Yevropa Ittifoqi kengayishining chegarasi bormi?
Ushbu tuzilma oʻtgan davr mobaynida samarali hamkorlik natijalarini namoyon etgani bois, unga aʼzo boʻlishga talabgorlar koʻp. Biroq ittifoqqa kirishning maʼlum bir talablari bor.
Yevropa Ittifoqi (YeI) oʻziga xos siyosiy va iqtisodiy ittifoq boʻlib, oʻzining yaratilganidan buyon oʻzgarish va kengayishning turli bosqichlarini bosib oʻtgan. YeIning kengayishiga cheklovlar bormi, degan savol, ayniqsa, yangi nomzodlar bilan murakkab muzokaralar oʻtkazish va yangi aʼzolarning integratsiyalashuvi bilan bogʻliq muammolar kontekstida tobora dolzarb boʻlib bormoqda.
Tarixga qisqa nazar
Yevropa davlatlari birlashuvi uchun poydevor Ikkinchi jahon urushidan keyin qoʻyilgan. Oʻshanda Yevropa davlatlari barqaror tinchlik va iqtisodiy barqarorlikni yaratishga intila boshladi. 1951 yilda Parij shartnomasi asosida Yevropa koʻmir va poʻlat birlashmasi (YeKPB) tashkil etildi. 1957 yilda esa Yevropa iqtisodiy hamjamiyati (YeIH) hamda Atom energiyasi boʻyicha Yevropa hamjamiyatiga (Yevratom) asos solgan Rim shartnomasi imzolandi. Ushbu tuzilmalar 1992 yilda Maastrixt shartnomasi bilan rasman tashkil etilgan Yevropa Ittifoqining paydo boʻlishiga asos boʻldi.
YeI doimiy ravishda kengayib bordi. Oltita taʼsischi aʼzodan (Belgiya, Germaniya, Italiya, Lyuksemburg, Hollandiya, Fransiya) iborat YeI 2023 yilga kelib 27 ta aʼzo davlatni oʻzida jamladi. YeI kengayishining har bir toʻlqini aʼzo davlatlar va nomzod mamlakatlar manfaatlarini aks ettiruvchi iqtisodiy, siyosiy va madaniy oʻzgarishlar bilan bogʻliq.
“Oson ermas bu maydon ichra turmoq...”
YeI oʻtgan davr mobaynida samarali hamkorlik natijalarini namoyon etgani bois, unga aʼzo boʻlishga talabgorlar koʻp. Biroq bu tuzilmaga kirishning maʼlum bir talablari bor. YeIga yangi aʼzolarni qabul qilish bir qator meʼyoriy va xalqaro hujjatlar bilan tartibga solinadi. Aʼzo boʻlishning asosiy mezonlari - 1993 yilda Kopenhagendagi Yevropa kengashida belgilangan Kopenhagen mezonlari hisoblanadi. Ushbu mezonlar bir qator yoʻnalishlar bilan bogʻliq:
Siyosiy mezonlar - demokratiya, qonun ustuvorligi, inson huquqlari va milliy-diniy ozchiliklarni hurmat qilish va himoya qilishni kafolatlovchi barqaror institutlar mavjudligi;
Iqtisodiy mezonlar - ishlayotgan bozor iqtisodiyoti va YeIdagi raqobat bosimi va bozor kuchlariga dosh bera olish qobiliyatining mavjudligi;
Huquqiy mezonlar - aʼzolikdan kelib chiqadigan majburiyatlarni qabul qilish qobiliyati, shu jumladan siyosiy, iqtisodiy va valyuta ittifoqi maqsadlariga sodiqlik.
Yangi aʼzolarni qabul qilish jarayoni bir necha bosqichlardan iborat boʻladi hamda 10 yil va undan koʻp vaqtga choʻzilishi mumkin. Aʼzolikka intilgan davlat ariza bergach, Yevropa Kengashi uni oʻrganib chiqib, agar istasa, bu mamlakatni nomzod sifatida tan olib, YeIga aʼzolikka nomzod maqomini beradi. Shundan soʻng Yevropa Kengashi nomzod davlatni Kopenhagen mezonlari asosida baholashga kirishadi. Keyin esa YeI qonunchiligining turli boblari yuzasidan muzokaralar boshlanadi. Yaʼni nomzod davlat qonunchiligi YeI bilan uygʻun boʻlishi yoki muvofiqlashtirilishi talab etiladi.
Agar nomzod davlat shu kabi chigʻiriqlardan oʻta olsa, uni YeIga qabul qilish haqidagi kelishuv tuziladi va u YeIga aʼzo barcha davlatlar va nomzod tomonidan imzolanadi. Keyin mazkur kelishuv aʼzo davlatlarning milliy parlamentlari va Yevropa parlamenti tomonidan ratifikatsiya qilinishi lozim. Shundan soʻnggina nomzod davlat YeIning toʻlaqonli aʼzosiga aylanadi.
Yevropa Ittifoqidan chiqish ham mumkin
YeI xalqaro huquqiy subʼekt boʻlgani bois uni tark etish ham qonun va xalqaro kelishuvlar yordamida tartibga solingan. YeIdan chiqish mexanizmi 2009 yilda kuchga kirgan Lissabon shartnomasining 50-moddasida belgilab berilgan. Xususan, YeIdan chiqish jarayoni bir necha bosqichlarni oʻz ichiga oladi:
Chiqish toʻgʻrisida bildirishnoma: aʼzo davlat YeIdan chiqish niyati haqida Yevropa Kengashiga rasman xabar beradi.
Muzokaralar: Ikki yil davomida chiqish shartlari va kelajakdagi munosabatlarni tartibga soluvchi YeI aʼzoligini bekor qilish kelishuvi boʻyicha muzokaralar oʻtkaziladi.
Shartnomani ratifikatsiya qilish: YeIdan chiqish toʻgʻrisidagi bitim Yevropa Parlamenti va aʼzo davlatning milliy parlamentlari tomonidan ratifikatsiya qilinadi.
Chiqish: Ikki yillik xabarnomadan soʻng, agar kelishuvga erishilmagan boʻlsa yoki muzokaralar muddati uzaytirilmagan boʻlsa, mamlakat YeIni avtomatik ravishda tark etadi.
Nega Buyuk Britaniya YeIdan chiqib ketgan?
Koʻplab davlat YeIga kirishni orzu qilib, niyatiga erisha olmayotgan bir paytda 2020 yilda Buyuk Britaniya YeIdan chiqib ketdi.
Esga olish joiz, rasmiy London 1950 yillarda Yevropa birlashuviga qarshi chiqqan. 1962 va 1967 yillarda aʼzo boʻlish uchun ariza berganida esa Fransiya unga qarshi chiqqan. London, hatto avval 1973 yilda Yevropa iqtisodiy hamjamiyati, 1993 yil noyabrdan Yevropa Ittifoqiga aʼzo boʻlganidan keyin ham birmuncha mustaqil siyosat yuritishga uringan. Buyuk Britaniya 1995 yilgi “Shengen hududi” kelishuviga (aʼzo davlatlar oʻrtasida fuqarolarning erkin harakatlanishi va xorijliklar uchun yagona viza tartibi) ham aʼzo boʻlmagan, 1999 yilda tashkil etilgan Yevrohududga ham kirmagan, yaʼni yevro valyutasini qabul qilmagan.
Aslini olganda, YeIdan chiqish borasidagi shiorlar Buyuk Britaniyada 2015 yillarda boshlangan edi. 2016 yilda oʻtkazilgan referendum bu masalaga nuqta qoʻydi. “Brekzit” (Brexit) deb ataluvchi bu qarorga koʻplab omillar sabab boʻlgan:
Immigratsiya: ayniqsa Sharqiy Yevropa davlatlaridan ommaviy immigratsiya borasida xavotirlar kuchaymoqda.
Iqtisodiyot: YeIga aʼzo boʻlishning iqtisodiy foydali ekaniga shubha paydo boʻlgani, shuningdek, iqtisodiy va savdo siyosati ustidan nazoratni qayta tiklash istagi.
Suverenitet: YeI aralashuvisiz milliy qonunchilik va siyosat ustidan toʻliq nazoratni tiklash istagi.
Populizm: populistik va yevroskeptik kayfiyatning kuchayishi, ayniqsa konservativ siyosatchilar va saylovchilar orasida yangragan aksilevropa chaqiriqlari. 2016 yilgi referendum natijasiga koʻra, britaniyaliklarning 51,9 foizi YeIdan chiqish uchun ovoz berdi. Bu u esa 2017 yilda “Brekzit”ning rasmiy boshlanishi boʻlib xizmat qildi.
“Kreml qoʻli”: ayrim ekspertlarning taxmin qilishicha, Buyuk Britaniyaning YeI dan chiqishida Rossiyaning qoʻli boʻlishi mumkin. Chunki Rossiya YeIning kuchayishi va jipslashuvini istamaydi. YeIni tarqatish va uning xalqaro maydonda bir musht boʻlib turmasligi uchun Kreml oʻz ixtiyoridagi har qanday kuch hamda vositalardan foydalangani ehtimoldan holi emas. Boisi, 2014 yilda Rossiya Qrimni bosib olgach, Gʻarb va Moskva oʻrtasidagi munosabatlar sovuqlashdi. Kuchsiz boʻlsada, sanksiyalar eʼlon qilindi. Moskvaga hech kim quloq solmay qoʻydi. SSSR tarqalgani, YeI va NATO kengayib borayotganining alamini unuta olmagan Rossiya prezidenti Vladimir Putinning propaganda mashinasi Buyuk Britaniyadagi YeIga ishonchsizlik va norozilik kayfiyati urugʻlaridan unumli foydalandi. Yolgʻon axborot oqimidan bilan sugʻorib oʻz maqsadiga erishdi.
Armanistondagi Globalizatsiya va mintaqaviy hamkorlik boʻyicha boʻyicha tahliily markaz rahbari Stepan Grigoryanning yozishicha, Rossiya hukumati Yevropa va AQShda oʻz propagandasini tarqatish, yaʼni gibrid urush uchun bor kuch va mablagʻini sarflagan. Bunday urinishlar oʻz samarasini berdi, aholi orasida YeIga qarshi kayfiyat va ijtimoiy fikrni shakllantirishga muvaffaq boʻlindi. Bu Buyuk Britaniyada YeIdan chiqish borasida oʻtkazilgan referendum natijalariga ham taʼsir etmay qolmadi, albatta.
Yagona ittifoq – yagona valyuta
YeI deganda uning oʻziga xos ramzlaridan biri sifatida yagona pul birligi – yevro koʻz oldimizga keladi. Maʼlumki, 999 yilda YeIning 15 aʼzosidan 11 nafari Maastrixt mezonlariga javob berishgani bois, yevrohududni tashkil etib, yagona yevro valyuta birligiga oʻtishgan edi.
Shuni taʼkidlash kerakki, YeIning barcha aʼzolari yevroni milliy valyuta sifatida qabul qilishlari shart emas. Maastrixt shartnomasiga koʻra, aʼzo davlatlar yevroni qabul qilishdan oldin “Maastrixt mezonlari” deb nomlanuvchi maʼlum iqtisodiy va huquqiy mezonlarga javob berishlari kerak.
Lekin, Buyuk Britaniya va boshqa ayrim aʼzo davlatlar yevro valyutasini qabul qilishga shoshilmagan. Jumladan, Daniya va Shvetsiya, imtiyozlar oldi yoki yevro hududiga kirmaslikka qaror qildi. Jumladan, Daniya 2000 yilgi umummilliy referendumdan soʻng yevroni qabul qilmaslikka qaror qildi.
Shvetsiya yagona valyuta doirasi - yevrohududga rasman qoʻshilish majburiyatini olgan, ammo hozircha bu davlat ayrim mezonlarga javob bermaydi va shu bois shved rahbariyati mamlakat milliy valyutasini yevroga oʻzgartirishga shoshilmayapti.
Yangi aʼzolarni qabul qilish xronikasi
Yuqorida zikr etilganidek, YeIga aʼzo boʻlishni istagan davlatlar qator jiddiy tekshirish va muzokaralar jarayonidan oʻtadi. Masalan, Gretsiya 1981 yilda iqtisodiy va siyosiy mezonlarga javob bergandan soʻnggina YeIga qabul qilindi. Ispaniya va Portugaliya 1986 yilda demokratik islohotlar oʻtkazganidan soʻng aʼzo boʻlgan. Shvetsiya, Finlyandiya va Avstriya 1995 yilda Sovuq urush tugaganidan soʻng va YeI talablariga rioya qilganlaridan keyin YeIga qoʻshilgan.
Sharqiy Yevropa mamlakatlari kommunistik rejimlar qulaganidan soʻng YeIga umid bilan qaray boshladi. Jumladan, 2004 yilda Polsha, Chexiya va Vengriya kabi Markaziy va Sharqiy Yevropa davlatlari YeIga qoʻshildi.
Bolgariya va Ruminiya esa 2007 yilda sud-huquq islohoti va korrupsiyaga qarshi kurash bilan bogʻliq qoʻshimcha shartlarni bajargandan soʻng qoʻshilgan. Xorvatiya uzoq davom etgan muzokaralar va islohotlar jarayonini yakunlagach, 2013 yilda YeIning 28-aʼzosi boʻlishga erishdi.
Nega ayrim davlatlar, masalan Turkiya haligacha YeIga qabul qilinmayapti?
Turkiya 1987 yilda YeIga aʼzo boʻlish uchun ariza bergan va 1999 yilda nomzod maqomini olgan, biroq uning aʼzoligi bir qator omillar tufayli kechiktirilgan.
Bu, avvalo, Turkiyadagi inson huquqlari va demokratiya bilan bogʻliq vaziyatga tegishli. Boisi, YeI Turkiyadagi demokratiya, inson huquqlari va soʻz erkinligi holatidan xavotir izhor qilib keladi.
Shuningdek, YeIga aʼzo boʻlgan Kipr Respublikasi bilan Turkiya oʻrtasidagi hal etilmagan mojaro ham aʼzolikka muhim toʻsiq boʻlib qolmoqda. Qolaversa, Turkiyaning iqtisodiy ahvoli YeI standartlaridan sezilarli darajada farq qiladi va bu mamlakatning iqtisodiy mezonlarga javob bera olishiga shubha uygʻotadi. Bundan tashqari, Yevropa rahbariyatining fikricha, Turkiyada avtoritar tendensiyalarning kuchayishi va YeIga aʼzo boʻlgan alohida davlatlar bilan keskinlikning ortishi ham muzokaralarni qiyinlashtirmoqda.
Biroq ayrim tahlilchilarning fikricha, Turkiya aholisi va madaniyati hamda tarixi islom bilan bogʻliq boʻlgani uchun hech qachon YeIga qabul qilinmaydi. Masalan, 2004 yilda Yevropa kengashining boʻlajak rahbari Xerman Van Rompyoy shunday degandi:
«Turkiya — Yevropaning bir qismi emas va hech qachon uning bir qismi boʻla olmaydi. Yevropa Ittifoqining Turkiyani qabul qilish hisobiga kengayishini oʻtmishda boʻlgan kengayish bilan solishtirib boʻlmaydi. Yevropa kuchini oʻzida mujassam etgan va nasroniylikning asosiy qadriyatlari boʻlgan umuminsoniy qadriyatlar Turkiya kabi yirik islom davlatining qoʻshilishi bilan oʻz kuchini yoʻqotadi”.
Taʼkidlash lozim, hozirda Turkiyaning oʻzi ham YeIga aʼzo boʻlishga oshiqayotgani yoʻq. Masalan, 2023 yil 1 oktabrda Turkiya prezidenti Rajab Tayyib Erdoʻgʻon mamlakat parlamentidagi nutqi chogʻida “endi Turkiya Yevropa Ittifoqiga qoʻshilish uchun Bryussel shartlari va talablarini qabul qilmaydi”, dedi.
- Biz Yevropa Ittifoqiga bergan barcha vaʼdalarimizni bajardik, biroq ular oʻz vaʼdalarining birortasini bajarmadi. Endi Anqara qoʻshilish jarayonida hech qanday yangi talab yoki shartlarni qabul qilmaydi. Turkiya, bizni 40 yildan beri oʻz darvozasida kuttirib qoʻygan Yevropa Ittifoqidan boshqa hech narsa kutmaydi, - degan Turkiya prezidenti.
Ayni paytda Turkiya bilan YeIga qabul qilish boʻyicha muzokaralar jarayoni muzlatib qoʻyilgan.
YeIning kengayish chegarasi bormi?
YeIning kengayishi boʻyicha hech qanday rasmiy cheklovlar yoʻq, ammo jarayonga toʻsqinlik qilishi mumkin boʻlgan bir qator omillar mavjud:
Siyosiy iroda. YeIning kengayishi YeIning barcha aʼzolarining roziligini talab qiladi va alohida mamlakatlarning ichki siyosati hal qiluvchi rol oʻynashi mumkin.
Iqtisodiy barqarorlik. Aʼzolikka nomzod davlatlar qatʼiy iqtisodiy mezonlarga javob berishi kerak, bu kam rivojlangan mamlakatlar uchun qiyin boʻlishi mumkin.
Ijtimoiy va madaniy omillar. Oʻzaro madaniy farqlar va ijtimoiy munosabatlar yangi aʼzolarning integratsiyalashuv jarayoniga salbiy taʼsir qilishi mumkin.
Institutsional cheklovlar. YeI yanada kengaysa, boshqaruv va operatsion muammolar yuzaga kelishi mumkin.
YeIga yana kimlar chogʻlanmoqda?
Ayni paytda bir nechta davlatlar YeIga aʼzo boʻlishga intilishda davom etmoqda. Masalan, Gʻarbiy Bolqon davlatlari - Serbiya, Chernogoriya, Shimoliy Makedoniya va Albaniya aʼzolikka nomzod boʻlib, barcha mezonlar bajarilgan taqdirda keyingi oʻn yil ichida aʼzo boʻlishi kutilmoqda.
Rossiyaning Ukraina, Moldova hamda Gruziya hududlariga bostirib kirgani bu davlatlarning aholisi orasida aksilrossiya kayfiyati, gʻarbga moyillik va integratsiyaga intilishlarning kuchayishiga olib keldi. Bunday vaziyat fonida mazkur davlatlar YeIga aʼzolikka nomzod maqomini oldi. Ammo ularning qoʻshilishi yuqorida zikr etilgan bir necha talablarni qanday bajarishiga bogʻliq boʻladi.
Gruziya bilan esa muzokaralar jarayoni muzlatib qoʻyilgan. Bu yerda rossiyaparastligi gumon qilinayotgan hukumatning saʼy-harkatlari bilan inson huquqlari va demokratiyaga zid keluvchi “xorijiy agentlar” borasidagi qonun qabul qilinishi Gʻarbning, ayniqsa YeIning qattiq noroziligi sabab boʻldi. Shu bois Gruziyani YeIga, shuningdek, NATOga qabul qilish masalalari hozircha istiqbolga ega emas.
Abulfayz Sayidasqarov
Telegramda kuzatib boring!