Toshkentda doimiy yashash boʻyicha fuqaro toifalari bekor qilinyapti
Uy olganda, yaqin qarindoshlar va shunga oʻxshash boshqa holatdagi toifalarga barham beriladi.

Ichki ishlar vazirligi 2011 yilda qabul qilingan Toshkent shahri va viloyatida doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olinishi lozim boʻlgan shaxslar – Oʻzbekiston fuqarolari toifalari haqidagi qonunni bekor qilish boʻyicha loyiha tayyorladi.
Unga koʻra, endilikda bunday toifalar bekor qilinadi, barcha fuqarolarga doimiy yashash boʻyicha qoʻyilgan cheklovlar olib tashlanadi. Qonunchilik palatasi deputatlari bu loyihani birinchi oʻqishda qabul qildilar.
Yangi tartibga koʻra, Toshkentga kelgan fuqarolar soddalashtirilgan tartibda turar joyi haqida xabar beradi.
Amaldagi tartibda 12 turdagi toifa bilan poytaxtda roʻyxatda turish cheklangan. Ular quyidagilar:
uy-joyga ega boʻlgan fuqarolar;
- qarindoshlar;
- vasiylik va homiylikdagi shaxslar hamda oilaga tarbiyaga olingan (patronat) bolalar;
- ota-onasi boʻlmagan voyaga yetmagan tugʻishgan aka-uka va opa-singillar, shuningdek mehnatga qobiliyatsiz boʻlgan hamda oʻz oilasi boʻlmagan voyaga yetgan tugʻishgan aka-uka va opa-singillar;
- er (xotin) – xotini (eri);
- Toshkent shahrida doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan fuqarolar;
- Toshkent viloyatida doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan fuqarolar;
- ilgari Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan fuqarolar;
- Oliy Majlis palatalari, Prezident, Vazirlar Mahkamasi tomonidan yoxud Prezident bilan kelishilgan holda lavozimlarga saylangan, tayinlangan, tasdiqlangan fuqarolar, shuningdek ularning oila aʼzolari;
- davlat hokimiyatining vakillik organlariga saylangan fuqarolar, shuningdek ularning oila aʼzolari;
- davlat hokimiyati organlariga, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlariga ishga taklif etilayotgan yuqori malakali mutaxassislar, tor ixtisoslikdagi mutaxassislar tegishli organ yoki tashkilot rahbarining iltimosnomasiga koʻra;
- Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida joylashgan davlat hokimiyati organlarida, davlat boshqaruvi organlarida, xoʻjalik birlashmalarida va boshqa davlat tashkilotlarida besh yil mobaynida uzluksiz mehnat faoliyatini olib borayotgan mutaxassislar (texnik, xizmat koʻrsatuvchi va ishlab chiqarish xodimlaridan tashqari), shuningdek ularning oila aʼzolari;
- uy-joy bilan taʼminlangan harbiy xizmatchilar, shuningdek ularning oila aʼzolari.
Eslatib oʻtamiz, bu loyiha yana 2 oʻqishda qabul qilinishi, keyin Senatga yuborilishi, Senatda tasdiqlanishi va keyin prezident tomonidan imzolanishi kerak boʻladi.