Pavel Durovga qanday ayblovlar qoʻyilgani maʼlum boʻldi
BAA hukumat esa Durov ishi boʻyicha Fransiyaga soʻrov yuborgan. Telegram asoschisi soʻnggi yillarda Dubayda istiqomat qilib kelayotgandi.
Fransiyada Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durov soʻroq qilinayotgan ish 8 iyul kuni ochilgan boʻlib, unda 12 ta jinoyat boʻyicha ayblov bor.
Bu haqda 26 avgust, dushanba kuni Parij prokuraturasi maʼlum qildi.
Bu ayblovlar orasida hokimiyat organlari bilan hamkorlik qilmaslik, voyaga yetmaganlarning pornografik tasvirlarini saqlash va tarqatishda ishtirok etish, giyohvandlik vositalarini olish, tashish, saqlash, sotish yoki joʻnatishda ishtirok etish, uyushgan guruh tarkibida firibgarlikda qatnashish va boshqalar kiradi.
Koʻrib chiqilayotgan ish, shuningdek, vakolatli organlar soʻroviga koʻra, qonun doirasida ushlash uchun zarur boʻlgan maʼlumot yoki hujjatlarni taqdim etishni rad etish yuzasidan ham qoʻzgʻatilgan.
Fransiya huquq-tartibot idoralaridagi manba Reuters agentligiga fransuz hukumati Durovni Telegramda kiberjinoyatlar va moliyaviy jinoyatlarga qarshi kurashda politsiya bilan hamkorlik qilishdan bosh tortgani uchun hibsga olganini maʼlum qilgan.
BAA Tashqi ishlar vazirligi Pavel Durov ishini diqqat bilan kuzatib borayotganini maʼlum qildi – ular Fransiya hukumatiga zudlik bilan barcha konsullik xizmatlarini taqdim etish boʻyicha soʻrov yuborgan.
Bayonotda fuqarolarga gʻamxoʻrlik qilish, ularning manfaatlarini himoya qilish, ishlarini nazorat qilish va ularga gʻamxoʻrlik koʻrsatishning barcha jabhalarini taʼminlash BAA uchun ustuvor vazifa ekanligi qayd etilgan.
Pavel Durovning toʻrtta davlat fuqaroligiga ega - Rossiya, Sent-Kits va Nevis, BAA va Fransiya.
39 yoshli milliarder Pavel Durov 24 avgust kuni Bokudan shaxsiy samolyotida kelgan Parij Le Burje aeroportida qoʻlga olindi. U terrorizm, giyohvandlik, firibgarlik va bolalarga qarshi jinoyatlarda ayblanishi mumkin. Bu ayblovlar boʻyicha Durov kamida 20 yillik qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.