Baliqchi tumani hokimi oʻrinbosari qamoqqa olindi
Oʻrinbosar bilan birgalikda tuman uy-joy kommunal xoʻjaligi boʻlimi bosh mutaxassisi ham ushlangan.

Baliqchi tumani hokimi oʻrinbosari qamoqqa olindi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Unda Baliqchi tumani hokimligi zahirasida boʻlgan 3,75 gektar yer maydonining 1,75 gektarini “E-auksion” orqali arzon narxda olib berish, qolgan 2 gektarini esa 2019 yildagi sana bilan tuman hokimining qarorini tayyorlab, xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 30 ming AQSh dollari olgan vaqtlarida tuman Uy-joy kommunal xoʻjaligi boʻlimi bosh mutaxassisi va tibbiy xizmat koʻrsatishga ixtisoslashgan MChJ xodimi ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shuningdek, tergovga qadar tekshiruv davomida, ular ushbu masalani tuman hokimining oʻrinbosari orqali hal etishlari aniqlanib, tezkor tadbir davom ettirildi va mazkur mansabdor shaxs 30 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda ularga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tuman hokimi oʻrinbosari va Uy-joy kommunal xoʻjaligi boʻlimi bosh mutaxassisiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanildi.