Metro qurilishida soxtakorlikka yoʻl qoʻygan mansabdorlarga jazo tayinlandi
Ular koʻp milliardlik ish hajmlari aslida bajarilmaganligi haqida bila turib, ularni imzolash orqali qabul qilib va moliyalashtirish uchun taqdim etishgan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Mirobod tuman sudida Toshkentdagi yer usti metrosida qurilishida soxtakorlikka yoʻl qoʻygan mansabdorlarga jazo eʼlon qilindi.
Sudlanuvchi Q.Subanov, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ Kapital qurilish direksiyasining ishlab chiqarish boʻlimi qurilish boʻyicha muhandis-texnologi lavozimida ishlab kelgan. U yer usti halqa metro liniyalarining qurilishi 2-bosqichi” obʼektida qurilish-pudrat ishlari amalga oshirilishi yuklatilganidan foydalanib, “Toshkent shahrida yer usti halqa metro liniyalarining qurilishi 2-bosqichi” obʼektida qurilish-montaj ishlarining turlari, hajmlari va qiymatlari hamda sifati loyiha-smeta hujjatlari talablariga muvofiqligini nazorat qilish va qabul qilish uchun masʼul boʻlganligidan qasddan foydalangan.
U “13-Koʻprikqurilish otryadi” boshligʻi oʻrinbosari lavozimida ishlagan A.Qaldibekov bilan oldindan til biriktirib, 2.515.804.542 soʻmlik ish hajmlari bajarilganligi haqida soxta maʼlumotlar va yozuvlarni takroran kiritishgan. Obʼektda qurilish-montaj ishlarining hajmlari va qiymatlari hamda
sifati loyiha-smeta hujjatlari talablariga muvofiqligini nazorat
qilish va qabul qilish uchun masʼul boʻlgan Q.Subanov esa 633-649, 657, 659, 661-sonli tayanch ustunlarni barpo etish boʻyicha 9.343.297.286 soʻmlik ish hajmlari aslida bajarilmaganligi haqida bila turib, ularni imzolash orqali qabul qilib va moliyalashtirish uchun taqdim etgan.
Bundan tashqari, sudlanuvchi Q.Subanov oʻzining jinoiy harakatlarini davom ettirib, yana bir mutasaddi B.Ergashov bilan til biriktirib 6.512.955.092 soʻmlik ish hajmlari aslida bajarilmaganligi haqida bila turib, ularni imzolash orqali qabul qilib va moliyalashtirish
uchun taqdim etishgan.
Sudlanuvchi A.Qaldibekov, B.Ergashev va Q.Subanovlar holat yuzasidan, yuqorida koʻrsatilgan tayanch ustunlari qurilishi moʻljallangan yer maydonlarida fuqarolarga tegishli boʻlgan uy-joy va boshqa obʼektlar mavjud boʻlib, ularni buzish va tayanch ustunlarini qurish texnik imkoniyati mavjud boʻlmaganligini, mazkur tayanch ustunlari qurilishi uchun moʻljallangan qurilish materiallari, yaʼni qum-tosh, shagʻal, sement, metall konstruksiyalarning barchasi korxonalar omborlariga topshirilganligi, biroq hujjatlarda mazkur qurilish materiallari sarflangani va ishlar bajarilgani haqida maʼlumotlar kiritilganligi,
qurilmagan tayanch ustunlari oʻrniga konstruksiyani mustahkamligini oshiruvchi boshqa ishlar amalga oshirilganligi va qurilish obʼektlari davlat komissiyasi tomonidan toʻliq qabul qilib olinganligini bildirishgan.
Fuqaroviy daʼvogarga koʻra ham, texnik imkoniyatlar yoʻqligi sabab yuqorida yozilgan soxtakorlik ishi nihoyasiga yetmagan va jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetmagan.
Yakuniy hukmga koʻra, har uchchala sudlanuvchi reabilitatsiya qilindi va jazodan ozod etildi.