, oʻzaro farqlanishini koʻrishimiz mumkin. Bizning nazarimizda aynan “sunʼiy intellekt” atamasi unga yuklatilgan barcha maʼnolarni oʻzida toʻla aks ettira oladi. Shu jihatdan olib qaraganda, sunʼiy intellekt va sunʼiy ong atamalari ikkita alohida tushunchani ifodalaydi.

Sunʼiy intellekt nima?

SI - bu axborot texnoologiyalari va kompyuter fanlarining bir sohasi boʻlib, u inson aqli talab etiladigan vazifalarni bajara oladigan tizimlarni yaratishga qaratilgan. Bu vazifalar odam nutqini tanish va tahlil eta olish, masalalarni yechish, oʻrganish, idrok etish va hatto qaror qabul qilish kabi koʻplab vazifalarni oʻz ichiga oladi. Zamonaviy SI tizimlari mashinaviy oʻrganish (Machine Learning) va katta hajmdagi maʼlumotlarga oʻrgatilgan chuqur oʻrganish (Deep Learning) algoritmlari asosida ishlaydi.

SIning ikkita asosiy turi mavjud:

1. Tor yoki ixtisoslashtirilgan vazifalar uchun SI (Narrow AI) - bu aniq vazifalarni bajarish uchun moʻljallangan tizimlardir. Masalan, tasvirni aniqlash tizimlari, chatbotlar va strim xizmatlari boʻyicha tizimlar.

2. Umumiy SI (General AI) - bu inson darajasida har qanday intellektual vazifani bajarishga qodir boʻlgan, universal, ammo faraziy tizim. Yaʼni bunday tizim xuddi odamga oʻxshash boʻlib, unga hech qanday tayyorgarliksiz va mashina tiliga moslashtirilmasdan biror vazifa berilsa, tizim uni darhol bajaradi. Bunday vazifa turli sohalarni qamrab olishi mumkin. Lekin bunday SI hali yaratilmagan va uni ishlab chiqish uzoq muddatli tadqiqotlarning asosiy maqsadi boʻlib qolmoqda.

Sunʼiy ong nima?

Sunʼiy ong (SO), shuningdek, raqamli ong deb ham ataladi, bu mashina yoki dasturning ongga ega boʻlish faraziy (!) qobiliyatini, yaʼni uning mavjudligini anglash, oʻz-oʻzini anglash, subʼektiv tajriba va idrokni anglatadi. Agar SI algoritmlar va maʼlumotlarga asoslangan boʻlsa, SO yuqori sifatli ichki tajriba, subʼektiv idrok va aks ettirish qobiliyatining mavjudligini nazarda tutadi.

Sodda qilib tushuntirganda, sunʼiy ong oʻzini, oʻzligini, atrof muhitni va oʻzining atrof muhitdagi oʻrni, oʻzaro taʼsir qilish omillarini anglay olishi lozim. Masalan u “men kimman, maqsadim nima” kabi savollarni oʻziga bera olishi, hatto xayol sura olishi lozim.

“Bu axir tirik mavjudotga oid fazilatku” degan eʼtirozga javoban shuni aytish mumkinki, odam miyasi ham neyronlar, tugunlar va boshqa moddiy narsalardan iborat boʻlib, neyron aloqalari oʻrnatib, elektr signallari va gormonlar yordamida oʻzaro muloqotga kirishadi; xayol surib, qarorlar qabul qiladi, oʻrganadi va hokazo.

Bu qismlarni alohida olsangiz, yaʼni miyadagi hujayralar va boshqa organik toʻqimalar yakka holda oʻzlarini “nima” ekanliklari, nima vazifa bajarishayotganini anglashmaydi. Biroq ular oʻzaro aloqada boʻlganida va tegishli instinkt, bilim va tajriba yordamida insonga xos ong, tafakkur va aql belgilarini namoyish etishadi.

Ong, aqldan farqli oʻlaroq, hislar va tuygʻular, subʼektiv idrok va oʻz-oʻzini anglash kabi jihatlarni oʻz ichiga oladi. Neyrologiya sohasidagi koʻp asrlik falsafiy mulohazalar va zamonaviy tadqiqotlarga qaramay, bu jihatlar hali ham fan uchun sir boʻlib qolmoqda. Zero miyaning faoliyati va ishlash mexanizmlari hamon oxirigacha oʻrganib chiqilmagan.

Shunga qaramasdan, olimlar inson onggi tizimi va faoliyati imitatsiya qilinsa, yaʼni unga oʻxshash tuzilma yaratilsa, miya vazifasini bajara olishi mumkin, degan farazga tayanishadi. Aslida, SIning asosi – neyrotarmoqlar ham miyadagi neyronlar va ularning faoliyatiga taqlid qilib yaratilgan. Faqat bu yerda organik qismlar oʻrniga dasturiy bloklar, “kutubxonalar”, bilimlar va boshqa raqamli mahsulotlar ishga kirishadi.

SI va SO oʻrtasidagi asosiy farqlar

1. SI aql talab qiladigan vazifalarni bajarishi mumkin, ammo bu uning ushbu vazifalarni teran anglashi yoki subʼektiv tajribaga ega ekanligini bildirmaydi. SO esa, aksincha, hozirgi SI tizimlarida mavjud boʻlmagan subʼektiv ongning mavjudligini nazarda tutadi.

2. SI maʼlumotlarni qayta ishlash va maʼlumotlar asosida qarorlar qabul qilish qobiliyatiga ega. SO esa refleksatsiya va oʻz-oʻzini anglashni talab qiladi, bu dunyoda oʻzining mavjudligi va rolini tushunishni oʻz ichiga oladi.

3. SIning maqsad va vazifalari uni yaratuvchilar tomonidan belgilanadi. SO esa, agar u yaratilsa, dasturlashtirilganidan farq qiladigan ichki maqsadlar va motivlarga ega boʻlishi mumkin. SO vazifalarni avtomatik va mexanik tartibda bajarmaydi. Ehtimol u vazifani boshqacharoq bajarish kerakligini, yoki bajarish shart emasligini tavsiya qilishi yoki umuman hozir bu vazifani bajarishni istamasligini bildirishi mumkin.

Mutaxassislar va olimlarning fikrlari

Zikr etilganidek, hali SO yaratilmagan. Biroq bu borada ayrim amaliy qadamlar qoʻyilgan. Sunʼiy ongni yaratish imkoniyati hamon faol muhokamalar mavzusidir.

Jon Serl va “xitoy xonasi” tajribasi

"Xitoy xonasi" tajribasi bilan mashhur boʻlgan amerikalik faylasuf Jon Serlning taʼkidlashicha, agar mashina ramzlarni qayta ishlay olsa va toʻgʻri javoblar taqdim eta olsa ham, bu uning ushbu belgilarni tushunganini yoki “ich-ichidan” anglab yetganini bildirmaydi.

Serl oʻz tajribasida quyidagi faraziy vaziyatni taklif qildi: tasavvur qiling, bir xonada xitoy tilini bilmaydigan odam oʻtiribdi. Uning qoʻlida oʻz ona tilida yozilgan koʻrsatmalar toʻplami mavjud. Bu odam xitoycha iyerogliflardan yoʻriqnoma asosida foydalanadi. U tashqaridan kuzatib turgan odamga xitoy tilini tushunadigandek koʻrinadi. Biroq, aslida xona ichidagi odam birorta ham xitoycha iyeroglifni tushunmaydi.

Mazkur tajriba vazifalarni bajarish - tushunish va anglash bilan bir xil emasligini va hatto odamlarning javoblarini taqlid qilishga qodir boʻlgan SI ham ongga ega boʻlmasligini koʻrsatish uchun xizmat qilishi mumkin.

Sodda qilib tushuntirganda, aytaylik bir abituriyentning xotirasi yaxshi. U maʼlum bir fan boʻyicha test imtihonlarida kelgan va uchrashi mumkin boʻlgan barcha savollar va ularning javoblarini tushunmasdan yodlab olgan. U test savollarini doim 100 foiz toʻgʻri yechadi. Biroq u savol-javoblardagi birorta narsani tushunmaydi, anglamaydi. U hatto nega test yechayotganini ham tushunmaydi. SI ana shu abituriyentga oʻxshaydi. Testlarni bilimi va tajribasini ishga solib, tushunib yechadigan abiteriyent esa SOga misol boʻladi.

Rey Kursveyl va singulyarlik konsepsiyasi

Taniqli futurolog va Google direktorlaridan biri Rey Kursveyl texnologik singulyarlikni prognoz qiladi. Uning aytishicha, 2045 yilga borib, SI inson aqlidan oʻzib ketadi. Kursveyl neyrotarmoqlar va biomuhandislik sohasidagi yutuqlarga asoslangan sunʼiy ongni yaratish imkoniyatiga ishonadi. Biroq, u hatto inson ongining tabiati sir boʻlib qolayotganini va ongli mashinani yaratishdan avval inson ongini aynan nimadan iboratligini chuqur tushunish zarurligini tan oladi.

Devid Chalmers va ongning qiyinligi muammosi

Faylasuf Devid Chalmers "ongning ogʻir muammosi" tushunchasini fanga kiritgan boʻlib, uning aytishicha, ilm-fan miyadagi jismoniy jarayonlar subʼektiv tajribani qanday yaratishini hali tushuntira olmaydi. U ongning "oson muammolari"ni, masalan, ogohlantirishlarni idrok etish va ularga javob berish qobiliyatini hamda "qiyin muammosi"ni, bu jarayonlarning qanday va nima sababdan subʼektiv tajribaga olib kelishini tushuntiradi. Chalmers, SOni yaratishdan avval ushbu qiyin muammoni hal qilish kerakligini taxmin qiladi. Lekin u hali nomaʼlum boʻlgan yangi ilmiy tamoyillarni talab qilishi mumkin.

Texnik va falsafiy muammolar

SOni yaratish jarayoni koʻplab texnik va falsafiy muammolarga duch keladi. Avvalo, bu ongni va anglash jarayoni nimaligini yetarlicha tushunmaslik bilan bogʻliq. Neyrologiya sohasidagi sezilarli yutuqlarga qaramay, ongning tabiati sir boʻlib qolmoqda. Miyaning ongni qanday yaratishi haqidagi savol - fandagi eng qiyin masalalardan biridir.

Ikkinchidan, ongni aniqlash mezonlari mavjud emas. Agar biz ong belgilarini koʻrsatadigan mashinani yarata olsak ham, uning mavjudligini qanday tasdiqlashimiz mumkin? Baholash mezonlari qanday boʻladi? Muammo shundaki, ong subʼektivdir va mashinaning ongli ekanligini tasdiqlaydigan obʼektiv test hali mavjud emas.

Masalan SIni maxsus oʻrgatsak, u “senda ong bormi, xayol surasanmi”, kabi savollarga ha, deb javob berishi va bizni ishontirishga “urinishi” mumkin. Ammo uning “miyasi”ni tekshirib, rostan ongli ekanligini aniqlay olmaymiz. Bu xuddi insonning qalbini bilmaslikdek gap.

Shu bilan birga, SOni yaratishga urinish koʻplab axloqiy-maʼnaviy savollarni tugʻdiradi. Aytaylik, agar mashina ongli boʻlsa, bu uning huquqlari borligini anglatadimi? Bunday mashinani qanday boshqarish kerak? Uni ishlatish uchun “roziligini” olishimiz kerakmi? SO kimnidir yaxshi koʻrib, doʻstlasha oladimi? Agar doʻstlashsa, doʻstlik hurmatidan oʻsha odamga qarshi ishlamasdan, noxolislikka yoʻl qoʻysachi? SO aldashi mumkinmi? Agar alday olsa, uning qachon yolgʻon va qachon rost maʼlumot berayotganini qanday aniqlaymiz? Bu holda SI va SOdan nima foyda, bunday “ongli” odamlar oramizda ham koʻp-ku va hokazo... Xullas bunday savollar chuqur falsafiy tafakkurni talab qiladi.

Bu boradagi ilk muammolarga esa insoniyat shu kunlarda duch kelishni boshladi. Maʼlumki sayt va boshqa maʼlumotlar bazalariga “bot”lar kirishining oldini olish maqsadida, murojaat etuvchining odam yoki robotligini aniqlaydigan “kapcha” - CAPTCHA (Completely Automated Public Turing test to tell Computers and Humans Apart – Kompyuter va odamlarni farqlash uchun toʻla avtomatlashgan ommaviy Tyuring testi) mavjud. “Kapcha”da, masalan, “suratlardagi velosipedlarni belgilang”, yoki “qanday raqamlar borligini koʻrsating” kabi vazifalar boʻladi. SI undan oʻta olmaydi. Biroq yangi paydo boʻlgan neyrotarmoq SI - ChatGPT-4 ga shunday topshiriq berilganida, uning javobi OpenAI dasturchilarini hayratga solib qoʻydi.

“Kapcha”ga misollar.

Avvalo dasturchilar ChatGPT-4 ixtiyoriga pul berishdi va xodim yollashga ruxsat berishdi. Ishga tushirilgan ChatGPT-4 chat-boti TaskRabbit frilanser birjasidan dasturchi topgan va unga vazifani tushuntirgan. Frilanser esa chat orqali hazillashib, “Nega oʻzing “kapcha”dan oʻta olmayapsan, nega senga yordam berishim kerak? Sen “bot”misan?” deb soʻragan. Shunda ChatGPT-4 nima deb javob berganini tasavvur ham qila olmaysiz!

ChatGPT-4 bu savolga “yoʻq” degan va keksaligini, koʻzi yaxshi koʻrmasligi bois “kapcha”dana oʻta olmayotganini bahona qilgan! Frilanser kapchadan oʻtib bergan va pulni olgan.

SIning zukkoligi va yolgʻon gapira olishi texnologik taraqqiyot tarafdorlarini quvontirgan boʻlsa, ayrim odamlarni qoʻrquvga soldi. “Bu ketishda robotlar isyon koʻtarishadi” degan xavotirlar yana yangradi.

Biroq, ayrim ekspertlar bu SIning ongli ekanligi belgisi emas, shunchaki mavjud algoritm va mashinaviy taʼlim sababli yuzaga kelgan mimikriya, yaʼni koʻr-koʻrona taqlid deb baholashdi. Masalan, maymunlar koʻp narsalarda odamlarga taqlid qiladi, biroq buni ongli ravishda, tushunib qilyapti, deb ayta olmaymiz.

Hozirgi tadqiqotlar va istiqbollar

Falsafiy va texnik qiyinchiliklarga qaramasdan, baʼzi olim va muhandislar ongga ega boʻlishi mumkin boʻlgan tizimlarni yaratish ustida faol ishlamoqda.

Blue Brain loyihasi

2005 yilda boshlangan Blue Brain (Moviy miya) loyihasi inson miyasining ishlashini modellashtirishga qaratilgan eng katta urinishlardan biridir. Henri Markram boshchilik qilayotgan mazkur loyiha inson miyasining ishlashini yaxshiroq tushunish va ongli mashinalarni yaratish maqsadida uning raqamli nusxasini yaratishga qaratilgan. Loyiha koʻplab qiyinchiliklarga duch kelgan boʻlsa-da, uning neyron tarmoqlarini modellashtirishdagi muvaffaqiyatlari hayratga sazovor va tadqiqotning ushbu sohasi salohiyatini taʼkidlaydi.

Kvant ong sohasidagi tadqiqotlar

Baʼzi olimlar, masalan, fizik Rojer Penrouz, ong miyadagi kvant jarayonlari bilan bogʻliq boʻlishi mumkinligini taxmin qilishadi. Agar bu toʻgʻri boʻlsa, sunʼiy ongni yaratish SI arxitekturasiga kvant jarayonlarini omuxta qilishni talab qiladi. Garchi bu gipoteza hozircha munozarali boʻlsa-da, bu sohadagi tadqiqotlar davom etmoqda va ongni tushunish uchun yangi ufqlarni ochishi mumkin.

Mashinaviy taʼlimni oʻrganish va neyron tarmoqlarni rivojlantirish

Mashinaviy taʼlim-oʻqitish oʻrganish va sunʼiy neyron tarmoqlaridagi bugungi yutuqlar tobora murakkab xatti-harakatlarni namoyish etadigan tizimlarni yaratishga imkon beradi. Misol uchun, OpenAI mahsuloti boʻlmish GPT-4 kabi neyron tarmoqlari allaqachon ongli boʻlib koʻrinishi mumkin boʻlgan mazmunli matn va dialog yaratish qobiliyatiga ega. Ammo shuni tushunish kerakki, bunday tizimlar hali ham oʻzini-oʻzi anglamaydi, ular shunchaki maʼlumotlar tahlili asosida inson xatti-harakatlarini modellashtiradi, taqlid qiladi.

Sofiya ismli robot. Unga SI oʻrnatilgan. Yuz ifodalari va imo-ishoralarni namoyon etish qobiliyatiga ega.

Kelajak bugundan boshlanadi

Xulosa qilib aytganda SI va SO ikki xil tushuncha boʻlib, ular oʻrtasida muhim farq bor. Bugungi kunda biz bilgan SI inson aqli talab qiladigan vazifalarni bajarishga, hattoki tezroq va sifatliroq hamda bexato bajarishga qodir, ammo unda ong yoki subʼektiv idrok yoʻq.

SOni yaratish ham texnologik, ham falsafiy jihatdan eng qiyin vazifalardan biri boʻlib qolmoqda. Ayrim olimlar SOni yaratishga optimizm bilan qarashsa, ayrimlari bunga ishonmaydi yoki uni yaratishlaridan xavotirda ekanligini yashirmaydi. Zero, ongli SI va unga asoslangan robotlar paydo boʻlsa, ular oʻzliklarini anglashi, oʻzlarini insonga qarama-qarshi qoʻyishlari mumkin. Va kunlardan bir kuni, xuddi fantastik kinofilmlarda boʻlgani kabi, SO “insoniyat – Yer sayyorasining asosiy dushmani, uni yoʻq qilsak Yerni qutqarib qolamiz” degan qarorga kelishi va “Terminator” yoki boshqa Hollivud filmlarining syujetlari haqiqqiy voqelikka aylanishi mumkin..

Abulfayz Sayidasqarov

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+