Prezident tadbirkorlar bilan ochiq muloqot oʻtkazdi: tafsilotlar
Tadbirkorlar uchun mikrokreditlar miqdori 3 karra oshirilib, 300 million soʻmga yetkaziladi. Bunda kreditning 100 million soʻmgacha boʻlgan qismiga garov talab qilinmaydi.
Nukus shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti boʻlib oʻtdi.
Prezidentdan boshlab Bosh vazir, Bosh vazir oʻrinbosarlari, vazirlar, hokimlar, Savdo-sanoat palatasi, Biznes ombudsman – barcha-barcha rahbarlar yil boʻyi tadbirkor bilan doimiy muloqotda boʻldi, deyiladi xabarda.
Tadbirkorlar koʻtargan 700 dan ortiq masala, tashabbus va yangi loyihalar qoʻllab-quvvatlandi, 8 trillion soʻm qoʻshimcha mablagʻ ajratildi. Sanoat, qishloq xoʻjaligi, xizmatlar rivoji, tadbirkorlik infratuzilmasi uchun yana 18 trillion soʻm yoʻnaltirildi.
Eng muhimi – mahalladagi mikroloyihadan tortib, megaloyihagacha qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yangi tizim yoʻlga qoʻyildi.
Ilgari kredit, bozor topish, infratuzilma bilan bogʻliq muammolar, tinimsiz “tekshir-tekshirlar” sababli 60 foiz yangi tadbirkorlar faoliyati birinchi yilning oʻzidayoq toʻxtab qolar edi.
Hozir esa uch yildan ortiq ishlayotgan korxonalar ulushi 76 foizni tashkil etib, ilk bor 300 mingtaga yetdi. Yana 100 mingdan ziyod shunday yakka tartibdagi tadbirkorlar bor.
Bu yilning oʻzida tadbirkorlarning tovar aylanmasi oʻtgan yilga nisbatan 25 foizga koʻpayib, 986 trillion soʻmga yetdi.
Yillik aylanmasi 10 milliard soʻmdan 100 milliard soʻmgacha boʻlgan oʻrta korxonalar 2 karra koʻpaydi.
Aylanmasi 100 milliard soʻmdan ortiq yirik korxonalar esa 2 ming 200 tadan oshdi. Bu ham oʻtgan yilga nisbatan 2 baravar koʻp boʻldi.
Soliq, bank, moliya, butun iqtisodiyot kompleksi “mahallabay” va “mijozbay” ishlashni boshlagani natijasida oldin zarar bilan ishlagan 16 ming korxona yarim yilda 6,5 trillion soʻm foydaga chiqdi.
Bugungi kunda 100 tadan ortiq ishchisi bor korxonalar 3 mingga yaqinlashib, ulardagi ish oʻrni bir yilda 440 mingga koʻpaydi.
Xususiy sektorda 5 million soʻmdan koʻp maosh oladigan ishchilar 1 milliondan oshdi. Shundan 370 mingi 10 million soʻmdan ziyod oylik oladi.
Bular tadbirkorlar “soyada” ishlashdan koʻra qonuniy faoliyat, sogʻlom raqobatni manfaatli deb bilayotganidan dalolat.
Tadbirkorlik reytingida “A” va “B” – yaxshi toifaga kiruvchi korxonalar 91 mingga koʻpaydi, yana 170 ming korxona “D” – eng yomon toifadan chiqarildi. Buning hisobiga soliq tekshiruvlari oʻtgan yilga nisbatan 2 karra, jumladan, kameral tekshiruvlar 3 karra qisqardi.
Shu davrda yirik soliq toʻlovchilar tushumlari 10 foizga, viloyat darajasidagi korxonalarda 25 foizga, tuman tadbirkorlari toʻlayotgan soliqlar 40 foizga oʻsdi.
Prezident tadbirkorlik uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratish boʻyicha muhim yangi tashabbuslarni ilgari surdi.
Birinchi yoʻnalish – kichik va oʻrta biznes uchun moliyaviy resurslarni koʻpaytirish.
Oʻtgan yili kichik va oʻrta biznesni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash uchun yangi tizim joriy qilingan edi. Bu borada Biznesni rivojlantirish banki va Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi tashkil etilib, yil boshidan 35 mingdan ortiq tadbirkorlarga jami 3,5 trillion soʻm mikrokreditlar ajratildi.
Bundan tashqari, “Biznesga birinchi qadam” dasturi boʻyicha tadbirkorlikni endi boshlayotgan 115 ming aholiga 1 trillion soʻmlik mikroqarzlar berildi.
Endilikda kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlashda barcha banklar va mikromoliya tashkilotlari ishtirok etishi mumkin boʻladi.
Masalan, 100 million soʻmgacha mikrokredit bor-yoʻgʻi 9 foiz tadbirkorlarning ehtiyoji uchun yetarli ekanligi maʼlum boʻldi. Shu bois, mikrokreditlar miqdori 3 karra oshirilib, 300 million soʻmga yetkaziladi. Bunda kreditning 100 million soʻmgacha boʻlgan qismiga garov talab qilinmaydi.
Bu maqsadga bir yilda 10 trillion soʻm beriladi.
Endi Tadbirkorlik kompaniyasining filiali har bir viloyatda tashkil qilinadi. Kompaniya va uning filiallari hududlarda salohiyati bor tadbirkorlarni aniqlaydi.
Mikromoliya bozori uchun yoʻl ochib berildi. Masalan, oʻtgan yetti oyda 91 ta mikromoliya tashkiloti 6,6 trillion soʻmlik moliyaviy xizmatlar koʻrsatdi va yil yakunigacha bu raqam 12 trillion soʻmga yetkaziladi.
Mikromoliya xizmatlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash davom ettiriladi.
Ularga joriy yildagi 1,6 trillion soʻmga qoʻshimcha 1 trillion soʻm resurs ajratiladi.
Shu bilan birga, ustav kapitali kamida 50 milliard soʻm boʻlgan mikromoliya banklarini tashkil etishga ruxsat beriladi.
Ushbu banklar kredit portfelining kamida 70 foizi kichik va oʻrta biznesni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.
Oʻtkazilgan soʻrovda tadbirkorlarning 38 foizi islom moliyasi asosida resurs olish istagini bildirgan.
Oʻtgan oyda mikromoliya tashkilotlariga islomiy shartlar asosida xizmat koʻrsatishga ruxsat berildi.
Tayyorlangan yangi qonun loyihasi qabul qilinsa, islom moliyasi bilan banklar ham ishlashi mumkin boʻladi.
Bu – yangi moliyaviy xizmatlar taqdim etilishi, koʻp investorlar kirib kelishi va 5 milliard dollarlik qoʻshimcha resurs paydo boʻlishiga turtki beradi.
Davlat banklari bergan kreditning 92 trillion soʻmi yoki 30 foizi 10 ta yirik davlat korxonasiga toʻgʻri keladi.
Yirik korxonalar transformatsiya qilinmoqda, moliya bozorlariga mustaqil chiqib, oʻzi mablagʻ jalb qilishga oʻrgatilmoqda.
Masalan, “Uzbekneftegaz”, “Uzavtosanoat” 1 milliard dollardan ortiq yevrobond chiqardi. Navoiy kombinati ham chetdan oʻzi bond olib kelishga tayyorgarlik koʻrmoqda.
Endi davlat jalb qilgan mablagʻlarni yirik korxonalarga berish amaliyotidan bosqichma-bosqich voz kechilishi taʼkidlandi.
Bunday mablagʻlarni berish ikki yil ichida kamida 40 foizga qisqaradi. Banklar buning hisobidan kamida 30 trillion soʻmni xususiy biznesga yoʻnaltiradi.
Endilikda tadbirkor auksiondan yer sotib olganda unga qoʻshilgan qiymat soligʻi hisoblash bekor qilinadi.
Toshkent shahri va viloyat markazlarida sotilgan yer boʻyicha xarid summasini uch yilgacha, qolgan hududlarda besh yilgacha, 4 va 5-toifa tumanlar uchun esa oʻn yilgacha boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat beriladi. Endi tadbirkorlar darhol toʻlov qilaman desa, 20 foizgacha chegirma beriladi.
Yangi yerlarni ajratishda binolarni loyihalashdan obʼektni topshirishgacha boʻlgan muddatlar majburiy koʻrsatiladi.
Bunda qurilish davriga yer soligʻi boʻyicha 50 foiz imtiyoz beriladi (viloyat markazlaridan tashqari). Qurilishga ruxsat olish muddati davlat organi aybi bilan oʻtkazib yuborilsa, qurilish vaqti shu muddatga uzaytirib beriladi. Muddatida boʻlmasa, yer sud orqali qaytarib olinadi yoki boshqa tadbirkorga sotiladi.
Telegramda kuzatib boring!