"Tolibon" Oʻzbekistonga yangi elchi tayinladi
Abdulgʻaffor Tiraviy tez orada Toshkentda oʻz vazifasiga kirishishi kutilmoqda.
Afgʻoniston Tashqi ishlar vazirligi siyosiy departamenti direktori Zokir Jaloliyning aytishicha, Abdulgʻaffor Tiraviy Islom Amirligining Oʻzbekistondagi elchisi sifatida tanishtirilgan. Bu haqda xabar Tolo News berdi.
Jaloliyning qoʻshimcha qilishicha, bu borada ikki tomon ham kelishib olgan va yangi tayinlangan elchi tez orada Toshkentda oʻz vazifasini boshlashi kutilmoqda.
U, shuningdek, ayrim davlatlar bilan diplomatik munosabatlar darajasini oshirish boʻyicha kelishuvlarga erishilganini taʼkidladi.
Jaloliyga koʻra, "oʻtgan uch yil ichida Islom Amirligi oʻzini barqaror va kuchli rejim sifatida isbotladi va kun sayin mintaqa va dunyo bu haqiqatni anglab yetmoqda".
Avvalroq Badruddin Haqqoniy Afgʻonistonning BAAdagi elchisi, Muhammad ul-Rahmon esa Qozogʻiston elchixonasining vaqtinchalik ishlar vakili etib qabul qilingan edi.