Bitcoin kursining barqarorligi shubha ostida
Bitcoin kursining oʻsishi yoki pasayishini aniq aytish qiyin, ammo investorlar keskin oʻzgarishlarga tayyor turishi va kriptovalyutalarga sarmoya kiritish bilan bogʻliq barcha risklarni inobatga olishi darkor.
Jahon moliyaviy bozoridagi eng mashhur va barqaror kriptovalyutalardan biri Bitcoin (BTC) kursi 5 avgust kuni ertalab 50 ming dollardan pastga tushdi. Bu 2024 yil yanvaridan beri eng past koʻrsatkich va 2021 yildan beri kriptovalyuta narxining eng keskin pasayishi boʻldi. Bitcoin kursi qisman tiklanib, 50850 dollarga chiqdi. Biroq bunday holat Bitcoin kursining barqaror oʻsish xususiyati borasidagi shubhalarni hamda vahimani kuchaytirdi.
Bitcoin oʻzi nima?
Bitcoin – eng birinchi va eng mashhur kriptovalyuta boʻlib, 2009 yilda “Satoshi Nakamoto” taxallusidagi anonim dasturchi yoki dasturchilar guruhi tomonidan yaratilgan. U blokcheyn texnologiyasiga – barcha tranzaksiyalarning shaffofligi, xavfsizligi va oʻzgarmasligini taʼminlaydigan markazlashtirilmagan reyestrga asoslangan.
Dollar yoki yevro kabi anʼanaviy valyutalardan farqli oʻlaroq, Bitcoin hech qanday hukumat yoki moliya institutlari tomonidan nazorat qilinmaydi. Bu shuni anglatadiki, uning emissiyasi (ishlab chiqarilishi) va narxi faqat bozordagi talab va taklif asosida belgilanadi.
Bitcoin dastavval anʼanaviy pullarga muqobil variant sifatida ishlab chiqilgan boʻlib, operatsiyalarni bank va boshqa vositachilar ishtirokisiz amalga oshirish imkoniyatini taklif qilgan. Biroq vaqt oʻtishi bilan u nafaqat ayirboshlash vositasi, balki yuqori daromad keltira oladigan investitsiya aktivi sifatida ham koʻrila boshladi. Aholi oʻsib borayotgan iqtisodiy noaniqlik va inflyatsiya sharoitida koʻpchilik Bitcoin’ni "raqamli oltin" – oʻz jamgʻarmalarini saqlash va oshirish usuli sifatida qabul qila boshladi.
Bitcoin aylanmasi va xalqaro mashhurlik
Bitcoin yaratilganidan beri, hech kim tanimagan raqamli aktivdan global moliyaviy fenomen darajasiga qadar uzoq yoʻlni bosib oʻtdi. 2024 yilda Bitcoin aylanmasi kuniga yuzlab milliard dollardan oshadi. Uning bozor kapitallashuvi 2024 yil avgustida qulashdan oldingi vaziyatda 1 trillion dollardan ziyod boʻlgan.
CoinMarketCap maʼlumotlariga koʻra, 2024 yil boshiga kelib, Bitcoin butun kriptovalyuta bozori kapitallashuvining taxminan 40 foizlik ulushini tashkil etgan. Bu esa Bitcoin’ning barcha raqamli aktivlarga nisbatan yetakchi maqomda ekanini tasdiqlaydi.
Bitcoin’ning global mashhurligi bir necha omillarga bogʻliq. Birinchidan, anʼanaviy moliyaviy tizimdan norozi yoki iqtisodiyoti beqaror boʻlgan mamlakatlarda yashovchi odamlarni Bitcoin’ning markazlashmagan xususiyati qiziqtirib qoʻyadi. Masalan, inflyatsiya nihoyatda yuqori boʻlgan Venesuela va Argentinada odamlar oʻz jamgʻarmalarini saqlab qolish uchun Bitcoin’dan faol foydalanadi.
Bundan tashqari, odamlar Bitcoin’ni oson sotib olishlari va sotishlari mumkin boʻlgan kriptovalyuta birjalarining koʻpayishi hamda kriptovalyuta hamyonlari va toʻlov tizimlarini oʻz ichiga olgan infratuzilmaning rivojlanishi hisoblanadi. 2024 yil holatiga koʻra, butun dunyo boʻylab millionlab odamlar Bitcoin’ga ega boʻlib, undan tranzaksiyalar yoki uzoq muddatli investitsiya aktivi sifatida faol foydalanmoqda.
Nega Bitcoin kursi tez koʻtarildi?
Soʻnggi yillarda Bitcoin’ning tez oʻsishi bir nechta muhim omillarning jamlangani bilan bogʻliq:
Institutsional investitsiyalar
2020 yillarda Bitcoin xedj-fondlar, pensiya jamgʻarmalari va hatto yirik korporatsiyalar kabi yirik institutsional investorlarning eʼtiborini torta boshladi. Misol uchun, 2021 yilda MicroStrategy Bitcoin’ga 1 milliard dollardan ortiq sarmoya kiritdi va Tesla 1,5 milliard dollar sarmoya kiritdi, bu uning narxi sezilarli darajada oshishiga olib keldi. Ushbu harakatlar boshqa bozor ishtirokchilariga Bitcoin’ni toʻliq investitsiya aktivi sifatida koʻrib chiqish mumkinligi haqida signal boʻldi. Uning likvidligi va unga ishonchni birmuncha oshirdi. Bunday eʼtibor domino effektini hosil qilib, boshqa yirik tashkilotlar va xususiy investorlarni ham jarayonga tortdi.
“Raqamli oltin”ning tan olinishi
Cheklangan taʼminot (faqat 21 million tanga) va pul saqlash vositasi boʻlib xizmat qilish xususiyati tufayli, Bitcoin tobora oltin bilan solishtirilmoqda. Inflyatsiya va iqtisodiy beqarorlik sharoitida, ayniqsa COVID-19 pandemiyasidan keyin koʻplab investorlar oʻz aktivlarini himoya qilishning muqobil usullarini qidirishdi. Natijada Bitcoin shunday usullardan biri boʻlib chiqdi.
Rivojlanayotgan infratuzilma
Kriptovalyuta birjalari, toʻlov tizimlari va kripto-hamyonlar miqdorining oʻsishi Bitcoin oldi-berdisini ancha osonlashtirdi. Bu esa mazkur kriptovalyutaga talabni oshirdi va bu, tabiiyki, uning narxi oʻsishiga ham hissa qoʻshdi.
Chakana investorlar oʻrtasida ommalashuv
Kriptovalyutalar haqidagi axborot va taʼlim resurslarining ortib borishi tufayli Bitcoin millionlab chakana investorlarda jonli qiziqish uygʻotdi. Ijtimoiy tarmoqlar, forumlar va blogerlar kriptovalyutalarda pul ishlash imkoniyatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻxtovsiz tarqata boshladi. Bu ham Bitcoin’ga talabning yanada ortishiga olib keldi.
Media-effekt va xayp (shov-shuv)
OAVning doimiy eʼtibori, shuningdek, Ilon Mask kabi mashhur shaxslarning ommaviy bayonotlari Bitcoin atrofida oʻziga xos shov-shuv paydo boʻlishiga yordam berdi. Bu bozorning yangi ishtirokchilari, jumladan, ilgari kriptovalyutalarga sarmoya kiritmaganlar eʼtiborini ham tortdi.
Bunday omillar 2020 va 2023 yillar oraligʻida Bitcoin narxi bir tanga uchun 10 000 dollardan 60 000 dollargacha ortishiga olib keldi. Biroq, maʼlum boʻlishicha, bu tez oʻsish cheksiz davom eta olmas ekan. Buning tasdigʻi sifatida 2024 yilda kriptovalyuta hamjamiyatini ham, anʼanaviy moliya bozorlarini ham hayratda qoldirgan inqiroz yuz berdi.
Bitcoin kursi zaiflashuvining asosiy sabablari va omillari
2024 yil avgust oyida Bitcoin narxi birdaniga 50 foizdan ziyodga tushib ketdi, bu investorlar orasida vahima koʻtardi. Kriptovalyuta birjalarida Bitcoin’dan “qutulish” uchun uni katta hajmda sota boshlashgani oʻziga xos “yuqumli” toʻlqin paydo qildi. Umuman olganda, Bitcoin kursining qulashiga sabab boʻlgan omillar koʻp va turdosh va turdosh boʻlmagan sohalar faoliyati bilan bogʻliq.
Kriptovalyuta bozorini tartibga soluvchi regulyatorlarning zarbasi
Bitcoin’ning qulashi ortidagi asosiy omillardan biri – bir qator mamlakatlarda kriptovalyutani tartibga solish siyosatining oʻzgarishi boʻldi. 2024 yil oʻrtalarida AQSh, Yevropa Ittifoqi va Xitoy rasmiylari kriptovalyuta bozori ustidan nazoratni kuchaytirishga qaratilgan bir qator qattiq choralarni amalga tatbiq etishdi.
Masalan, AQSh moliya vazirligi kriptovalyutalar uchun yangi soliq qoidalarini eʼlon qildi. Jumladan, qiymati 10 000 dan dollardan oshadigan barcha amaliyotlarni deklaratsiyalashtirish, shuningdek, jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash boʻyicha kengaytirilgan chora-tadbirlar amalga oshirildi. Bu hukumat nazoratini kuchaytirishidan qoʻrqqan investorlar orasida vahima toʻlqinini keltirib chiqardi.
Xitoy esa ancha paytdan beri kriptovalyuta operatsiyalari uchun eng yirik bozor boʻlib kelayotgan edi. Biroq bu davlat hukumati ham kriptovalyutalarga nisbatan siyosatini qattiqlashtirishda davom etdi. 2024 yil avgust oyida ushbu mamlakat rasmiylari kriptovalyutalarni mayning (yaratish) va sotishni toʻliq taqiqlashini eʼlon qildi. Bunday yangilik Bitcoin tarmogʻi xeshreyti va kriptovalyutaga ishonchning pasayishiga olib keldi.
Maʼlumot: Bitcoin xeshreyti (hashrate) butun bloklar zanjiri boʻylab qancha takliflar joʻnatilishini belgilaydi. Nisbatan yuqori xeshreyt – hisoblash texnikasi quvvatini, elektr energiyasi sarfini va tranzaksiyalar tekshirish vaqtini oshirish zarurligini koʻrsatadi. Bu Bitcoin’ni “mayning” qilishni sekinlashtirishi, xarajatlar, demakki, Bitcoin “tannarxi”ning ortishiga olib keladi.
Yevropa Ittifoqi esa kriptovalyuta aylanmasini tartibga soluvchi qonunlarning yangi paketini, jumladan, kriptovalyuta birjalari va hamyonlarini majburiy litsenziyalashni, shuningdek, KYC (Know Your Customer) hamda AML (Anti-Money Laundering) qoidalarini joriy qildi. Ushbu chora-tadbirlar Yevropa bozorlarida Bitcoin’ning likvidlik darajasi pasayishiga va ommaviy sotilishiga olib keldi.
Bitcoin tarmogʻidagi texnik muammolar
Bitcoin narxining pasayishiga sabab boʻlgan yana bir omil – tarmoqdagi texnik muammolar boʻldi. 2024 yil avgust oyida yirik mayner pool’laridan birida yuz bergan nosozlik tufayli tranzaksiyalarga ishlov berishda sezilarli sekinlashuv kuzatildi. Bu esa amaliyotlar uchun komissiyalarning ortishi va tarmoqqa ishonchning pasayishiga olib keldi.
Tarmoqdagi uzilishlar foydalanuvchilar orasida vahima uygʻotdi. Ularning aksariyati oʻz aktivlarini ommaviy ravishda sotishni boshladi. Shu bilan birga, bozorlarda kredit “yelkasi”dan foydalangan holda ommaviy likvidatsiya jarayoni boshlangani ham Bitcoin narxiga taʼsir qildi. Marja savdosidan foydalanadigan koʻplab investorlar narxlar maʼlum darajaga yetganida oʻz pozitsiyalarini yopishga majbur boʻlishdi, bu esa bozorning kaskadli pasayishiga olib keldi.
Bozordagi manipulyatsiya
Baʼzi ekspertlar yirik oʻyinchilarning ehtimoliy manipulyatsiyasiga ishora qiladi. Koʻp miqdorda Bitcoin’ga ega qator yirik fondlar va xususiy investorlar, keyinroq aktivlarni arzonroq narxda sotib olish maqsadida ataylab narxning tushib ketishiga harakat qilib, bozorni “chayqatishdi”, degan taxminlar ham mavjud.
Iqtisodiy va geosiyosiy beqarorlik
Nihoyat, global iqtisodiy va geosiyosiy beqarorlik sharoitida investorlar oltin va davlat obligatsiyalari kabi xavfsizroq aktivlarga oʻtishni boshladi. Ukraina bilan bogʻliq vaziyat, Rossiyaga qarshi sanksiyalar, Xitoy va AQSh oʻrtasidagi savdo “urush”lari – bularning barchasi bozorlarda noaniqlikni kuchaytirdi va riskli aktivlardan, jumladan, kriptovalyutalardan kapitalning chiqib ketishiga olib keldi.
Bitcoin’ga munosabat va ishonch barqaror emas
Qayd etish joiz, Bitcoin’ga munosabat va ishonch oʻzgarib turibdi. Hatto ayrim mashhur shaxslarning mazkur kriptovalyutaga munosabati ham vaqt oʻtishi hamda vaziyat oʻzgarishi bilan bogʻliq ravishda evrilishga uchramoqda.
Xususan, AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp Bitcoin haqidagi bahsli fikrlari bilan tanilgan. U 2017 yildan 2021 yilgacha boʻlgan prezidentlik davrida bir necha bor kriptovalyutani “firibgarlik” va “moliyaviy barqarorlikka tahdid” deb atagan edi. Biroq, 2024 yilda oʻzining yangi saylovoldi kampaniyasi paytida, Tramp kutilmaganda oʻz pozitsiyasini oʻzgartirdi va Bitcoin’ni AQShning rasmiy kriptovalyutasi sifatida tan olish gʻoyasini ilgari sura boshladi.
Trampning Bitcoin’ga boʻlgan munosabatini oʻzgartirish sabablari quyidagilar boʻlishi mumkin:
1. Siyosiy strategiya. Donald Tramp doimo hissiyotli masalalardan siyosiy-populistik maqsadlarida foydalana olgan. Kriptovalyutalar tobora ommalashib borayotgan va keng aholi uchun qiziqish uygʻotayotgan bir paytda, Bitcoin’ni qoʻllab-quvvatlash – yosh saylovchilar va moliyaviy innovatsiyalar tarafdorlarining eʼtiborini jalb etishi mumkin.
2. Anʼanaviy moliyaviy tizimga muxolifat. Tramp AQShning Federal rezerv tizimini va boshqa anʼanaviy moliya institutlarini muntazam tanqid qilishi bilan tanilgan. Bitcoin’ni rasmiy valyuta sifatida tan olish Federal rezerv tizimi taʼsirini zaiflashtirish va ijro hokimiyati tomonidan moliya tizimi ustidan nazoratni kuchaytirishga qaratilgan qadam boʻlishi mumkin.
3. Iqtisodiyotni ragʻbatlantirish. Bitcoin’ning tan olinishi AQShga yangi sarmoyalarni jalb etish va innovatsion texnologiyalarni rivojlantirishga yordam berishi kutilmoqda. Shuningdek, bu qadam Xitoy va Yevropa Ittifoqi bilan raqobati kuchayishi fonida mamlakatning xalqaro maydondagi mavqesini mustahkamlashi taxmin qilinadi.
4. Xalqaro toʻlovlar. Xalqaro toʻlovlarda Bitcoin’dan foydalanish moliyaviy operatsiyalarning tezligi va shaffofligini oshirishga yordam berishi mumkin, bu esa globallashuv sharoitida muhim afzallik boʻladi.
Biroq ekspertlar Bitcoin’ni AQSh rasmiy valyutasi sifatida tan olish gʻoyasiga shubha bilan qarashadi. Kriptovalyutaning yuqori oʻzgaruvchanligini, shuningdek, uni tartibga solish va anʼanaviy moliya tizimiga integratsiyalashuvi bilan bogʻliq qiyinchiliklar bunga toʻsqinlik qiladi. Biroq Trampning taklifi uning tarafdorlari orasida ham, raqiblari orasida ham keng muhokamalarga sabab boʻldi.
Bitcoin narxining taxminiy prognozi
Bitcoin kursini uning yuqori oʻzgaruvchanligi sharoitida prognoz qilish oʻta qiyin vazifa. Ammo kelgusi yilda uning dinamikasiga taʼsir qiladigan bir nechta asosiy omillarni misol keltirish mumkin:
1. Normativ oʻzgarishlar. Kriptovalyutalar bilan bogʻliq yangi qoidalar va qonunlarning kiritilishi hal qiluvchi rol oʻynaydi. Kriptovalyuta bozori ustidan nazoratni kuchaytirish, Xitoy misolida boʻlgani kabi, ushbu valyuta kursiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Nazoratni liberallashtirish esa, aksincha, investorlar qiziqishini tiklashi mumkin.
2. Institutsional investitsiyalar. Banklar va korporatsiyalar kabi yirik oʻyinchilar yordamida Bitcoin narxi oʻzgarishda davom etadi. Agar institutsional investorlar bozorga kirishda yoki oʻz pozitsiyalarini kuchaytirishda davom etsa, bu Bitcoin narxini barqarorlashtirishi yoki hatto oshirishi mumkin.
3. Iqtisodiy va geosiyosiy vaziyat. Global iqtisodiy inqirozlar, urushlar va siyosiy oʻzgarishlar Bitcoin kursiga taʼsir qilishda davom etadi. Noaniqlik davrida investorlar umumiy vaziyatga qarab Bitcoin narxini qoʻllab-quvvatlashi yoki zaiflashtirishi mumkin boʻlgan muqobil aktivlarni izlashi mumkin.
4. Texnologik rivojlanish. Blokcheyn texnologiyalarini takomillashtirish, tarmoqning koʻlamdorligi va xavfsizligini oshirish – Bitcoin’ga ishonchning ortishi va yangi foydalanuvchilar va investorlarni jalb etishga yordam beradi.
5. Bozor kayfiyati va manipulyatsiyasi. Bozor kayfiyati, mish-mishlar va asosiy oʻyinchilar tomonidan ishga solinishi mumkin boʻlgan manipulyatsiya Bitcoin narxining qisqa muddatli oʻzgarishiga bevosita taʼsir qiladi.
Ushbu omillarning barchasini hisobga olgan holda, kelgusi yilda Bitcoin narxi juda oʻzgaruvchan boʻlib qoladi, deb taxmin qilish mumkin. Bitcoin kursining oʻsishi yoki pasayishini hozirgi sharoitda aniq prognoz qilish oson emas. Nima boʻlganda ham, investorlar keskin oʻzgarishlarga tayyor turishi va kriptovalyutalarga sarmoya kiritish bilan bogʻliq barcha risklarni inobatga olishi darkor.
Abulfayz Sayidasqarov
Telegramda kuzatib boring!