platina.uz
Jamiyat

“Fargʻona” bojxona posti sobiq boshligʻiga nisbatan hukm oʻzgartirilmadi

U fuqarodan qoramollar va koʻchatlarni bojxona tekshiruvisiz olib oʻtish uchun pora olayotganda ushlangan va 4 yilga qamalgan. 

“Fargʻona” bojxona posti sobiq boshligʻiga nisbatan hukm oʻzgartirilmadi

Fargʻona viloyat sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatining apellyatsiya instansiyasida 4 yilga ozodlikdan mahrum etilgan bojxona posti sobiq boshligʻiga oid ish koʻrib chiqildi.

Sudlanuvchi A.T.ga sud hukmi bilan 2 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan vazifalarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda JKning 57-moddasi qoʻllanib, 4 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Sudlanuvchi 2023 yil 22 apreldan “Fargʻona” chegara bojxona posti boshligʻi lavozimida ishlab kelgan. U bojxona qoidalarini buzish holatlarini aniqlash va aniqlangan holatlar boʻyicha tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish, bojxona toʻlovlarini toʻliq va toʻgʻri undirish kabilarga masʼul boʻlgan.

A.T. fuqaro A.Haydarovdan Fargʻona tumani, Vodil qishlogʻi bozoriga qoramollarini bojxona tekshiruvisiz olib oʻtish uchun 500 AQSh dollarini taʼmagirlik yoʻli bilan talab qilib, undan 300 AQSh dollarini pora tariqasida olgan.

Keyinchalik huddi shu fuqarodan manzarali archa koʻchatlarini bojxona rasmiylashtiruvisiz olib oʻtishiga ruxsat berishini aytib 500 dollar soʻragan va avvalgi ishdagi 200 dollarni qoʻshgan holda jami 700 dollar bilan qoʻlga olingan.

A.T. himoyachisi bilan birgalikdagi apellyatsiya shikoyatida, qilmishiga iqror va pushaymonligini inobatga olib, ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlashni soʻradi.

Lekin sud dalillar asosida avvalgi sud hukmini oʻzgartirmaslikka qaror qildi. Yakuniy hukmga koʻra, jinoyat ishlari boʻyicha Toshloq tuman sudining 2024 yil 7 iyundagi hukmi oʻzgarishsiz, mazmuni oʻzgartirilgan apellyatsiya shikoyati qanoatlantirilmasdan qoldirildi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid