11 mlrd soʻmlik tenderlar noqonuniy deb topildi
Aksilkorrupsiya agentligi iyun-iyul oylarida oʻtkazilgan davlat xaridlarini oʻrganib chiqdi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan joriy yilning iyun-iyul oylarida jami 11 mlrd soʻmlik davlat xaridlarida qonunbuzilish holatlari aniqlandi.
Jumladan, quyidagi davlat xaridlarida manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilgan:
- Oʻzyoʻlkoʻprik klasterining Jizzax filiali davlat muassasasining 2,9 mlrd soʻmlik;
- Shahrisabz shahar 20-son bolalar musiqa va sanʼat maktabining 885,9 mln soʻmlik;
- Namangan davlat oʻrmon xoʻjaligining 605 mln. soʻmlik;
- Toshkent tumani tibbiyot birlashmasining 551,9 mln soʻmlik;
- Ichki ishlar vazirligi qoshidagi “Qurilish taʼmirlash guruhi” DUKning 520 mln soʻmlik;
- Termiz tumani suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasining 500 mln soʻmlik;
- Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filialining 407 mln soʻmlik;
- Qumqoʻrgʻon tuman Obodonlashtirish boshqarmasining 275,5 mln soʻmlik;
- Sariosiyo tuman yoʻllardan foydalanish unitar korxonasining 200 mln soʻmlik;
- Respublika Oʻlat karantin va oʻta xavfli yuqumli kasalliklar muhofazasi markazi Qashqadaryo filialining 190 mln soʻmlik;
- Andijon ilmiy-tajriba stansiyasi davlat muassasasining 169,1 mln soʻmlik;
- Narpay tumani obodonlashtirish boshqarmasining 82 mln soʻmlik;
- Oltinsoy tumani Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimining 76,5 mln soʻmlik.
Shuningdek, quyidagi davlat xaridlarida “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi qonun talablariga zid ravishda baholash jarayonida qonunbuzilishi holatlariga yoʻl qoʻyilgan:
- “Oqoltin don mahsulotlari” AJning 3 mlrd soʻmlik;
- Toshkent viloyati Ohangaron shahar kasb-hunar maktabining 403 mln soʻmlik.
Bundan tashqari, Namangan kasb-hunarga oʻqitish markazining 269 mln soʻmlik davlat xaridida qonunchilik talablariga zid ravishda oʻzaro affillangan shaxslar ishtirok etgan.
Agentlik taqdimnomalariga asosan xarid komissiyalarining gʻolibni aniqlash haqidagi bayonnomalari bekor qilindi.
Qayd etilgan qonunbuzilishi holatlariga oid toʻplangan hujjatlar qonuniy chora koʻrish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.