platina.uz
Jamiyat

Tadbirkorlarni jinoiy javobgarlikka tortish yanada liberallashtiriladi

100 million soʻmdan oshiq soliq qarzi bor tadbirkorlar jinoiy javobgarlikka tortiladi. Bu miqdor 2 barobarga oshirilishi taklif etildi. 

Tadbirkorlarni jinoiy javobgarlikka tortish yanada liberallashtiriladi

Prezident va tadbirkorlar ochiq muloqotida tadbirkorlarni jinoiy javobgarlikka tortishni yanada liberallashtirish muhimligi qayd etildi.

Masalan, soliqlarni toʻlashdan boʻyin tovlash, degan jinoyat turi bor. Bunda tadbirkor toʻlamagan soliq 100 million soʻmdan oshsa, jinoyatchi boʻlib qolmoqda.

Shu bois, soliq toʻlamaganlik uchun tadbirkorga jinoyat ishi qoʻzgʻatishga asos boʻladigan miqdorni 2 baravargacha oshirish taklif qilindi.

Prezident tadbirkorlar ushbu berilayotgan yengillikni, bildirilayotgan ishonchni suiisteʼmol qilmasligiga umid bildirdi.

Kredit oldi-berdisida bank ham, tadbirkor ham tavakkal qiladi. Lekin, amaliyotda bankning huquq va vakolatlari tadbirkorga nisbatan ancha koʻproq.

Masalan, kredit vaqtida qaytmasa, garovga qoʻyilgan mulk shartnoma tuzilgan paytdagi qiymatida sotuvga chiqariladi. 3-4 yil oldin kredit olinganda 100 million soʻmga baholangan mulkning bugungi narxi 30-40 foiz qimmatlashsa, uni qanday qilib eski qiymatida sotish mumkin, deya savol qoʻydi Prezident.

“Toʻgʻri, muammoli kredit bilan qattiq shugʻullanish kerak, lekin bu tadbirkorni “tugatish” hisobidan boʻlmasligi zarur”,

- dedi davlat rahbari.

Endilikda garovdagi mulkni savdoga chiqarishdan oldin uning hozirgi bozor qiymati aniqlanadigan, qaytmagan qarzdorlik garov qiymatining 15 foizidan kam boʻlsa undiruv mulkka qaratilmaydigan tizim yaratiladi. Bank mijoziga qarzni boshqa manba hisobidan qoplashga imkon beradi.

Koʻchmas mulk buzilishi boʻyicha kompensatsiya toʻlashda haligacha muammolar borligi qayd etildi.

Hozirda ushbu xarajatlar viloyat byudjeti hisobidan qoplanayapti. Lekin ayrim viloyatlar byudjetida mablagʻ kam qolayotgani uchun tadbirkorning pulini qoplab berish 5-6 yilga choʻzilib ketmoqda.

Endilikda yer savdosidan tushgan mablagʻlar avvalo buzilishlar boʻyicha tadbirkorlardan qarzni soʻndirishga qaratiladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid