Tasviriy sanʼatdagi yoʻnalishlar, maktablar va uslublarni qanday ajratish mumkin?

Yoʻnalish - bu sanʼatning keng toifasi boʻlib, u muayyan falsafiy yoki estetik tamoyillarni baham koʻradigan koʻplab uslublar va maktablarni oʻz ichiga oladi. Tasviriy sanʼatda realizm, impressionizm, modernizm kabi turli yoʻnalishlar majud. 

Madaniyat
23-avgust, 11:18
Tasviriy sanʼatdagi yoʻnalishlar, maktablar va uslublarni qanday ajratish mumkin?

Tasviriy sanʼat - bu juda koʻp yoʻnalish, maktab va uslublar mavjud boʻlgan boy va rang-barang dunyodir. Ularning har biri oʻziga xos xususiyatlari, estetik tamoyillari va falsafasi bilan ajralib turadi. 

Bu sohadagi yoʻnalish, maktab va uslublar oʻrtasidagi farqlar yetarli tayyorgarlik va maxsus bilimga ega boʻlmagan tomoshabin uchun unchalik tushunarli boʻlmasligi mumkin. Shu bois turli sanʼat asarlarini shunchaki tomosha qilib, estetik zavq olishni istovchilar uchun ayrim maʼlumotlarga ega boʻlish foydadan holi boʻlmaydi.

Qolaversa, bu farqlarni tushunish sanʼat asarlarini idrok qilish jarayonini hamda dunyoqarashni boyitishi mumkin.

Tasviriy sanʼat yoʻnalishlari

Yoʻnalish - bu sanʼatning keng toifasi boʻlib, u muayyan falsafiy yoki estetik tamoyillarni baham koʻradigan koʻplab uslublar va maktablarni oʻz ichiga oladi. Yoʻnalishlar koʻpincha jamiyatdagi ijtimoiy, madaniy yoki siyosiy oʻzgarishlarga javoban paydo boʻladi. Ularning ayrimlari quyidagicha tavsiflanadi.

Realizm. Realizm sanʼatdagi oqim sifatida XIX asr oʻrtalarida paydo boʻlgan va u hayotni qanday boʻlsa shunday holida – ideallashtirmasdan va romantik tuygʻularsiz koʻrsatishga intilgan. Realist rassomlar kundalik hayotning ishonchli tasvirlarini yaratib, tafsilotlariga alohida eʼtibor bergan. Gyustav Kurbe va Ilya Repinning asarlari shu yoʻnalishdagi ishlar hisoblanadi. 

Ilya Repin. “Volgadagi shatakchilar”. 1870-1873

Impressionizm. Bu yoʻnalish XIX asr oxirida Fransiyada paydo boʻlgan va koʻpincha tabiat bilan bogʻliq boʻlgan oniy-oʻtkinchi sezgilar va taassurotlarni yetkazishga qaratilgan. Klod Mone va Per-Ogyust Renuar kabi impressionist rassomlar yorugʻlik va harakat effektini yaratish uchun moʻyqalamning erkin surtmalari va yorqin ranglardan foydalangan.

Klod Mone. “Shaftolili idish”. 1866

Modernizm. Modernizm XIX asr oxiri va XX asr boshlarida paydo boʻlgan bir qancha uslub va maktablarni qamrab olgan keng yoʻnalishdir. Modernistlar anʼanaviy shakllardan uzoqlashishga intilib, yangi ifodalash  usullarini sinab koʻrishgan. Modernizmda ekspressionizm, kubizm, futurizm va syurrealizm kabi oqimlarni alohida ajratib koʻrsatish mumkin.

Tasviriy sanʼat maktablari

Tasviriy sanʼatda, barcha sohalarda boʻlgani kabi muʼayyan bir umumiylik va oʻxshashligi bilan ajralib turuvchi maktablar ham boʻlgan. Ayrim rassomlarning chizgan suratlari oʻxshash uslubda va mavzuda ekanligini ularning yagona maktabga oidligi bilan ifodalash mumkin baʼzan. 

Maktab - bu umumiy badiiy tamoyillar, texnika yoki hududiy mansublik bilan birlashtirilgan rassomlar guruhidir. Maktab maʼlum bir yoʻnalishning bir qismi boʻlishi mumkin, lekin u oʻziga xos xususiyatlarga va sanʼat yaratishga yondashuvlarga ega boʻladi.

Florensiya maktabi. Bu maktab Uygʻonish davrida Florensiya shahrida vujudga kelgan va Gʻarb sanʼatining rivojlanishida asosiy rol oʻynagan. Florensiya maktabining Sandro Bottichelli va Leonardo da Vinchi kabi vakillari perspektiva va anatomik aniqlikka alohida eʼtibor qaratishgan.

Barbizon maktabi. XIX asr oʻrtalarida Fransiyada paydo boʻlgan Barbizon maktabi impressionizmning “ajdodi” boʻlgan. Bu maktabning Jan-Fransua Mille, Kamil Koro kabi rassomlari yumshoq ranglar va realistik detallardan foydalangan holda qishloq tabiati va dehqonlar hayotini tasvirlashga qiziqishgan.

Baugaus maktabi. Baugaus 1919 yilda Germaniyada tashkil etilgan sanʼat maktabi boʻlib, zamonaviy sanʼat va dizayn rivojiga katta taʼsir koʻrsatdi. Bu maktab sanʼat va hunarmandchilikni birlashtirib, funksionallik va minimalizmga intildi. Paul Kleye va Vasiliy Kandinskiy kabi rassom hamda dizaynerlarning asarlari Baugaus uslubining yorqin namunasidir.

Tasviriy sanʼatdagi uslublar

Tasviriy sanʼatda uslub tushunchasi ham mavjud boʻlib - bu yoʻnalish yoki maktabga qaraganda torroq tushuncha hisoblanadi. Uslub biror rassom yoki rassomlar guruhi tomonidan qoʻllaniladigan texnika va ifodalash vositalarining oʻziga xos xususiyatlarini tavsiflaydi. Uslub muayyan harakat yoki maktabning bir qismi boʻlishi mumkin, lekin koʻpincha ijodiy yondashuvning individual xususiyatlarini aks ettiradi. Hayotimizdan koʻproq oʻrin olgan ayrim uslublarga alohida toʻxtalib oʻtish joiz. 

Barokko uslubi. Barokko XVI  asr oxirida paydo boʻlgan va dramatizm, tafsilot-detallarning koʻpligi va dabdabasi bilan ajralib turadigan uslubdir. Karavadjo va Piter Pol Rubens kabi barokko rassomlari taʼsirchan asarlar yaratishda yorugʻlik va soya kontrastlaridan, murakkab kompozitsiyalar va hissiy sahnalardan foydalangan.

Mikelandjelo Merizi da Karavadjo. “Havoriy Matfeyning chaqirib olinishi”. 1599—1600

Kubizm uslubi. Kubizm XX asr boshlarida paydo boʻlgan avangard uslub boʻlib, sanʼatdagi shakl va makon tushunchasini tubdan oʻzgartirib yuborgan. Pablo Pikasso va Jorj Brak kabi kubistlar obʼektlarni bir vaqtning oʻzida turli nuqtai nazardan tasvirlangan geometrik shakllarga boʻlishgan.

Rober Delone. “Eyfel minorasi”. 1911

Impressionizm uslubi. Yuqorida aytib oʻtilganidek, impressionizm ham rassomchilikdagi yoʻnalish boʻlsada, unga uslub sifatida ham qarash mumkin. 

Per Ogyust Renuar. “Qurbaqazor”. 1869

Mashhur rassomlarning asarlarini qanday va qanday belgilari bilan ajratish mumkin?

Mashhur rassomlarning asarlarini farqlash, ayniqsa, oʻxshash uslub yoki harakatlarda ishlaydigan rassomlar haqida gap ketganda, qiyin jarayon boʻlishi mumkin. Biroq, har bir rassomning oʻziga xos xususiyatlari boʻlib, uning asarlarini oson farqlash imkoniyatini beradi. Leonardo da Vinchi, Vinsent Van Gog va Salvador Dali kabi tasviriy sanʼat ustalarining asarlari kengroq ommalashgani bois, ular asarlaridagi asosiy xususiyatlarni koʻrib chiqamiz.

Leonardo da Vinchi

Uygʻonish davrining eng buyuk rassomlaridan biri boʻlgan Leonardo da Vinchi qoldirgan meros bugungi avlod sanʼat ixlosmandlarini ham hayratlantirishda davom etmoqda. Da Vinchi asralari yuqori texnikaga egaligi va inson anatomiyasini chuqur tushunishi bilan ajralib turadi.

Sfumato. Leonardo da Vinchining oʻziga xos texnikalaridan biri bu sfumato boʻlib, ranglar va ohanglar orasidagi yumshoq oʻtish, tumanli effekt yaratadi. Bu, ayniqsa, “Mona Liza” va “Qoyadagi qiz” kabi asarlarida yaqqol seziladi. Ushbu rasmlardagi qahramonlarning yuzlari biroz xiralashgan koʻrinadi, bu ularga sirlilik bagʻishlaydi.

Anatomik aniqlik. Leonardo da Vinchi nafaqat rassom, balki inson anatomiyasini chuqur oʻrgangan olim ham boʻlgan. U mazkur bilimlarini ishga solib odam tanasini hayratlanarli aniqlik bilan tasvirlagan. Masalan, “Soʻnggi maxfiy ziyofat” asarida Iso Masihning har bir havoriysi tasvirining harakatlari va his-tuygʻularini katta mahorat bilan yetkazganiga guvoh boʻlishingiz mumkin.

Kompozitsiya. Leonardo rasmlari kompozitsiyasi koʻpincha uchburchak kabi geometrik shakllarga asoslanadi, bu kompozitsiyaga uygʻunlik va barqarorlikni baxsh etadi. Bu, ayniqsa, “Soʻnggi maxfiy kechki ziyofat”da sezilarli boʻlib, unda har bir odam tasviri qatʼiy tartibda joylashtirilgan va Masihning markaziy tasviri alohida taʼkidlangan.

Leonardo da Vinchi. “Soʻnggi maxfiy ziyofat”. 1495—1498

Vinsent Van Gog

Vinsent Van Gog eng mashhur postimpressionist rassomlardan biri boʻlib, uning asarlari oʻzining yorqin ranglari va moʻyqalamning dinamik surtmalari bilan oson farqlanadi.

Yorqin ranglar. Van Gog oʻzining his va tuygʻulari yetkazish uchun boy, deyarli tajovuzkor ranglardan foydalangan. Uning “Kungaboqar” va “Yulduzli tun” asarlarida bu asarlarni unutilmas holatga keltiruvchi qizgʻin sariq, koʻk va yashil ranglarni koʻrish mumkin.

Ekspressiv moʻyqalam surtmalari. Van Gog moʻyqalam bilan quyuq boʻyoq surtmalarini tortish orqali suratlar chizgan boʻlib, bu uning asarlariga yorqin tekstura va dinamikani berdi. Bu, ayniqsa, vorteks chiziqlari tungi osmonning harakati va shiddatini aks ettira olgan “Yulduzli tun” asarida yaqqol seziladi. 

Vinsent Van Gog. “Yulduzli tun”. 1889

Mavzu. Van Gog koʻpincha tabiat, qishloq va qishloq hayoti manzaralarini chizgan. Uning mayda-chuyda tafsilotlarga boʻlgan eʼtiborini, tabiatni sevishini “Old fonda iris gullari boʻlgan Ar manzarasi” va “Tungi qahvaxona” kabi asarlarini tomosha qilib his etish mumkin.

Vinsent Van Gog. “Tungi qahvaxona ayvoni”. 1888

Salvador Dali

Salvador Dali eng mashhur syurrealistlardan biri boʻlib, uning asarlari gʻalati, grotesk tasvirlar va kutilmagan kombinatsiyalarga toʻla.

Syurreallistik obrazlar. Dalining asarlarida koʻpincha “Xotiraning barqarorligi” asardagi kabi eriyotgan soatlar yoki “Fillar” asaridagi uzun oyoqli fillar kabi haqiqiy boʻlmagan, fantastik elementlar mavjud. Bu elementlar Dali asarlarini boshqalarnikidan oson ajratib olish imkonini beradi. 

Detallarga eʼtibor. Fantastik mavzularga qaramay, Dali detallarga katta eʼtibor berdi. Uning rasmlari koʻpincha hayratlanarli aniqlik bilan yaratilgan. Hatto aql bovar qilmaydigan mavzularda ham haqiqiylik effekti ufurib turadi. 

Allyuziya va simvolizm. Salvador Dalining asarlari ramziy maʼno va tashbehlarga boy. Masalan, “Xotiraning bardavomligi” asaridagi eriyotgan soat vaqtning nisbiyligi va tutqich bermasligining ramzi sifatida talqin etiladi. Umuman, Dali asarlari vaqt, oʻlim, va ongosti hamda tushdagi tushunchalar kabi murakkab mavzu, ishora, belgi va oʻxshatma hamda havollardan iborat. Uning asarlarini turlicha talqin qilish mumkin.

Salvador Dali. “Fillar”. 1948

Pablo Pikasso

XX asrning eng nufuzli rassomlaridan biri boʻlgan Pikasso ijodning bir necha bosqichlarini bosib oʻtgan boʻlib, har bir bosqich oʻziga xos uslubga ega.

Moviy va pushti davrlar. Pikasso oʻz karerasi avvalida sokin va boʻgʻiq ranglar va tushkun mavzulari bilan ajralib turadigan asarlar yaratdi. “Moviy davr”da esa sovuq, koʻk ohanglar, “Pushti davr”da esa issiq pushti va qizil ranglar ustunlik qildi.

Kubizm. Pikasso sanʼatdagi shakl va makon tushunchasini tubdan oʻzgartirgan kubizmga asos solgan. Uning bu davrda yaratgan “Avinon qizlari” kabi asarlari geometrik shakllar va bir nechta nuqtai nazarlarni oʻz ichiga olgan.

Pablo Pikasso. “Ayol boshi”. 1939.

Syurrealistik davr. Keyinchalik Pikasso syurrealizmga yuzlanib, bu davrda  koʻpincha simvolizm va shaxsiy allyuziyalarga toʻla buzilgan, beoʻxshov shakllar va tasvirlardan foydalana boshladi.

Pikassoning soʻnggi davrdagi ijodiyoti borasida latifa ham mavjud. Aytishlaricha bir kibor va boy xonim Pikassoga suratini chizdiribdi. Oradan bir hafta oʻtib oʻsha xonim suratni qaytarib kelgan va koʻzlarimni sal kattaroq qiling degan. Pikasso “bir pasda hal qilamiz” deya moʻyqalamni qoʻliga olgan va suratga tikilib qotib turavergan. Mijoz ayol “Yangi gʻoya oʻylayapsizmi” deb savol bersa, Pikasso, “Yoʻq xonim, koʻzingizni qayerga chizganimni topolmayapman” degan ekan.

Hazilomuz 12 tavsiya

Ayrim sanʼat ixlosmandlari sanʼat asarlarining qaysi rassom qalamiga oidligini aniqlash uchun ayrim hazilomuz, ammo foydali maslahatlar berishadi. 

1. Agar suratda qorongʻu fon va odamlar yuzida har xil azob-uqubat tuygʻularini koʻrsangiz, demak bu rassmo Titsian asari.

2. Agar rasmdagi odamlarning ketlari katta va sellyulitli boʻlsa - bu Rubens.

3. Agar rasmdagi erkaklar koʻzlari maʼnoli va sochlari jingalak ayollarga oʻxshasa - bu Karavadjo.

4. Agar rasmda koʻplab kichkina odamchalar tasvirlangan boʻlsa – bu Breygel.

Katta Piter Breygel. “Oʻlim gʻalabasi”. 1561—1563

5. Agar suratda koʻplab kichkina odamlar va tushunarsiz mayda chuydalar boʻlsa – bu Bosx asari.

6. Agar siz mavjud kompozitsiyani buzmasdan, suratga bir nechta semiz amur surati va qoʻylarni osongina qoʻshib qoʻya olsangiz (yoki ular allaqachon turli xil konfiguratsiyalarda mavjud boʻlsa) – bu rassom Bushe yoki Vato qalamiga mansub asar.

7.  Agar suratdagi odamlarning hammasi chiroyli, yalangʻoch va figuralari kulturistga oʻxshagan boʻlsa – buni Mikelanjelo chizgan.

8. Agar suratda balerinani koʻrsangiz, eng avvalo Dega asari boʻlsa kerak deb gumon qiling.

9. Agar asar kontrastli, keskin boʻlsa, undagi erkaklar ozgʻin va soqqolli boʻlsa – bu suratni katta ehtimol bilan El Greko chizgan.

10. Agar hamma, hatto ayollar ham Putinga oʻxshasa, bu Yan van Eyk.

Yan van Eyk. “Arnolfinlar juftligi portreti”. 1434.

11. Hamma narsa yorqin, ehtirosli va rang-barang boʻlsa – avvalo Van Gog xayolingizga kelsin.

12. Asarda dogʻlar koʻp boʻlsa – Mone, odamlar koʻp boʻlsa Eudard Mane chizgan boʻlishi mumkin. 

Xulosa oʻrnida mulohaza

Umuman olganda, tasviriy sanʼatdagi yoʻnalishlar, maktablar va uslublarni farqlash tarixiy sharoit, texnika va estetik tamoyillarni chuqur anglashni talab qiladi. Har bir yoʻnalish, maktab yoki uslub sanʼat tarixidagi jamiyat, madaniyat va dunyoqarashdagi oʻzgarishlarni aks ettiruvchi oʻziga xos beqiyos hodisadir. Ushbu farqlarni bilish esa sanʼat asarlarini yaxshiroq tushunish va qadrlash, shuningdek, buyuk rassomlar yaratgan asarlarning oʻziga xos xususiyatlarini tanib olishga yordam beradi. 

 

 

 

 

telegram
telegram

Telegramda kuzatib boring!

Platina
© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+