Bashar Asad uyushtirgan kimyoviy qirgʻin
Bundan roppa rosa 11 yil oldin Suriya prezidenti Bashar Asad oʻz xalqiga qarshi kimyoviy qurol ishlatib, 1500 sunniyni qirib tashlagan edi. Halok boʻlganlarning aksariyati yosh bolalar boʻlgan.

2013 yilning 21 avgustida Suriyadagi fuqarolik urushining eng fojiali voqealaridan biri roʻy berdi. Poytaxt Damashqning yoʻldosh shaharchasi Gʻoʻtada Asad askarlari qoʻllanilishi taqiqlangan kimyoviy qurol - zarin gazidan foydalangan holda mingdan ziyod sunniy tinch aholi, jumladan, koʻplab bolalarni bir necha daqiqa ichida qirib tashladi.
Bu dahshatli voqea xalqaro munosabatlarda tub burilish nuqtasi boʻldi va global qoralashga sabab boʻldi.
Voqealar xronologiyasi
2013 yil 21 avgust tongida Sharqiy Gʻoʻtaning muxolif kuchlar nazoratida boʻlgan bir qancha hududlari artilleriya hujumiga uchragan, soʻngra raketalar otilgan. Keyinchalik aniqlanishicha, bu raketalar tarkibida asab-falajlovchi zaharli gaz – zarin boʻlgan. Ushbu raketa hujumlari bir necha nuqtalar, jumladan, Zamalka, Ayn-Tarma va Muadamiya hududlaridan uyushtirilgan.
Maʼlumot:
Zarin gazi – bu asab-falajlovchi modda boʻlib, uni aslida gaz emas, rangsiz va hidsiz chang deyish toʻgʻriroq boʻladi. U uchuvchan boʻladi va havoda tez tarqaladi. Zarin nafas olganda yoki teriga tekkanida qonga tushib, taʼsir qilishni boshlaydi. Bu modda oʻta zaharli, uning bir tomchisi teriga tushsa ham darhol oʻldiradi. Avval koʻz qorachigʻi torayadi. Zarin taʼsir qilgan tana qismlarining mushaklari titrab tirisha boshlaydi. Keyin esa koʻz yoshi, soʻlak va burundan tinmay suv keta boshlaydi. Qurbon oʻz tanasini nazorat qila olmay qoladi, ogʻzidan koʻpigi kelib, qayt qilib, hushidan ketadi. Zarin asab tizimini falajlashi bois, qurbon nafas olish va yurak urishi toʻxtashi sababli halok boʻladi.
Diktator Bashar Asad askarlari amalga oshirgan ushbu ommaviy qirgʻinning guvohlari va qutqaruvchilarining aytishicha, odamlar boʻgʻilib, talvasa va tirishishlardan aziyat chekib oʻlgan, ayrimlar hushini yoʻqotgan va bir necha daqiqadan keyiin qattiq azob bilan oʻlishgan. Keyinroq internetda paydo boʻlgan videolavhalarda ushbu hujumning dahshatli oqibatlari aniq koʻrinadi: yuzlab jasadlar, jumladan, bolalar, birorta ham oʻq yoki tigʻ jarohatisiz qator-qator boʻlib choʻzilgancha oʻlib yotishibdi...
Qurbonlar va yetkazilgan zarar
Turli manbalarga koʻra, halok boʻlganlar soni turlicha, biroq mustaqil hisob-kitoblarga koʻra, qurbonlar soni 281 dan 1729 kishigacha boʻlishi mumkin. Ularning asosiy qismini bolalar va ayollar tashkil etadi. Bu Asad rejimining tinch aholini yoʻq qilishga qaratilgan, qasddan qilingan hujumi ekanligini koʻrsatadi.
UNICEF va Human Rights Watch kimyoviy hujum oqibatida koʻplab bolalarning halok boʻlganini tasdiqladi va bu tasodif boʻlishi mumkin emasligini koʻrsatdi. “Chegara bilmas shifokorlar” (Médecins Sans Frontières) tashkilotining hisobotiga koʻra, 3600 dan ortiq odam zarindan zaharlanish alomatlari bilan shifoxonalarga yotqizilgan.
Kimyoviy qurol qoʻllanilgani haqidagi dalillar
Xalqaro va milliy tekshiruvlar Asad uyushtirgan hujumda kimyoviy qurol, xususan, zarin ishlatilganini tasdiqladi. Doktor Oke Selstryom boshchiligidagi BMT missiyasi voqea joyida tuproq namunalari, biomateriallar va raketa parchalaridan iborat dalillarni toʻpladi. Ushbu maʼlumotlar bir nechta mustaqil laboratoriyalar tomonidan tahlil qilindi. Ularning barchasi bu materiallarda zarin mavjudligini tasdiqladi. BMTning 2013 yil sentabr oyidagi hisobotida Gʻoʻta shaharchasida kimyoviy qurollar tinch aholiga nisbatan “keng koʻlamda” qoʻllanilgani, oqibatda xalqaro gumanitar huquq qoʻpol ravishda buzilgani taʼkidlanadi.
Bashar Asad rejimining javobgarligi
Mazkur dahshatli kimyoviy hujum uchun kim masʼul, degan savol koʻplab bahs-munozaralarga sabab boʻldi. Biroq raketa trayektoriyalari tahlili, yozib olingan radio va ratsiya suhbatlari hamda guvohlarning soʻzlaridan kelib chiqilsa, ushbu noinsoniy hujum Asad hukumati nazoratida boʻlgan hududlardan amalga oshirilgan.
BMTning Suriya boʻyicha xalqaro tergov komissiyasi 2013 yil dekabr oyidagi hisobotida barcha dalillar Suriya hukumat kuchlari tomonidan kimyoviy qurol qoʻllanilganiga ishora qilishini taʼkidladi. Mutaxassislar hujumning texnik vositalari va koʻlami muxolif kuchlarning imkoniyatlaridan tashqarida ekanligiga ham eʼtibor qaratdi. Yaʼni Asadga muxolif aholida bunday raketalar mavjud boʻlmagan va uni qoʻllash boʻyicha ham imkoniyatlar boʻlmagan.
Kimyoviy hujum sabablari
Asadning oʻz mamlakati fuqarolariga qarshi kimyoviy qurol ishlatishidan bir necha maqsadlar koʻzlangan. Bu, birinchi navbatda, strategik muhim hududda muxolif kuchlarning qarshiligini sindirishga urinish boʻlgan. Oʻsha paytda siyosiy muxolifat nazorati ostidagi Sharqiy Gʻoʻta shiddatli janglar olib borilayotgan asosiy hududlardan biri edi. Tinch aholiga, ayniqsa bolalarga qilingan kimyoviy hujum mahalliy aholini qoʻrqitish va ruhiyatini sindirish maqsadida qilingan.
Asadning tinch aholiga shafatsizlik qilganining yana bir sababi – Suriyada asosan Islom dinining sunniy oqimiga mansub aholi yashaydi. Prezident Bashar Asad esa shialikning alaviy oqimiga mansub. Bashar Asad ham xuddi Eronning shia rejimi kabi va uning bevosita qoʻllovi bilan Suriyadagi muxolif sunniylarni qirib, yoʻq qilish yoʻlida har qanday insoniylik va rahm-shafqatni unutib qoʻygani ehtimoldan holi emas.
Hujum oqibatlari va xalqaro munosabat
Asadning tinch aholini, buning ustiga oʻz mamlakati fuqarolarini shafqatsizlarcha qirgʻin qilgani xalqaro maydonda keng rezonansga sabab boʻldi. Xalqaro hamjamiyat bosimi va AQShning harbiy aralashuvi tahdidi ostida Suriya bevosita BMT nazorati ostida oʻz ixtiyoridagi ommaviy qirgʻin qurollari boʻlmish kimyoviy arsenalini yoʻq qilishga rozi boʻlishga majbur boʻldi. Rossiya aralashuvi natijasida erishilgan kelishuv doirasida Suriya hukumati oʻzining barcha kimyoviy zahiralarini topshirishi va yoʻq qilishi haqida bayonot berdi.
Biroq koʻplab ekspertlar va huquq himoyachilari mazkur kelishuv Suriyadagi keyingi kimyoviy hujumlarning oldini olmadi, deb hisoblaydi. 2013 yildagi voqea xalqaro hamjamiyatning Asad tomonidan ommaviy qirgʻin qurolidan foydalanilganiga samarali javob bera olmaganini, bu mojaro yanada kuchayishiga olib kelganini taʼkidladi.
Asadning noinsoniy jinoyati nega jazosiz qoldi?
Xalqaro hamjamiyat Sharqiy Gʻoʻtadagi kimyoviy qirgʻinning koʻlami va Bashar Asad rejimining shafqatsizligidan hayratga tushdi. Biroq, juda koʻp dalillar va ayblovlarga qaramay, Asadning ikki asosiy ittifoqchisi - Rossiya va Eron Suriya hukumatining tarafini olishda va kimyoviy qurol qoʻllanilishi haqidagi faktlarni yashirish hamda buzib koʻrsatishda muhim rol oʻynadi.
Avval 30 yildan ziyod Suriyani ezib kelgan diktator Hafiz Asadning zulmidan, keyin esa uning oʻgʻli, nolegitim diktator Bashar Asadning 20 yil davomida zulm bilan prezidentlik qilib kelayotganidan toʻygan aholi unga qarshi namoyishga chiqqan edi. Asad bu tinch namoyishlarni qurol bilan shafqatsizlarcha bostirib, odamlarni qirib tashlagach, sunniy aholi Asadga qarshi uyushgan holda kurashishga oʻtib, bu kurash fuqarolar urushiga aylanib ketdi.
Keyinchalik bu fuqarolar urushiga Rossiya va Eron aralashib, Bashar Asadga siyosiy, iqtisodiy va harbiy yordam berishga oʻtdi. Har ikki davlat Asad rejimini saqlab qolishni muhim strategik manfaat sifatida koʻrdi.
Rossiya 2011 yildan beri Suriya rejimini diplomatik yoʻl bilan faol qoʻllab-quvvatlab, BMT Xavfsizlik Kengashining Asadga bosimi kuchayishiga yoki xalqaro aralashuvga olib kelishi mumkin boʻlgan rezolyutsiyalariga toʻsqinlik qildi. Kimyoviy hujumdan soʻng Rossiya Suriya rejimiga qarshi sanksiyalarning oldini olish uchun veto huquqidan foydalandi va bu qilmishini “inkor etib boʻlmaydigan dalillar” yoʻqligi bilan izohladi. Rossiya hukumati boshidanoq bu hujum muxolifatning provokatsiyasi boʻlishi mumkinligini taʼkidlab keldi.
Shuningdek, Eron rejimi ham Asadning muhim ittifoqchisi sifatida ishga kirishib (chunki Asad shia boʻlgani uchun), rejim tomonida kurashgan shia proksi guruhi - Hizbulloh kabi shia jangarilarini moliyalab va ular vositasida Asadga yordam berib keldi. Eron Suriya armiyasiga katta moliyaviy yordam va harbiy texnika berib, rejim askarlarini oʻqitib va harbiy tayyorgarlikdan oʻtkazib, Asadning harbiy qudratini mustahkamladi.
Rossiya va Eron uyushtirgan axborot urushi va propaganda
2013 yil 21avgustdagi kimyoviy hujumdan soʻng Rossiya va Eron ochiq dalillarga qarshi chiqish va Asad rejimini javobgarlikka tortish masalasidan chalgʻitish uchun keng koʻlamli propaganda va axborot kampaniyasini boshladi. Ularning harakatlari bir necha yoʻnalishlardan iborat boʻldi:
1. Faktlarni inkor etish
Rossiya axborot kampaniyasining asosiy yoʻnalishlaridan biri - Suriya hukumati kimyoviy qurol qoʻllanganini toʻliq inkor etish edi. Rossiya rasmiylari va ommaviy axborot vositalari goʻyoki bu hujum Asadga muxolifat tomonidan xalqaro hamjamiyatni mojaroga aralashishga va Asadni agʻdarishga majburlash maqsadida qilingan provokatsiya ekanligini toʻtiqushdek takrorlay boshladi. Masalan, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi kimyoviy moddalar muxolifat tomonidan AQSh va uning ittifoqchilarining Suriyadagi vaziyatga aralashuvi uchun "bahona yaratish" uchun ishlatilgan boʻlishi mumkinligini taʼkidladi.
Eron manbalari ham hujum uchun Gʻarb va Fors koʻrfazi davlatlari tomonidan qoʻllab-quvvatlangan "terrorchi guruhlar" masʼul ekanligi haqidagi fikrlarni tarqata boshladi. Bu targʻibot yoʻnalishi sunniy muxolifatni obroʻsizlantirish va mojaroga ichki sabablar emas, balki tashqi kuchlar sabab boʻlgandek taassurot uygʻotishni maqsad qilgan.
2. Muqobil versiyalarni ilgari surish
Rossiya va Eron sodir boʻlayotgan voqealarning muqobil versiyalarini faol ravishda ilgari surdi. Russia today va Sputnik kabi Rossiya OAVlarida kimyoviy qurollar muxolifat tomonidan xalqaro hamjamiyat eʼtiborini tortish va ularni Suriyadagi mojaroga aralashtirish maqsadida qoʻllanilgan boʻlishi mumkinligi haqida xabarlar paydo boʻla boshladi. Ishonchli dalillar yoʻqligiga qaramay, ushbu versiya tez tarqaldi. Ayniqsa Rossiya va Eronning media-propagandasi taʼsir doirasidagi auditoriya bunga ishona boshladi.
3. Tergovga aralashish
Rossiya BMT Xavfsizlik Kengashi aʼzosi sifatida kimyoviy hujumni tergov qilishga faol aralashdi. Dalillar, jumladan, zarin namunalari toʻplanganda, Rossiya natijalarni diqqat bilan, ikki marta tekshirish kerakligini taʼkidladi. Shuningdek, Asad rejimiga bosimni kuchaytirishi mumkin boʻlgan qarorlarning oldini oldi va bu bilan Suriya rejimiga qarshi xalqaro sanksiyalarni qabul qilish jarayonini sekinlashtirdi.
Bundan tashqari, Rossiya Suriya rejimi uchun zararni yumshatish uchun diplomatik resurslaridan faol foydalandi. Xususan, u Suriya kimyoviy arsenalini topshirish va yoʻq qilish boʻyicha kelishuvni tuzishda muhim rol oʻynadi, bu esa Asadga AQShning harbiy zarbasidan qochish imkonini berdi. Bu kelishuv Moskvaning diplomatik gʻalabasi sifatida taqdim etildi.
4. Gʻarbni obroʻsizlantirish uchun propagandadan foydalanish
Rossiya ham, Eron ham, Suriya rejimini kimyoviy hujumda ayblagan Gʻarb davlatlari, xususan AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiyani obroʻsizlantirishga qaratilgan propagandani qoʻlladi. Rossiya va Eron tashviqoti bu mamlakatlarni oʻzlarining geosiyosiy manfaatlari yoʻlida Asadni agʻdarishga intilayotgan tajovuzkorlar sifatida koʻrsatdi.
Rossiyadagi koʻplab OAVlar AQSh Iroq va Liviyadagi ssenariyni takrorlashni rejalashtirayotganiga etibor qaratdi. Bunday ritorika muxolifatni ruhiy tushkunlikka tushirish va Asadning tarafdorlari miqdorini saqlab qolishni maqsad qilgan.
5. Tuhmat va yolgʻonlar
Rossiya va Eron tarqatgan yana bir versiyaga koʻra, AQSh va Gʻarb tarafdorlarining oʻzlari “begona bayroq ostida” bu qirgʻinni amalga oshirgan emish. Propagandachilar bu kabi tuhmatlar oqimi yordamida odamlarni goʻyoki AQSh va Gʻarb Suriyaga kirish uchun qirgʻinni tashkil etgan, degan yolgʻonga ishontirishga urindi.
6. Maʼlumot va dalillarni qalbakilashtirish. Rossiya va Eron koʻplab yolgʻon “dalillar” va “ekspertlarning” fikrlarini uyushtirishdi. Qalbaki hujjatlar tayyorlanib tarqatildi. Surat va videolavhalar montaj qilindi. Pulga sotilgan “mutaxassislar”dan Asadni qoʻllovchi “xolis” fikrlar olinib, internet orqali va boshqa yoʻllar bilan tarqatildi.
7. Proksi-guruhlar va kiberatakalar. Rossiya va Eron, shuningdek, oʻz proksi guruhlar, “troll”, bot hamda kiberhujumchi xakerlaridan xalqaro platformalar va ijtimoiy rarmoqlarda yologʻon maʼlumotlar – deziniforatsiya tarqatishni kuchaytirdi. Bunday saʼy-harakatlar odamlarda yolgʻon ijtimoiy fikr uygʻotishga qaratildi.
Axborot urushining oqibatlari
Rossiya va Eron yuritgan axborot urushi xalqaro hamjamiyatning shafqatsiz kimyoviy hujumga munosabatini sekinlashtirish va yumshatishda muhim rol oʻynadi. Koʻplab dalillar, jumladan BMT va mustaqil ekspertlarning hisobotlariga qaramay, Rossiya va Eron Asaddan eʼtiborni chetga chalgʻitib, shubhalanish muhitini yaratishga muvaffaq boʻldi. Bu esa Asadga oʻz qonxoʻrligi uchun javobgarlikdan qochish imkonini berdi.
Qolaversa, vaqt oʻtishi bilan Rossiya va Eronning Asad rejimini qoʻllab-quvvatlashdagi roli yanada sezilarli tus oldi. 2015 yilda Rossiyaning Suriyaga harbiy aralashuvi, rus aviatsiyasining muxolif sunniy aholi yashovchi dahalarni faol bombardimon qila boshlaganida, nihoyat, Suriya hukumati pozitsiyasini yana mustahkamlab oldi. Rossiya va Eron shu yoʻl bilan Asadning sodir etgan qilmishlari – insoniyatga qarshi jinoyatlari uchun javobgarlikdan qutilib qolishiga yordam berdi. Asad muxolifatga qarshi urushini yanada gʻayrat bilan davom ettirdi. Bu esa mintaqada mojaroning yanada kuchayishiga va mamlakatdagi gumanitar inqirozning chuqurlashishiga olib keldi.