Oʻzbekiston aholisining aksariyat qismi maymunchechakka qarshi immunitetga ega ekani maʼlum qilindi
1980 yildan avval tugʻilgan katta yoshdagilar chechak kasalligiga qarshi toʻliq emlangan. Bu ularni maymunchechakdan himoya qilishi mumkin.

Oʻzbekiston aholisining aksariyat qismida maymun chechakka qarshi jamoaviy immunitet mavjud. Bu haqda Sanepidqoʻmita maʼlum qildi.
Maymun chechagi – virusli infeksiya boʻlib, organizmning umumiy zaharlanishi hamda terida oʻziga xos toshmalar toshishi bilan kechadi.
“Maymun chechagi” kasalligi Oʻzbekiston hududiga kirib kelishi ehtimoli juda kam. Negaki “maymun chechagi” kasalligi qayd qilinayotgan Yevropa mamlakatlarida bemorlar va muloqotda boʻlganlarga nisbatan alohidalash choralari olib borilmoqda, epidemiyaga qarshi amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar esa samara berayotgani aytilmoqda.
Sanepidqoʻmita xabariga koʻra, Oʻzbekistonda istiqomat qilayotgan 1980 yildan avval tugʻilgan katta yoshdagilar chechak (halq tilida chin chechak) kasalligiga qarshi toʻliq emlangan.
Aynan shu qatlamda jamoaviy immunitet mavjud, boisi chin chechakka qarshi emlashdan keyin hosil boʻlgan immunitet maymun chechagiga qarshi ham ishlaydi va kasallikning keng tarqalish xavfini pasaytiradi, deyiladi qoʻmita xabarida.
JSST Yevropa ittifoqi maʼlumotlariga koʻra maymun chechagi epidemiyasi COVID-19 pandemiyasi darajasida global muammo tugʻdirmaydi. JSST Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge dunyoning qator mamlakatlarida mpox (maymun chechagi) virusi tarqalishi bilan bogʻliq epidemik vaziyat yuzasidan bayonot berar ekan, vahimaga berilishga hojat yoʻq deb taʼkidlagan.
Kasallik tarqalishini oldini olish maqsadida:
-maymun chechagi kasalligi boʻyicha epidemiologik noxush davlatlarga safarlarni cheklash;
- ish yuzasidan xizmat safariga borilgan taqdirda, yovvoyi hayvonlar va kemiruvchilar (maymunlar, kalamushlar) bilan muloqotda boʻlmaslik;
-jamoat joylariga chiqishda shaxsiy gigiyenaga qaʼtiy rioya qilish;
-tana xarorati koʻtarilgan yoki toshmalar toshgan yoʻlovchilar bilan birga xarakatlanishga toʻgʻri kelganda imkon qadar sanitariya-muxofaza (ijtimoiy) masofani saqlash, tibbiy niqoblardan foydalanish, qoʻllarni zararsizlantiruvchi vositalar bilan ishlov berish;
-jamoat transportlarida tibbiy niqoblardan foydalanish, transportdan tushgandan soʻng qoʻllarni zararsizlantiruvchi vositalar bilan tozalash tavsiya etiladi.
Eslatib oʻtamiz, maymunchechak hozirda Afrika, Yevropa va Osiyoning ayrim davlatlarida qayd etilgan.