platina.uz
Jamiyat

Qashqadaryoda 200 dan oshiq oila daromad manbai bilan taʼminlandi

Ularga tikuv mashinalari, sutni qayta ishlovchi qurilmalar taqdim etildi, hovlilarda suv chiqarilib, dehqonchilik uchun sharoit yaratildi. 

Qashqadaryoda 200 dan oshiq oila daromad manbai bilan taʼminlandi

Prezident Xalq qabulxonalari tomonidan hududlarda “Murojaatdan — daromadga” loyihasi amalga oshirilmoqda.

Prezident maslahatchisi oʻrinbosari - Xalq qabulxonasi rahbari Ulugʻbek Muhammadiyev boshchiligida Respublika ishchi guruhi tomonidan Qashqadaryo viloyatidan Prezident Virtual va Xalq qabulxonalariga moddiy yordam masalasida murojaat qilgan ehtiyojmand, ishsiz ayollarga Prezident sovgʻalari – tikuv mashinalari hamda turli uskuna va anjomlar topshirildi.

Jumladan, loyiha asosida Qamashi, Koʻkdala, Chiroqchi, Gʻuzor, Dehqonobod hamda Yakkabogʻ tumanlarida 120 nafardan ziyod xotin-qizlarga tikuv mashinalari va sutni qayta ishlash uskunalari olib berildi.

Tikuv mashinalari ajratilgan har bir murojaatchi oʻz mahallasidagi tajribali yetakchi tadbirkorlarga biriktirilayotgani loyiha hayotiyligi va samaradorligini taʼminlovchi asosiy omildir. Deylik, Gʻuzorning eng chekka hududlaridan biri Taxam qishlogʻida yashovchi Olmagul Elmurodova ham 4 nafar yangi chevarni yoniga olib, faoliyatini yanada kengaytirdi.

Prezident Xalq qabulxonasi koʻmagida Chiroqchining togʻli Taragʻay qishlogʻida ham yangi tikuv sexi ish boshladi. Taragʻaylik ishsiz 10 nafar ayollar Gulchehra Rahmatova bilan kooperatsiya tashkil qilib, mavsumiy liboslar tayyorlashga kirishdi.

“Murojaatdan – daromadga” loyihasi doirasida Qarshi, Kasbi, Nishon tumanlaridagi koʻmakka muhtoj qariyb 40 ta oilaga tomorqasidan yanada samarali foydalanib, daromad olishi uchun quduq va nasoslar ishga tushirildi.

Aytaylik, Nishonning Navbahor mahallasidagi boquvchisini yoʻqotgan Gulsara Shodmonova va ijtimoiy himoyaga muhtoj Oyzira Yangiboyeva tomorqalariga ham suv chiqarildi.

Shuningdek, Dehqonobod, Shahrisabz, Muborak, Kitob, Koson kabi tumanlardagi ehtiyojmand 44 ta oilaga parranda goʻshti va tuxum yetishtirishi uchun tovuqlar yetkazib berildi.

Umuman, birgina “Murojaatdan – daromadga” loyihasi bilan viloyatdagi 200 dan ziyod xonadonning daromad topishi uchun sharoit va imkoniyat yaratildi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid