Sarobga aylangan vaʼdalar: O'zLiDeP

Xalq partiyalarning oʻtgan 5 yillik muddat davomida yuritgan siyosiy faoliyati, avvalgi saylovlarda bergan vaʼdalariga qanchalik vafo qilgani, mamlakat qonunchiligini takomillashtirishga qoʻshgan hissasiga qarab baho beradi.

Saylov-2024
27-avgust, 19:34
Sarobga aylangan vaʼdalar: O'zLiDeP
Fotokollaj: Platina.uz

Joriy yilning 26 iyulida Oliy majlis Qonunchilik palatasi va Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari saylovlariga start beriladi.

Oʻzbekistondagi 5 ta partiyadan biri – Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston liberal-demokratik partiyasi (O'zLiDeP) ham saylovoldi poygasida ishtirok etishini rasman tasdiqladi: partiya siyosiy kengashining XVII majlisida boʻlajak saylovda faol qatnashishi lozimligi toʻgʻrisida bir ovozdan qaror qabul qilindi va tegishli hujjatlar Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etildi.

Qayd etish joiz, O’zLiDeP mamlakatimizdagi yetakchi siyosiy partiyalardan biri boʻlib, 2003 yilda tashkil etilgan. O’zLiDeP tadbirkorlar, fermerlar va xususiy sektor xodimlari manfaatlarini himoya qiladi. Partiya oʻzini mamlakat iqtisodiyotini isloh etish va modernizatsiyalashni qoʻllab-quvvatlovchi asosiy siyosiy ishtirokchi sifatida taqdim etib keladi. Biroq Oʻzbekiston siyosiy tizimida muhim oʻrin tutganiga qaramay, O’zLiDeP faoliyati qator jabhalarda tanqidga uchraydi.

Imzo yigʻish jarayoni boshlangan

MSK siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari roʻyxatga olib, ularga E-saylov axborot tizimi orqali elektron shaklda mandatlar berildi. O'zLiDeP’ning vakolatli vakiliga partiyaning saylovda ishtirok etishini qoʻllab-quvvatlovchi saylovchilar imzosini toʻplash uchun belgilangan namunadagi imzo varaqalari topshirildi. Shu tariqa boʻlajak saylovda ishtirok etish uchun saylovchilar imzolarini yigʻish jarayonlariga start berildi.

Mazkur jarayon partiyaning 15 mingga yaqin boshlangʻich partiya tashkilotlarida (BPT), fuqarolarning ish, xizmat, oʻqish, yashash joyida, tashviqot yuritish va imzo toʻplash qonun bilan taqiqlanmagan boshqa joylarda tashkil etilyapti.

Maʼlumki, qonunchilikka koʻra, siyosiy partiyalar bitta maʼmuriy-hududiy tuzilmada (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri) qirq ming saylovchining koʻpi bilan sakkiz foiz imzosini toʻplashi mumkinligi belgilangan.

Joʻja sanaladigan kun

Parlamentga saylov kuni – 27 oktabrgacha hali deyarli 3 oy bor. Bu muddat har bir partiyaning oʻz elektoratini shakllantirishi, saylovoldi dasturi bilan tanishtirishi uchun unchalik katta muddat boʻlmasligi mumkin. Xalq partiyalarning oʻtgan 5 yillik muddat davomida yuritgan siyosiy faoliyati, avvalgi saylovlarda bergan vaʼdalariga qanchalik vafo qilgani, mamlakat qonunchiligini takomillashtirishga qoʻshgan hissasiga qarab baho berishi tabiiy.

Zero bu yilgi saylovlar yangicha tizimda oʻtkazilmoqda. Saylovchilar endi maʼlum bir nomzod bilan birga siyosiy partiyaga ham ovoz beradi – buning uchun ularga toʻrtinchi, alohida byulleten taqdim etiladi. 

O'zLiDeP ham mazkur ulkan siyosiy jarayonga quruq qoʻl bilan kelmasligi aniq. Biroq bu “qoʻl” nimani koʻtarib kelgani muhimroq. 

Partiya rasmiy veb-saytida maʼlum qilinishicha, O'zLiDeP 2024 yilgi parlament saylovlariga yangi strategiya bilan kirib kelmoqda. Saylovlarga tubdan yangicha yondashishni koʻzda tutgan strategiya dorasida O'zLiDeP xalqning ichiga yanada faolroq kirib borishi, uyma-uy yurib, 3 milliondan ortiq xonadonga kirib chiqishni, har bir saylovchiga partiya gʻoyalarini yetkazishni, ularning taklif-mulohazalarini olishni maqsad qilgan.

Haqiqiy muxolifat va siyosiy plyuralizm yetishmaydi

O’zLiDeP’ning eng jiddiy kamchiliklaridan biri bu uning haqiqiy muxolifat siyosiy kuch emasligida koʻrinadi. Oʻzbekistonda siyosiy tizim tarixan bir partiya hukmronligiga yoʻnaltirilgan boʻlib, boshqa partiyalar, jumladan, O’zLiDeP ham koʻpincha faqat amaldagi tuzumni qoʻllab-quvvatlash vazifasini bajaradi. Partiya oʻzini demokratik tamoyillar va liberal qadriyatlarga sodiqligini daʼvo qilsa-da, aslida u muqobil yechimlar taklif qilmasdan, hukumatning barcha muhim tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlaydi. Bu partiya dasturida ham koʻrsatilgan. Bunday faoliyat mamlakatda siyosiy plyuralizm cheklangan, degan tasavvur uygʻotadi. 

Mafkuraviy baza zaif

O’zLiDeP mafkuraviy platformasi noaniqligi, oʻziga xoslik yoʻqligi koʻpincha tanqid qilinadi. Partiya tadbirkorlik va bozor islohotlarini qoʻllab-quvvatlashga daʼvo qiladi, lekin dasturida har doim ham ularni amalga oshirish boʻyicha aniq qadamlar oʻz aksini topmaydi. Qolaversa, O’zLiDeP shiorlari koʻpincha umumiy davlat ustuvor yoʻnalishlari, xususan, qashshoqlikka qarshi kurash, qishloq xoʻjaligini rivojlantirish kabi masalalarga toʻgʻri keladi va bu jihatlar bois uning dasturini boshqa siyosiy partiyalarnikidan farqlash qiyin. Binobarin, saylovchilar O’zLiDeP’ning boshqa partiyalardan nimasi bilan ajralib turishi, mamlakatning dolzarb muammolarini hal etishda aynan nimani taklif qilishini dafʼatan tushunib olishi qiyin.

Iqtisodiy siyosatga taʼsiri cheklangan

Tadbirkorlik va bozor islohotlarini qoʻllab-quvvatlashga eʼtibor qaratilayotganiga qaramay, O’zLiDeP’ning Oʻzbekistonda iqtisodiy siyosatni shakllantirishga taʼsiri cheklanganicha qolmoqda. Partiya davlatning iqtisodiyotdagi rolini pasaytirish zarurligini eʼlon qilsa-da, aslida xususiylashtirish va iqtisodiyotni liberallashtirish jarayonlari sust kechmoqda, davlat idoralari ustun rol oʻynashda davom etmoqda. Masalan, 2022 yilda davlat sektori hali ham mamlakat yalpi ichki mahsulotining qariyb 50 foizini tashkil etdi, bu partiya tomonidan qoʻllab-quvvatlangan bozor islohotlarining zaifligini koʻrsatadi.

Korrupsiyaga qarshi kurash samarador emas

Korrupsiya Oʻzbekistonda asosiy muammolardan biri boʻlib qolmoqda va O’zLiDeP bu hodisaga qarshi kurashish zarurligini bir necha bor taʼkidlaganini tan olish kerak. Biroq bu yoʻnalishdagi natijalar qoniqarli emas. Transparency International xalqaro tashkilotiga koʻra, Oʻzbekiston 2023 yilda korrupsiyani idrok etish indeksida 180 mamlakat ichida 146-oʻrinni egalladi. Bu raqam muammolar hamon jiddiyligidan dalolat beradi. Partiyaning davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish, shaffoflikni oshirish zarurligi haqidagi bayonotlariga qaramay, bu boradagi real oʻzgarishlar sust kechmoqda.

Ichki demokratiya qachon shakllantiriladi?

O’zLiDeP’dagi ichki jarayonlarda demokratiya yoʻqligi koʻpincha tanqid qilinadi. Partiya rahbariyati harakatsizligicha qolmoqda, qarorlar qabul qilish jarayonlari har doim ham shaffof emas. Kadrlar rotatsiyasi va partiya tarkibini yangilash mexanizmining yoʻqligi partiyaning jamiyatning real muammolari va talablari bilan aloqasini yoʻqotishiga olib kelmoqda. Qolaversa, partiyaning yosh va yangi aʼzolarining partiya siyosati va strategiyasiga taʼsir oʻtkazish imkoniyatlari cheklangan, bu esa partiya tuzilmasini rivojlantirish va yangilashni qiyinlashtiradi.

Fuqarolik jamiyati bilan oʻzaro aloqalar zarur

Fuqarolik jamiyati bilan samarali hamkorlik qilish har qanday siyosiy partiya faoliyatining asosiy elementidir. Biroq bu borada O’zLiDeP har doim ham faol emas. Tadbirkorlik va kichik biznesni qoʻllab-quvvatlashni eʼlon qilganiga qaramay, partiya biznes va fuqarolik jamiyati vakillari bilan koʻp ochiq muloqotlar oʻtkazmaydi. Bu esa, tabiiyki, odamlarning haqiqiy ehtiyojlari va muammolarini tushunish va ularga javob berish imkoniyatini cheklaydi.

Saylov faolligi zaif

O’zLiDeP anʼanaviy tarzda saylovlarda yuqori natijalarni koʻrsatayotgan boʻlsa-da, tanqidchilar bunga koʻp jihatdan cheklangan raqobat va hokimiyat nazorati sabab boʻlayotganini taʼkidlamoqda. 2019 yilgi saylovda O’zLiDeP Oliy Majlis (parlament quyi palatasi)dagi 150 oʻrindan 53 tasini qoʻlga kiritib, birinchi oʻrinni egalladi. Biroq aholi orasida partiyani amalda qoʻllab-quvvatlashi shubhali, chunki mamlakatda fuqarolarning siyosiy faolligi va faolligi pastligicha qolmoqda. Bu esa saylov natijalarining qonuniyligi va partiyaning obroʻsi tabiiy va haqiqiyligini shubha ostiga qoʻyadi.

Yalqovlikka olib kelgan ustuvorlik

Bu partiyaga asosan tadbirkor va fermerlar aʼzo ekani, turli tadbirkorlik subʼektlari va yirik davlat korxonalarida boshlangʻich partiya tashkilotlari mavjudligi ham O’zLiDeP’ga bir qancha ustuvorliklar beradi.

Bunday ustuvorlik partiyaning oʻz ustida ishlamasligi, elektorat uchun keskin kurash olib bormasligi, bir soʻz bilan aytganda, yalqovlashib qolishiga sabab boʻlayotgani ehtimoldan xoli emas. 

Lekin hatto mana shunday jozibali jihatlariga qaramasdan, bu partiyaga koʻplab odamlar oʻz ixtiyori bilan aʼzo boʻlib kirayotgani yoʻq. Hatto ayrim byudjet tashkilotlarida ishlovchi xodimlarni O’zLiDeP’ga aʼzo boʻlishga majburlash holatlari ham uchrayotgani aytiladi.

Mavjud salohiyatdan toʻliq foydalanilmayapti

Umumlashtirgan holda shuni aytish mumkinki, O’zLiDeP mamlakatimiz siyosiy hayotida salmoqli oʻrin tutsa-da, uning faoliyatida jiddiy kamchiliklar ham mavjud. Haqiqiy muxolifat rolining yoʻqligi, mafkuraviy asosning zaifligi, iqtisodiy siyosatga taʼsirning cheklangani, ijtimoiy muammolarga, korrupsiyaga qarshi kurashga yetarlicha eʼtibor berilmagani – bularning barchasi partiyaga boʻlgan ishonchni, uning mamlakatdagi dolzarb muammolarni samarali hal etish qobiliyatini susaytirmoqda.

Bundan tashqari, partiya ichki siyosiy jarayonlarida demokratiya yoʻqligi, fuqarolik jamiyati bilan oʻzaro munosabatlarning sustligi kabi ichki muammolar uning rivojlanish va yangilanish imkoniyatlarini cheklaydi. Oʻzbekiston modernizatsiya va islohotga intilayotgan bir paytda O’zLiDeP oʻz taʼsirini va saylovchilar ishonchini saqlab qolishni istasa, siyosiy faoliyat strategiyasini qayta koʻrib chiqishi va mamlakat siyosiy tizimidagi rolini kuchaytirishi kerak.

Buning uchun real islohotlar yoʻlidagi ishlarni faollashtirish, partiya dasturini yanada aniqroq shaklda qayta ishlash va dolzarb muammolarni hal etishga yoʻnaltirish, fuqarolik jamiyati va tadbirkorlar bilan yanada faol hamkorlik qilish zarur. Shundagina O’zLiDeP oʻz ambitsiyalarini oqlab, chinakamiga Oʻzbekiston taraqqiyoti va gullab-yashnashiga hissa qoʻshishga qodir kuchga aylanadi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+