Oʻrmon yongʻinlari: Turkiya va Braziliyada jiddiy vaziyat yuzaga keldi
Turkiyadagi yongʻinlar yirik shaharlardan biri Izmir atrofida tarqalgan va aholi yashash hududlarigacha yetib borgan.
Turkiya gʻarbidagi oʻrmon yongʻinlari Izmir shahridagi aholi yashash hududlarigacha kirib bordi. Hodisa joyida minglab favqulodda vaziyatlar xodimlari ishlamoqda.
Turkiya ichki ishlar vaziri Ali Erlikaya 17 avgust, shanbaga oʻtar kechasi mahalliy hokimiyat organlari jabrlangan hududlardan 900 ga yaqin odamni evakuatsiya qilingani hhaqida xabar bergan
Izmir viloyatida yongʻinlarni oʻchirishga 2965 kishi va 600 ga yaqin texnika jalb etilgan, deb xabar qildi mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻon matbuot xizmati.
Izmir shimolidagi Qarsiyaka tumanida yongʻin 30 ta binoga zarar yetkazdi, dedi shahar hokimi Jemil Tugay. Bundan tashqari, 10 qavatli turar joy binosi yonib ketdi – oʻt oʻchiruvchilar zudlik bilan aholini evakuatsiya qilishdi va binodagi yongʻinni oʻchirishdi.
Izmirning boshqa hududlarida ham bir qancha uylar yonib ketgan, deya qayd etdi mahalliy hukumat.
Rasmiylarga koʻra, yongʻinga dam oluvchilarning gulxanni oʻchirmagani sabab boʻlgan. Turkiya ichki ishlar vazirligi yongʻinlar sabab bir necha kishini qoʻlga oldi.
Shuningdek, Braziliyadagi Serra do Cipo milliy bogʻidagi yongʻin uch kundan beri oʻchirilmayapti, deya yozadi Globo nashri.
Yongʻin bogʻning noyob flora va faunasiga, jumladan, mamlakatda uchinchi oʻrinda turadigan Tabuleyro sharsharasiga tahdid solmoqda.
Bogʻning 33,8 ming gektar maydonidan 478 gektari allaqachon yonib ketgan.
Chiko Mendes instituti qoʻriqxona uchun jiddiy xavf haqida ogohlantirmoqda.
Qutqaruv xizmatlari yongʻinga qarshi kurashda davom etmoqda, biroq yongʻinning oqibatlari halokatli boʻlishi mumkin.