Mudofaa vazirligi otaliqqa olgan yoshlar oʻrtasida harbiy sport musobaqalari oʻtkazildi
Unda birinchi oʻrinni Qoraqalpogʻiston respublikasi “Yangi avlod” jamoasi qoʻlga kiritdi.

Mudofaa vazirligi tomonidan otaliqqa olingan yoshlar oʻrtasida vazirlik kubogi uchun harbiy-vatanparvarlik majmuaviy musobaqa oʻtkazildi.
Unda birinchi oʻrinni Qoraqalpogʻiston respublikasi “Yangi avlod” jamoasi, 2- oʻrinni Navoiy viloyati “Qalqon” jamoasi, 3- oʻrini Sirdaryo viloyati “Elparvar” jamoasi egalladi.
Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida Mudofaa vazirligiga 1 mln. yoshlarni otaliqqa olish hamda ular bilan manzilli ishlash topshirigʻi qoʻyilgandi. Unda bir million nafar yoshni otaliqqa olish vazifasini topshirilgan.

Vazirlik tashabbusi bilan Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi, Yoshlar ishlari agentligi, Kasaba uyushmalari Federatsiyalari bilan hamkorlikda vazirlik tomonidan otaliqqa olingan yoshlar ishtirokida “Harbiylashtirilgan sport estafetasi”, “Arqon tortish” hamda “Zakovat” intellektual oʻyinlari oʻtkazildi.
Shuningdek, barcha hududlarini qamrab olgan holda, uch bosqichda oʻtkazilgan harbiy-vatanparvarlik majmuaviy musobaqalari oʻtkazildi.

Tanlovning birinchi tuman bosqichi joriy yilning 30 iyun kunigacha oʻtkazilib, respublikamizning 208 ta tumanlarning 2 547 ta mahallalaridan 28 017 nafar yoshlar qamrab olindi;
Tanlovning ikkinchi viloyat bosqichi joriy yilning 15 avgust kunigacha oʻtkazilib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarida gʻolib boʻlgan 208 ta mahallasidan 2 288 nafar yoshlar qamrab olindi.
Tanlovning uchinchi respublika bosqichi joriy yilning 22-24 avgust kunlari Qurolli Kuchlar Akademiyasi oʻtkazilib, 14 ta hududdan 1 tadan jamoa, 154 nafar yoshlar ishtirok etdi.
Gʻoliblikni qoʻlga kiritgan jamoa aʼzolari Mudofaa vazirligi kubogi, diplom va medallar, qimmatbaho sovgʻalar hamda hamkor tashkilotlarning esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.