platina.uz
Sport

Olimpiadadan keyingi hayot

Musobaqalarni oʻtkazishda davlatlar borgan sari eng kam mablagʻ sarflashga oʻtib ketyapti. Masalan, 2028 yildagi oʻyinlarga davlat byudjetidan pul ajratilmaydi.

Olimpiadadan keyingi hayot
Fotokollaj: Platina.uz

2024 yilning eng muhim va tarixiy voqealaridan biri – Parij shahrida Yozgi olimpiya oʻyinlari oʻtkazilishi boʻldi. Ulkan tantana va shukuh bilan oʻtkazilgan musobaqalar uchun alohida tayyorgarlik koʻrildi. Katta vaqt va mablagʻlar sarflandi.

Aslida olimpiya oʻyinlariga mezbonlik qilish har qanday shahar va mamlakat uchun eng muhim, obroʻli va masʼuliyatli voqealardan biridir. Bu nafaqat sport tadbiri, balki infratuzilmani rivojlantirish, iqtisodiyot va xalqaro nufuzni oshirish uchun kuchli ragʻbat hisoblanadi. Biroq oʻyinlar yakunlanganidan keyin infratuzilma, bino va stadionlardan qanday foydalanish muammosi dolzarb boʻlib qolmoqda.

Zero, bir necha oʻn ming kishi uchun moʻljallangan stadionlar va maxsus qurilgan binolardan oʻyinlar yakunlangach, toʻla quvvat bilan foydalanib boʻlmaydi. Ularni saqlab turish va taʼmirlash, boshqa doimiy hamda zaruriy xarajatlar uchun pul sarflash oʻzini qoplamaydi.

Olimpiya bobsley trassasi, Sarayevo, 1984 va 2018 yillar

Olimpiada merosi: muvaffaqiyatlar va muammolar

Olimpiya oʻyinlari tugagandan soʻng, stadionlar va sport inshootlari eng koʻzga koʻringan va muhim obʼektlardan biri, ayni paytda esa muhim muammolar manbai boʻlib qolmoqda. Baʼzi hollarda ulardan yangi maqsadlarda foydalanishadi, boshqalari esa qarovsiz qoladi va asta-sekin xarobaga aylanadi. Olimpiada uchun qurilgan turar-joy majmualari, koʻpincha, oʻyinlardan soʻng aholi turar joylari, mehmonxonalar yoki taʼlim muassasalariga aylaniriladi. Turli yillarda va turli shaharlarda bu borada oʻziga xos yoʻl tutilgan.

Tashlandiq stadion

London, 2012 yil

Muvaffaqiyatli misollardan biri 2012 yilgi London olimpiadasi hisoblanadi. Bu yerda Bosh olimpiya stadionining nomi “Olimpiya stadioni” deb oʻzgartirildi va West Ham United futbol klubining uy-stadioniga aylantirildi. Bundan tashqari, suzish havzalari va velodromlar kabi boshqa obʼektlar qayta taʼmirlanib, odamlar foydalanishi uchun ochilib, mahalliy aholi faol foydalanayotgan infratuzilmaning bir qismiga aylandi.

Afina, 2004 yil

2004 yilgi olimpiya oʻyinlaridan keyin koʻplab olimpiya obʼektlari qarovsiz qolgan Afinada buning teskarisi yuz berdi. 22 ta yirik obʼektdan 21 tasi oʻyinlardan bir necha yil oʻtib yaroqsiz holga kelgan. Stadionlar va boshqa inshootlar qurilishiga katta miqdorda sarmoya kiritish uzoq muddatli foyda keltirmadi va ularning baʼzilari shunchaki qulab tushmoqda. Bir paytlar sportchilar hamda muxlislarning hayajonli hayqiriqlaridan titragan obʼektlar hozir yovvoyi oʻtlar bilan qoplangan va notoʻgʻri boshqaruv ramziga aylangan.

“Olimpiya sohil voleyboli stadioni”, Afina, 2004 va 2014 yilgi qiyofasi

Pekin, 2008 yil

“Qush uyasi” nomi bilan tanilgan Pekin milliy stadioni muvaffaqiyatning yorqin namunasidir. Stadion sayyohlar uchun diqqatga sazovor joy sifatida ishlatiladi, ammo uni saqlab turish katta xarajatlarni talab qiladi. Tashrifdan tushgan daromad bu xarajatlarni qisman qoplaydi. Biroq bu stadiondan maksimal darajada foydalanilmayotgani aytiladi.

2008 yil olimpiada oʻyinlari uchun qurilgan Pekin milliy stadioni qarovsiz qolgan paytlar

Barselona, 1992 yil

1992 yilgi Barselona olimpiadasi infratuzilmada unumli foydalanishning eng muvaffaqiyatli namunalaridan biridir. Olimpiya shaharchasi turar-joy maydoniga aylantirildi va shaharning ilgari sanoat hududi boʻlgan sohiloldi qismi esa asosiy sayyohlik markazlaridan biriga aylandi. Hududning oʻzgarishi yangi investitsiyalarni oʻziga jalb qildi va shaharning iqtisodiy oʻsishiga yordam berdi.

Rio-de-Janeyro, 2016 yil

1996 yilda oʻtkazilgan olimpiya oʻyinlari Braziliya poytaxti tarixiga ulkan va nufuzli hodisa boʻlib bitildi. Biroq musobaqalar yakunlangach, koʻplab obʼektlar keraksiz boʻlib qoldi va asta-sekin vayron boʻla boshladi. Masalan, “Olimpiya parki” tashlandiq ahvolda. Milliy velodrom 2017 yilda yonib ketgan. Ekspertlarning baholashicha, ayni paytda Riodagi olimpiya obʼektlarining deyarli yarmi ayanchli ahvolda.

Rio-de-Janeyrodagi olimpiya obʼektlari, 2016 va 2021 yillar
Mashhur Marakana stadionining hozirgi ahvoli

Sochi, 2014 yil

Rossiyada, Sochidagi 2014 yilgi qishki olimpiya oʻyinlaridan soʻng “Olimpiya shaharchasi” kurort majmuasiga aylantirildi. Oʻyinlar uchun qurilgan inshootlardan hozir turli sport va madaniy tadbirlarni oʻtkazish uchun foydalanilmoqda. Biroq baʼzi obʼektlar hamon mijoz yetishmovchiligi va texnik xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq muammolarga duch kelmoqda.

Monreal, 1976 yil

1976 yilgi Monreal olimpiadasi oʻzidan keyin katta qarz va tashlandiq obʼektlarni “meros” qoldirdi. “Olimpiya shaharchasi” turar-joy majmuasiga aylantirildi, ammo uning faoliyat yuritishi koʻplab qiyinchiliklarga duch keldi. Boshqaruv va moliyalashtirishdagi qiyinchiliklar ayrim binolarni yaroqsiz holga keltirdi.

Xatolardan xulosa chiqarib...

Shu paytgacha yoʻl qoʻyilgan xatolardan xulosa chiqargan Xalqaro olimpiya qoʻmitasi (XOQ) 2020 yilda Olimpiadaga tayyorgarlik koʻrish strategiyasini oʻzgartirdi.

Endilikda XOQ tashkilotchilardan yoki mavjud bino va infratuzilmadan samarali foydalanish yoki vaqtinchalik, kamxarj strukturalar qurishni talab qilmoqda. Yangi binolarni qurish uchun, avval uning kelajakda ham uzoq muddatlarda foydalanishini isbotlab berish kerak.

XOQ hattoki Afinada ilk bor 1896 yilda oʻtkazilgan oʻyinlardan 2018 yilda Pxyonchxanda oʻtkazilgan oʻyinlargacha boʻlgan 125 yil davomida olimpiadadan keyin tegishli obʼektlardan foydalanishning rasmiy inventarizatsiyasini ham oʻtkazdi. Maʼlum boʻlishicha, barpo etilgan inshootlarning 85 foizi hozirgacha ishlab turibdi. Qolgan 15 foizi ishlamaydi. Ular turli sabablarga koʻra buzilgan yoki urushlar paytida yoki baxtsiz hodisalar natijasida vayron qilingan. Biroq ularning aksariyati yangi shaharsozlik loyihalariga aylantirilgani taʼkidlangan.

Yaqinda Parijda yakunlangan Olimpiada chogʻida ham ana shu tavsiyalardan foydalanilgani sezilib turdi.

Parij tavsiyalarga amal qildi

Parij olimpiadasi uchun tanlangan binolarning 95 fozi amalda ishlab turgan yoki vaqtinchalik binolar edi. Fransiya bu musobaqalarni eng ekologik va nisbatan kamxarj qilishga vaʼda berdi.

Jumladan, sportchilarning xonalarida havo sovutish tizimlari doimiy ishlamadi – chunki freon ozon qatlamini yemiradi. Xonalardagi mebellar esa bir marta foydalaniladigan, qayta ishlanishi oson yoki buzilganidan soʻng boshqa maqsadlar uchun foydalansa boʻladigan materiallar, jumladan qattiq kartondan yasalgani aytiladi.

Musobaqalarni oʻtkazish uchun Fransiya poytaxtidagi diqqatga sazovor joylar va yodgorliklardan foydalanildi.

“Mars maydoni”da esa maydoni 10000 kv m.ga teng vaqtinchalik tuzilma – “Sport saroyi” qurildi. Uni oʻyindan keyin buzib tashlash rejalashtirilgan. Aynan 2024 yil olimpiadaasi uchun qurilgan yagona bino Sen-Deni-dagi “Suv sporti markazi” boʻlib, u kamuglerodli konstruksiyadan yasalgan.

Parijning sanoat hududida esa yangi “Olimpiya shaharchasi” paydo boʻldi. Bu yerdagi turar-joylarni qurishda qayta ishlangan materiallardan kamuglerodli beton va yogʻochdan foydalanilgan. Bunday yechimlar havoga CO₂ chiqarilishini 30 foizga kamaytiradi. Oʻyinlar yakunlangach, bu shaharcha ofislar va savdo markazlaridan hamda aholi yashovchi turar-joylardan iborat shinam dahaga aylanadi.

Los-Anjeles yanada “oldinroq” ketmoqchi

Maʼlumki, keyingi – 2028 yil Yozgi olimpiada oʻyinlari AQShning Los-Anjeles shahrida oʻtkaziladi. Mashhur aktyor Tom Kruz olimpiya bayrogʻini qabul qilib olib, “Farishtalar shahri”ga eltadigan boʻldi.

Darhol qayd etishi kerak, Los-Anjelesning olimpiada oʻtkazish uchun tajribasi yetarli – bu shahar 1932 va 1984 yillarda xalqaro musobaqalarga mezbonlik qilgan.

Antisanitariya sharoitida koʻchada yashaydigan uysizlar va narkomanlar muammosini aytmaganda, Los-Anjeles boʻlajak tadbirni oʻtkazishga koʻp qiynalmaydi. “Bizga 4 yil ham shart emas, 4 kunda tayyor boʻlamiz”, deya kerilmoqda shahar faollari OAVlardagi chiqishlarida.

Los-Anjeles 2028 yil oʻyinlarini oʻtkazish uchun bergan arizasida birorta ham yangi narsa qurmasligini bildirgan. Faqat 4 ta yangi maydon quriladi va ular manfaatdor tadbirkorlarning shaxsiy mablagʻlari va biznes-loyihalari asosida barpo etiladi. Oʻyinlar yakunlangach, ulardan tijoriy maqsadlarda foydalaniladi.

Shuningdek, olimpiada ishtirokchilari uchun alohida “Olimpiya shaharchasi” qurilmaydigan boʻldi. Sportchi mehmonlar Janubiy Kaliforniya hamda Los-Anjeles universitetlarining kampus-yotoqxonalariga joylashtiriladi.

Xulosa qilib aytganda, olimpiya oʻyinlariga mezbonlik qilgan shaharlar tajribasi shuni koʻrsatadiki, musobaqadan soʻng olimpiya infratuzilmasidan muvaffaqiyatli foydalanish – obʼektlarni puxta rejalashtirish va shahar hayotiga integratsiyalashuviga bogʻliq. London va Barselona kabi muvaffaqiyatli misollar Olimpiya oʻyinlari obʼektlari shahar infratuzilmasining muhim qismiga aylanishi va mintaqa rivojiga hissa qoʻshishi mumkinligini koʻrsatadi.

Biroq Afina va Rio-de-Janeyro misollari yaxshi boshqaruv muhimligini va olimpiya infratuzilmasi qurilishining uzoq muddatli taʼsirini hisobga olish zarurligini taʼkidlaydi. Mezbon davlatlar moliyaviy yoʻqotishlarga yoʻl qoʻymaslik va olimpiadaning madaniy va sport merosini saqlab qolish uchun oʻyinlardan keyin maydonlardan qanday foydalanishni oldindan rejalashtirishlari kerak.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid