platina.uz

Muqobil energiya manbalarini oʻrnatish bu – davlat siyosati – Prezident

Shavkat Mirziyoyev energiya tejamkorligini taʼminlash, muqobil quvvatlardan foydalanishni kengaytirish masalalari boʻyicha yigʻilishda shu haqda gapirdi.

Siyosat
27-avgust 2024 yil
Muqobil energiya manbalarini oʻrnatish bu – davlat siyosati – Prezident

Shavkat Mirziyoyev "Muqobil energiya manbalarini oʻrnatish bu – davlat siyosati", dedi energiya tejamkorligini taʼminlash, muqobil quvvatlardan foydalanishni kengaytirish masalalari boʻyicha yigʻilishda.

Yigʻilishda ayrim hududlardagi tajribalar haqida maʼlumot berildi. Masalan, Fargʻona politexnika instituti olimlari tomonidan Fargʻona tumanidagi elektr isteʼmoli oʻrganildi. 4,6 ming xonadon va 233 ta tadbirkorga xizmat qiladigan “Logʻon” podstansiyasidagi yillik yoʻqotish 5 million kilovatt soatni tashkil qiladi. Bu – tabiiy yoʻqotish uchun belgilangan meʼyordan 1,5 baravar koʻp.

Hisob-kitoblarga koʻra, mazkur podstansiyadan elektr oladigan 113 ta transformatordagi yuklamani teng taqsimlash orqali 765 ming kilovatt soat yoʻqotishning oldini olish mumkin. Eng muhimi, bunga xarajat talab qilinmaydi. Tuman elektr korxonasida boshqaruv toʻgʻri yoʻlga qoʻyilsa boʻldi.

Yoki suv nasoslariga xizmat koʻrsatuvchi 44 ta transformatorga reaktiv quvvat batareyalari oʻrnatilsa, yoʻqotish yiliga 1,1 million kilovatt soatga kamayadi, xarajat bir yilda oʻzini oqlaydi.

Umuman, Fargʻona tumanidagi 14 ta podstansiyada 15,5 million kilovatt soat yoki yiliga oʻrtacha 6 milliard soʻmlik ortiqcha yoʻqotish hisob-kitob qilingan. Ish yuqoridagidek omilkorlik bilan tashkil qilinsa, elektrdan iqtisod qilish rejasini bajarish mumkin.

Mamlakat boʻyicha 1800 ta shunday podstansiya va 100 mingga yaqin transformator bor. Mutasaddilarga ushbu tajribani boshqa hududlarda ham joriy qilib, energiyani tejash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Shuningdek, Qoraqalpogʻistonda hozirgacha 95 mingta xonadondagi eskirgan “gorelka” energiya tejamkoriga almashtirilgani va isitish tizimi izolyatsiya qilingani hisobiga, yiliga 145 million kubmetr gaz iqtisod boʻlyapti. Yana 16 ming ehtiyojmand oilaga mahalliy byudjet hisobidan shunday pechlar qoʻyib berish boshlangan. Bu orqali 20 million kubmetr gaz iqtisod qilinib, ehtiyojmand aholi ixtiyorida 12 milliard soʻm qoladi.

Shu tarzda, yurtimizdagi 1 million xonadon isitish tizimini energiya tejamkoriga almashtirish vazifasi qoʻyildi.

Masalan, Ohangarondagi kafel ishlab chiqaruvchi korxona oʻzidan chiqqan issiqlikdan qayta foydalanish texnologiyasini joriy qilgan. Lekin yirik isteʼmolchilarning bor-yoʻgʻi 25 foizida zamonaviy gaz tejovchi uskunalar oʻrnatilgan.

Bundan tashqari, “Amu-Buxoro” kanaliga 100 megavattli quyosh stansiyasi oʻrnatildi. Buning natijasida tarmoqdan olinadigan energiya miqdori 30 foizga yoki 200 million kilovattga qisqardi. Yana shuncha quvvat ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Jami elektr isteʼmolining 10-11 foizi suv xoʻjaligi korxonalariga toʻgʻri kelgani bois kelgusi uch yilda suv xoʻjaligi inshootlarida elektr isteʼmolini kamida 25 foizga qisqartirish vazifasi belgilandi.

Shu bilan birga, Oltiariqdagi tadbirkor 300 kilovattli quyosh paneli oʻrnatib, yiliga 540 ming kilovatt soat yoki 486 million soʻmlik elektrni oʻzi ishlab chiqaryapti.

Bu yil aholiga 182 megavatt, tadbirkorlarga 791 megavatt quvvatli muqobil energiya uskunalari oʻrnatish rejalashtirilgan. Lekin ayrim viloyatlarda bu boradagi ishlar sust ekani koʻrsatib oʻtildi. Tegishli mutasaddilar qatʼiy ogohlantirildi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+