Prezidentga qariyb 2 mlrd dollarlik loyihalar taqdimot qilindi
Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻistonda yirik energetik loyihalarga start berdi, IT-markaz va Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpogʻiston filialiga bordi.

Prezident Qoraqalpogʻistonga tashrifi davomida qator obʼektlarga bordi.
Oxirgi 7 yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasida 17 trillion 800 milliard soʻmlik 6 ming 784 ta loyiha amalga oshirilgan.
Ularning natijasida 56 mingta ish oʻrni yaratilgan. Shu davrda 2 milliard 815 million dollarlik eksport qilingan. Bu yil respublikada umumiy qiymati 874 million dollarlik 470 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
Bu izchil davom ettirilib, Qoraqalpogʻistonda xorijiy investor va mahalliy tadbirkorlar tomonidan umumiy qiymati 9,5 milliard dollarlik 124 ta loyiha shakllantirilgan. Shundan qariyb 1 milliard 800 million dollarlik 10 tasi davlat rahbariga taqdimot qilindi.
Loyihalarga Xitoy, Saudiya Arabistoni, Germaniya, Rossiya, Ispaniya kabi mamlakatlar kompaniyalari investitsiya kiritmoqda. Ular energetika, issiqlik taʼminoti, togʻ-kon va kimyo sanoati, qurilish materiallari, xizmat koʻrsatish va boshqa tarmoqlarni qamrab olgan.
Masalan, Saudiya Arabistoni bilan hamkorlikda Nukus shahrida markazlashgan issiqlik taʼminoti tizimini yaxshilash, Ispaniya investitsiyasi ishtirokida Qoraoʻzak tumanida quyosh va shamol elektr stansiyalari qurish, germaniyalik investorlar tomonidan Nukus tumanida misni qayta ishlash va kabellar ishlab chiqarish loyihalari rejalashtirilgan.
Mazkur 124 ta loyiha natijasida 20 mingdan ortiq aholi ish bilan taʼminlanadi.
Davlat rahbari ishbilarmonlarga har tomonlama madadkor boʻlib, loyihalarni jadallashtirish muhimligini taʼkidladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida shamol elektr stansiyalari va sanoat korxonalari qurilishi boshlandi, savdo majmualari ishga tushirildi.
Shu munosabat bilan oʻtkazilgan marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻistonning iqtisodiy rivoji haqida soʻzladi.
Buning uchun hududda keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Soʻnggi besh yilda sanoat, tadbirkorlik va infratuzilma sohalarida 50 dan ortiq imtiyoz va yengilliklar berilgan. Xususan, investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri yer ajratish huquqi faqat Qoraqalpogʻistonda joriy qilingan. Qiymati 50 milliard soʻmdan yuqori loyihalarga infratuzilma ham tortib berilmoqda.
Imtiyozlar hisobiga oʻtgan davrda tadbirkorlar ixtiyorida 2 trillion soʻmdan ziyod mablagʻ qolgan.
Hududda ishbilarmonlik infratuzilmasini yaxshilash uchun 44,5 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan. Natijada oxirgi yillarda 25 mingdan ortiq yangi tadbirkorlik subʼekti paydo boʻlgan.
Birgina oʻtgan yilda 345 million dollarlik 1 ming 400 dan ortiq loyiha amalga oshirilib, 10 mingdan ziyod yangi ish oʻrni yaratildi. Joriy yilning birinchi yarmida 730 million dollar xorijiy investitsiya oʻzlashtirildi.
Qoraqalpogʻistonda chet el kapitali bilan tashkil etilgan korxonalar soni ham koʻpayib bormoqda. 2017 yilda 73 ta xorijiy va qoʻshma korxona boʻlgan boʻlsa, bugungi kunda ularning soni 175 taga yetdi.
Hozirda hudud iqtisodiyotiga turtki beruvchi qariyb 9,5 milliard dollarlik 120 dan ortiq yangi yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalar 2025-2028 yillarda bosqichma bosqich ishga tushiriladi. Natijada 20 mingdan ortiq yangi ish oʻrni, 12 trillion soʻmlik ishlab chiqarish quvvati va byudjetga 500 milliard soʻm qoʻshimcha tushum yaratiladi.
Davlat rahbari qurilishi boshlanayotgan va ishga tushirilayotgan majmualarning ahamiyati haqida toʻxtaldi.
Yurtimizdagi iqtisodiy oʻsish surʼatlari energetika sohasida ulkan vazifalarni qoʻymoqda.
Soʻnggi yillarda 2 milliard dollar investitsiya hisobiga quvvati 2,6 gigavatt 10 ta quyosh va shamol stansiyalari ishga tushirildi. Yil yakuniga qadar qoʻshimcha 1,5 gigavatt quvvatlar tarmoqqa ulanib, “yashil” energiya ulushi 15 foizga yetkaziladi.
Bundan tashqari, umumiy qiymati 19 milliard dollar boʻlgan 18,6 gigavattli 32 ta “yashil” loyiha amalga oshirilmoqda.
Prezident bunda Qoraqalpogʻiston Respublikasining hissasi katta ekanini taʼkidladi.
Nufuzli tadqiqot institutlari hisob-kitoblariga koʻra, Qoraqalpogʻistonda 680 gigavatt quyosh, 120 gigavatt shamol energiyasi salohiyati bor.
2030 yilga qadar Qoraqalpogʻistonda 11 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya hisobiga, jami 10,3 gigavatt quvvatga ega 10 ta yirik shamol elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan.
Bu loyihalar toʻliq ishga tushishi hisobiga yiliga 35 milliard kilovatt soat “yashil” energiya olinadi.
Quvvat uzatishda barqarorlikni taʼminlash uchun Qoʻngʻirot, Beruniy va Qoraoʻzak tumanlarida jami 400 megavattli 3 ta elektr energiyasini saqlash tizimi barpo etiladi.
Bugun ushbu loyihalarning bir nechtasi boʻyicha qurilish ishlari boshlanmoqda. Birinchisi, Xitoyning “Sany Renewable” kompaniyasi tomonidan Qoʻngʻirot tumanida quriladigan qiymati 1 milliard 200 million dollarlik, 1 gigavatt quvvatli shamol elektr stansiyasi. Ikkinchisi, Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi bilan hamkorlikda Beruniy va Qoraoʻzak tumanlarida tashkil etiladigan qiymati 250 million dollarlik 100 megavatt elektr energiyasini saqlash tizimiga ega 200 megavatt quvvatli shamol elektr stansiyasi.
Kelgusida ularda yiliga 4 milliard 200 million kilovatt soat yoki 1 million 750 ming xonadonning bir yillik isteʼmoliga teng “yashil” energiya ishlab chiqariladi. Natijada qariyb 1,3 milliard metr kub tabiiy gaz tejaladi va atmosfera zararlanishi qariyb 2 million tonnaga qisqaradi.
Ahamiyatlisi, bu bilan bir paytda Qoʻngʻirot tumanida shamol turbinasi qismlari, minoralari va parraklarini ishlab chiqarish boʻyicha korxonalar qurilishi ham boshlanmoqda. Natijada yiliga 1 000 megavatt quvvatli shamol turbina qismlari va 120 ta minorani ishlab chiqarish mahalliylashtirilib, 100 million dollarlik import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlanadi.
Bundan tashqari, Nukus tumanida 24 million dollar investitsiya hisobiga yiliga 20 million dona isitish radiatorlari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.

Shahar va tumanlarni obod qilish, aholi uchun munosib turmush sharoitlari yaratish masalalari ham eʼtiborda. Shu kunlarda sanoat, qishloq xoʻjaligi, turizm va xizmat koʻrsatish sohalarida 62 million dollarlik 12 ta loyiha ishga tushirilmoqda. Marosimda ulardan ikkitasi – Beruniy tumani va Nukus shahridagi yirik savdo majmualari ochildi.
Davlat rahbari ramziy tugmani bosib, yangi inshootlarning qurilishi va faoliyatini boshlab berdi. Barchani mamlakatimiz iqtisodiyotida katta ahamiyatga ega ushbu loyihalar bilan tabrikladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkining Qoraqalpogʻiston filialini borib koʻrdi.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda axborot texnologiyalari sohasi jadal rivojlanib bormoqda.
Yetti yil oldin yurtimizda IT kompaniyalari soni 147 ta boʻlgan boʻlsa, bugungi kunda 2 mingtadan oshdi. Ularda 30 ming nafar xodim yuqori daromadli ish bilan band. 70 ming nafardan ziyod yoshlar IT bilan mustaqil shugʻullanayapti.
“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida shu sohada eksport hajmini 5 milliard dollarga yetkazish va 300 ming nafar yoshni ish bilan band qilish rejalashtirilgan. Chekka hududlarda ham IT-shaharchalar tashkil etishga kirishilgan.
Xususan, Qoraqalpogʻistonda IT-park rezidentlari soni oʻtgan yil yakuniga nisbatan bugungi kunda uch barobarga oshib, 108 tani tashkil etdi. Ular tomonidan 310 nafar mutaxassis ish bilan taʼminlangan. 2024 yilning birinchi yarmida xizmatlar hajmi 2,4 barobarga, eksport hajmi esa 1,7 barobarga koʻpaydi.
Taʼlim rezidentlari tomonidan 25 ming nafar yosh va davlat xizmatchilari oʻqitilib, malakasi oshirildi. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida onlayn platforma orqali 2023 yilda 18 ming nafar yosh oʻqitilgan boʻlsa, 2024 yilning shu kuniga qadar 29 ming nafar yosh oʻqitildi. Joriy yil 33 mingdan ziyod yoshga taʼlim berish rejalashtirilgan.
Davlat rahbari 2021 yil hududga tashrifi chogʻida IT-park uchun yangi bino qurish boʻyicha koʻrsatma bergan edi. Shunga muvofiq, Nukus shahri markazida 17 qavatli zamonaviy bino bunyod etildi. Bu yerda IT-taʼlim va kovarking markazlari, ofislar, konferensiya zali va xizmat xonalari mavjud.
Shuningdek, binoga IT-park rezidentlari, sohada faoliyat olib borayotgan investorlar, chet ellik autsorsing korxonalar joylashtiriladi.
Ilgari ikki qavatli binoda ochilgan IT-park bugun muhtasham majmuaga koʻchgani rejalar ulkanligidan darak beradi.
Prezidentimizga binoda bajarilgan ishlar, sohadagi natijalar va rejalar haqida axborot berildi.
Masalan, avval AQShning Amazon kompaniyasida ishlagan qoraqalpogʻistonlik Beknazar Abdikamalov yurtiga qaytib, oʻzining HUPO startapiga 4 million dollar sarmoya jalb qilgan. Davlat rahbari u bilan suhbatlashib, tashabbuslarini qoʻllab-quvvatladi.
Davlat rahbari IT-park rezidentlari, axborot texnologiyalari sohasida faoliyat olib borayotgan mutaxassislar bilan muloqot qildi. Yoshlarning fikrlarini tinglab, takliflarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha mutasaddilarga koʻrsatmalar berdi.
– Bu sohada startaplarni hayotga tatbiq etsak, ham tarmoqlarda natijadorlik oshadi, ham davlat xarajati kamayadi, ham yoshlar uchun ish oʻrinlari paydo boʻladi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Binoda UZINFOCOM markazining filiali ham joylashgan. Markaz hudud yoshlarini uStudy dasturi orqali zamonaviy kasblarga oʻqitadi. Malakasi oshirilgan kadrlar oʻz sohasi boʻyicha zamonaviy kompaniyalarga ishga joylashadi.

Prezident barcha hududlarda IT parklar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida shunday koʻp qavatli binolar qurish zarurligini taʼkidladi.
– Ularda muhit shunday boʻlishi kerakki, yoshlar oʻzini erkin his qilsin.
Ovqatlanish, dam olish, sport va boshqa xizmatlar mujassam boʻlsin. Binolar shaharlar markazida, yoshlarga qulay joyda boʻlgani maʼqul, – dedi Prezident.
Mazkur IT-parkni Qoraqalpogʻiston tumanlaridagi maktablar bilan bogʻlab, sohaga qiziqqan yoshlarni oʻqitish, kelgusida yuqori daromadli ishlarga jalb etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Prezident, shuningdek Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpogʻiston filialini borib koʻrdi.
Bu markaz ilgari eski binoda joylashgan edi, bir xonada 4-5 bemor yotar, sanitar xonalar umumiy edi. Zamonaviy uskunalar uchun mos kelmay qolgandi.
Oʻzbekiston Prezidentining 2022 yil 7 iyuldagi “Qoraqalpogʻiston Respublikasida 2022-2024 yillarda aholi salomatligini muhofaza qilishni yanada kuchaytirish toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida tibbiy xizmatlar sifati va qamrovi oshib bormoqda.
Xususan, shu yil fevralda Nukus shahrida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpogʻiston filialining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Bu mustaqillik yillarida Qoraqalpogʻistonda "noldan" qurilgan birinchi koʻp tarmoqli shifoxona boʻldi.
Davlat rahbari bu yerdagi sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
4 qavatli yangi binoda shoshilinch qabul-diagnostika, reanimatsiya, jarrohlik, neyrojarrohlik, travmatologiya, kardiologiya, ginekologiya, pediatriya, laboratoriya tashxisi va amaliyot boʻlimlari joylashgan. Barcha boʻlimlar zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan taʼminlangan.
130 oʻrinli yangi majmuada bemorlar va shifokorlar uchun barcha sharoit yaratilgan. Bir xona ikki kishiga moʻljallangan, alohida sanitar xonalari bor.
Bemor hayotini saqlab qolishda vaqt asosiy oʻrinda turadi. Shu bois markazda bemorlarni kasallik darajasi boʻyicha saralaydigan triaj boʻlimi tashkil etilgan. Yaʼni murojaat qilgan inson vaqt yoʻqotib, sarson boʻlib yurmaydi. Bu yerga shifokorning oʻzi tushib, bemorni qaysi sohada davolash zarurligi boʻyicha xulosa qiladi va kerakli boʻlimlarga yoʻnaltiriladi.
Oldin murojaat qilgan bemorlarning aksariyati shifoxonada yotqizilgan. Endilikda muayyan tibbiy muolajalardan keyin, bemorning holatiga qarab yashash joyida ambulator davolanishga ruxsat beriladi. Shuningdek, ilgari yurak-qon tomir kasalliklari bilan murojaat qilgan bemorlarga oddiy tekshirish usullarida yordam koʻrsatilgan. Endi yangi keltirilgan zamonaviy angiografiya uskunasi insonlar hayotini saqlab qolishda yaxshi samara bermoqda. Oʻlim va nogironlikka olib kelish holatlari keskin kamaydi.
Natijada bugungi kunga qadar Toshkent shahrida oʻtkazib kelingan ayrim murakkab jarrohlik amaliyotlari endilikda shu yerning oʻzida
oʻtkazilmoqda. Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasida ilk marotaba sunʼiy qon aylanish apparati orqali besh nafar bemorning yuragida ochiq jarrohlik amaliyoti olib borildi.
Multispiral kompyuter tomografiyasi, ultratovush, laboratoriya uskunalari kasalliklarga erta tashxis qoʻyish imkonini bermoqda. Telemeditsina orqali uzoqdagi bemorlarni davolashga ham hissa qoʻshilmoqda.
Davlat rahbari shifoxonani samarali boshqarish, amaliyotni oʻqish bilan bogʻlash masalalariga eʼtibor qaratdi.
- Yangi bino va uskunalar ishning bir qismi. Endi markaz faoliyatiga zamonaviy menejmentni joriy qilish kerak. Tibbiyoti rivojlangan mamlakatlardan tajribali shifokorlarni muddatli jalb etish, xorijda mutaxassislar malakasini oshirish maqsadga muvofiq. Umuman, bu markaz ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasidek faoliyat yuritishi zarur, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tuman tibbiyot birlashmalaridagi shifokorlar oʻz ixtisosligi boʻyicha bu yerda malaka oshirib, hududlarda joriy etishi muhimligi taʼkidlandi.
Qayd etish joiz, Qoraqalpogʻistonda 2017-2024 yillarda: “Bir qadam” tamoyili asosida 74 ta oilaviy shifokorlik punkti, 81 ta oilaviy poliklinika, 92 ta mahalla tibbiyot punkti tashkil etildi. Ixtisoslashtirilgan markazlar hududiy filiallarida 150 turdagi yangi texnologiyalar joriy etildi. Yiliga 4500 nafar bemorning Toshkent va chet elga bormasdan yuqori texnologik yordam olish imkoni yaratildi. Toʻrtkoʻl, Qoʻngʻirot va Chimboy tumanlarida qoʻshma shikastlanishlar va oʻtkir qon-tomir kasalliklari markazlari tashkil etilib, yiliga 11 ming nafar bemorga tumanlarning oʻzida shoshilinch va malakali tibbiy yordam koʻrsatilishi taʼminlandi.